(qahramon qidirayotganlarni yana bir marta adashtir(ayot)gan film haqida)
“…sizlar – bir-biringizdan badtar odamlarsiz! Axmoq-mishiqilar… “Uch mushketyor”ni ko‘rib olib, hamma bir kishi uchun, deb o‘ylaysizlar. Agar cho‘ksang, o‘sha yigitlar qutqarib qoladimi?!..
Sizlar hech narsaga ishonmaysizlar!..”
…quyidagi matnda so‘z ketajak film qahramonlaridan biri, Voyaga yetmagan-lar bilan ishlash bo‘limi inspektori Irina Sergeyevnaning (Anastasiya Krasovskaya ijrosida) bir bezoriga, profilaktik suhbat chog‘ida deganlaridan (2-qism, 45-daqiqasi).
Birda a’lo, birda rasvo, xullasi, o‘z maromida o‘tayotgan kunlarimizning birida… “portlash” olashovuri eshitiladi qulog‘imizga. Ammo bugungi “bomba”larni maydonlardan, ko‘chalardan, shaharlardan… emas, balki qo‘limizda o‘zimizdan-da avaylabroq olib yurganimiz, shapaloqday ekranli matohlardan, aniqrog‘i unda to‘r yozgan “o‘rgimchak uyasi”dan topamiz. Yana bunday “mushakbozlik” mualliflari – yozuvchilar, jurnalistlar, dongdor rejissorlar, aktyor-u aktrisalar, qisqasi, tuppa-tuzuk, es-hushi joyida odamlar bo‘lib chiqadi. Va bu safar ham shunday bo‘ldi: feysbuk, instagram, telegram, “You Tube”, qaysiga qarama, barcha-barchasidan ikki so‘z murdaday qalqib chiqib kelaverdi: “Slovo patsana” (“Yigit so‘zi”)… Beparvolarcha, shunchaki telefoning ekranini ohistagina “silab qo‘yib”, o‘tkazib yubormoqchi bo‘lasan, biroq nufuzli nashrlardayam aynan o‘shaning tahlillariga ko‘zing tushgach, o‘ychan turib qolasan. Elimiz iborasicha, tarvuz so‘ysangam ichidan chiqib kelaveradigan bu navbatdagi “trend”ning ham tagiga shaxsan yetmoq istaysan, axiyri: qani, shunchalikmikan?!..
Sakkiz qismli, bor-budi ko‘chadagi “ur-yiqit”lardan iboratdek bu film ostida butun boshli kitob, ya’ni jurnalist Robert Gareyevning 2020-yilda nashrdan chiqqan “Yigit so‘zi. 1970-2010-yillardagi kriminal Tatariston” nomlig‘ asari yotganini bilgach, qiziqishing qat’iy tadqiqqa aylanadi.
Ba’zi haqiqatlar suratlarda, kinolarda ochib berilishi bor gap. Ularni kuzatar ekan, har kim o‘zicha xulosalar yasaydi. Aslida, hayotimiz ham bir kino misolida emasmi: insonlar bir-birini yoqtirishadi, unutishadi, nafratlanadi, so‘ng esa yana qaytadi… Endi maqsadlargina insonlarni o‘zaro yaqin saqlaydi, go‘yo. Sof muhabbat, ta’masiz munosabat, beg‘arazlik tugab bitayozgan bu hayotni “haqiqiy” atash qanchalik to‘g‘ri?!..
2023-yilda yuqori reytingga chiqqan ushbu kinoni (rejissor: Jora Krijovnikov) ko‘rmaganlar kam qoldi. Avval bu kinoning qisqa parchalari yo soundterktiga duch kelaverdik, virtual olamda. Qiziqish uqadar bo‘lmadi, boshda. Sababi oddiy: bunday kinolar deyarli har yili ijtimoiy tarmoqlarda “ko‘z ochishi” va ma’lum vaqt hammaning og‘ziga tushishi – “tabiiy hol” tusini olib bo‘ldi, allaqachon. Birgina oxirgi yillar sarhisobini olsak ham sanashga barmoqlarimiz yetmay qolar: “Patsani”, “Serjan bratan”… (qozoqlar ishlagan); “Alvido, bolalik!”, “Lobar”, “Qora atirgul”, “Maktab”, “Fara Tashkentskiy”… (o‘zimizda ishlangan)… Endi esa, mana, qandaydir “Yigit so‘zi” tillardan tushmay qoldi. Nihoyat, qay birimizni 14 yashar(!) ukamiz aytaverib qiziqtirgan bo‘lsa (holbuki, “18+” belgisidagi bu filmni yoshi 18 ga to‘lmaganlar ham, qizlar ham ko‘rishyapti..?!), qay birimiz o‘zgacha ohangda kuylangan saundtrektidan “sarxush bo‘lib” (Aygel, “Piyala”), muk tushdik. Qaysimiz bir o‘tirishda, qaysimizdir bir necha kunda ko‘rib ham chiqdik. Aytarimiz bu turur:
…birinchi qism ibtidosida uyida pianino chalib o‘tirgan, ingliz tilini yaxshigina biluvchi, algebra kabi murakkab fanlarni ham tuzuk o‘zlashtirgan, 14 yoshli “faol pioner” Andreyning (Leon Kemstach ijrosida) ko‘p o‘tmay bezorilar to‘dasiga ixtiyoriy borib qo‘shilishi… qotgan tasavvurlarni parchalab yuboradi (1-qismning 30-daqiqasi). Basharti, ko‘rib-o‘qib-o‘rganayotganingiz farazlaringizni tubdan buzib, taxminlaringizni ag‘dar-to‘ntar qila boshladimi, bas, u – vaqt sarflashga arziydi! Zotan, qing‘ir yashash oqibatini anglash uchun-da vaqt zarur. Darvoqe, ilk seriya avvalida tosh tegib qonatgan chakkasini changallagan ko‘yi, so‘kingancha avtobusga chiqib kelgan Marat – “kichik Adidas” (Ruzil Minekov ijrosida) nainki jamoat transportiga, balki unga biroz hadik, biroz hurmat, biroz hayronlik aralash qarab turgan “vunderkind” tengdoshi Andrey orqali tomoshabin diqqat markaziga ham kirib kelgan “ko‘cha hayoti” edi.
Shuningdek, kadrlarning, dialoglarning favqulodda hayotiy, ishonarli ekanligi ham ko‘rarmanning ko‘zini uzdirmay qo‘yadi. Deylik, bir barzangi-baquvvati chiqvolib, yoppa bir to‘dani “sochib” tashlamaydi – ko‘pchilikdan yengiladi, baribir. Va o‘z navbatida, yakkama-yakka mushtlashuv payti, hatto boks bo‘yicha chempioni ham, vazni o‘zinikidan og‘ir bo‘lgan, tajribali mushtumzo‘rdan yengilib, yer tishlaydi (“Vova-Adidas” bilan “Demid”ning janggini eslang – 2-qism-ning 28-daqiqasi). Ammo foje’ yo‘qotish-lar ham aynan shu ikkinchi qismdan boshlanadi: birgina orzuchasi hamon eski, pechda qizdiriladigan dazmolni ishlatib qiynalayotgan buvisiga yangi, elektrda qiziydiganini olib berish bo‘lgan bolakay Misha – “Yeralash” (Yaroslav Mogilnikov ijrosida) avtobus kutib turgan joyida, boshqa to‘dadan kelib qolgan oltita so‘laqmon tomonidan tepkilab o‘ldiriladi (2-qismning 42-daqiqasi). Vaholanki, u ikki to‘da – “Xadishnik”lar va “Universam”chilar orasida hech bir “hisob-kitob”lari bo‘lmaydi. Shunchaki, urib o‘ldirishadi, vassalom… Ha, kino ijodkorlari tomoshabinni fojealargacha ko‘p kuttirmaydi. Ikkinchi qism adog‘idayoq o‘zlaricha to‘dalarga ajralib, “asfalt”ni bo‘lvolishgan bu o‘spirinlar hechqanday havas qilib, ergashgulik “qahramon”lar emas, shunchaki ko‘chalarda, bekatlarda, podezdlarda, xarobalarda… itday o‘lib ketaveradigan, o‘z tushunchalarining qurbonlari ekanliklariga ra’d etib bo‘lmas dalil keltiriladi, shu tariqa!
Qolaversa, ikkinchi qism o‘rtalarida boz bittasi to‘-o‘g‘ri harbiy formada, safarxaltalarini ko‘tarib, naqd afg‘on urushidan, kontuziya holida kinoga kirib keladi: Vladimir – “Vova-Adidas” (Ivan Yankovskiy ijrosida)!.. Va uni, dastlab, barcha birday ulkan quvonch ila, baralla quloch yozib qarshi oladi. Tomoshabin ham bir qarashda bu o‘ychan nigohli, adolatparvar siyoqidagi obrazga muxlis bo‘ladi. Ha-da, kelasolib bolalar bilan boladay futbol o‘ynagan, “tatar lotosi” atalmish ko‘cha qimorida bor puli va shuba telpagi shilib ketilgan Andreyning (endilikda “Palto”ning) onasi uchun o‘sha firibgarlarga tikka borgan insonni kim ham xush ko‘rmaydi?! Biroq… u bir tayin, oilasigayam, jamiyatgayam nafi tegadigan ishning yo o‘qishning boshini tutmasdan, “to‘daboshi”likka qaytadi. Qaytib ham ukasi tenggilarga, pul topishimiz kerak, deb, nimani o‘rgatadi: avval yo‘lto‘sarlikni, keyin esa o‘g‘rilangan videomagnitafonda o‘tgan-qaytgan yigitchalarga yashirincha ochvolishgan “videosalon”larida multfilmdan to pornofilmgacha qo‘yib berib, “soqqa ishlaydigan” chayqovchilikni… Holbuki, bekorchilikdan radio eshitib yotganida, otasi – 30 yilki vino zavodida ishlab kelayotgan Kirill Suvorov (Nikita Manes ijrosida) kelib so‘raydi, undan: “…buyog‘iga nima qilishni o‘ylayabsan? Kuni bilan shunaqa yotaverasanmi? Men bilan birga ishlashing mumkin. Yoki institutga qaytasan-mi?.. Volodya, axir, sen – o‘qimishli, yosh yigitsan! Nega tanangni bezorilarga o‘xshab bejab tashlading? Bizni davrimizda bunaqasi faqat bezorilarda bo‘lardi?!..”. Vladimir esa otasining bu samimiy qayg‘urishlariga javoban: “…yo‘q, hozir emas!.. Dada, siz buni tushunmaysiz, bu urishishga arzimaydi!..”, deb qo‘ya qoladi, xolos (3-qismning 4-5-daqiqalari). Tamom, shu bo‘yicha qaytib suhbat bo‘lmaydi oilada, bu mavzuda. Obrazlar xarakterini bir chetga surib, mantiqan mulohaza yuritsak, shu o‘rinda: xo‘p, rus-afg‘on urushida qatnashib qaytganlarda shunday xafsalasizlik, ishonchsizlik, yashashga ishtiyoqsizlik, xullas, arosat bir kayfiyat muallaq qotgan ham deylik, ammo ularning barchasiyam bezorimi-yo‘lto‘sar bo‘lib o‘tishmagan-ku, hayotlarida!?.. Masalan, o‘zimiz ham nechtasini taniymiz, bilamiz “afganes”larning. Qishlog‘imizdayam bor, hatto – Ramazon aka, Bekpo‘lat aka…lar, misol uchun: halol mehnatda ro‘zg‘or tebratib kelishayotir, oilasi, nevaralarigacha bor… Shu axmoqona urushda orttirgan iztiroblarini ijodga burib, yaxshigina asarlar yozib kelayotgan, taniqli yozuvchi-shoirlarimiz-dan ham boxabarmiz: Qo‘chqor Norqobil, Nabi Jaloliddin… Xo‘sh, nega ular “ko‘ndalang” tarzdagi, takasaltang-bezori hayotni tanlashmadi?!..
Haytovur, “Adidas”ning hayotiga bo‘lakcha bir nur o‘laroq Natasha (Yelizaveta Baz’kina ijrosida) – shifokor qiz kirib kelgach, u ham barcha qatori hayotini o‘nglashga urinib ko‘radi: to‘dadan ketadi, o‘gay onasiga (Svetlana Smirnova ijrosida) taksofondan sim qoqib, oilasidan xabar oladi, militsionerning bir nomardligi sababidan yubiley kechasiga it ham kelmagan otasini tabriklash uchun, qidiruvdaligiga qaramay, banketlar zaliga yakkash kirib boradi va katta zalni aylantirib bezatilgan stollar to‘rida yolg‘iz o‘tirgan dadasini tug‘ilgan kuni bilan qutlaydi… Garchi, otasi o‘sha joyda undan voz kechgan esa ham: “…qotil menga o‘g‘il emas! Ket!..” (8-qismning 46-daqiqasi). Xo‘sh, shu joyi biroz bahslidek tuyuladi: axir, Vladimir, o‘g‘rilanib-zo‘rlangan hamda ko‘p o‘tmay xudkushlik qilajak, 14 yoshli qizaloq – Aygul (Anna Peresild ijrosida) uchun qasd olmadimi? “Vova”ning butun film davomida og‘iz to‘ldirib oqlashga, yo‘q, olqishlashga munosib yagona qarori shudir, ehtimol?.. Unda otasi, nima, qizishib ketdimi? 60 yoshini yolg‘iz “nishonlayotgan”i alamiga jahl qildimi to‘ng‘ichiga?.. Xay, otasi-ku qotillik yuz bergan lahzalarda – “Volodya”si o‘sha maqtuliga to‘pponcha o‘qtalib o‘tirganda, tepasida turmagandi, ko‘rmagan edi va shuning uchunam unga ishonmadi…, deylik ham. Biroq biz – tomoshabin o‘laroq bariga guvohmiz-ku: sal oldinroq “Malla” (Andrey Maksimov ijrosida) uni tiz cho‘kdirib, ukasi bilan to‘dasining oldi yigitlaridan sanalmish “Zima” (Lev Zul’karnayev ijrosida) ko‘z oldida, hammaga eshittirib kechirim so‘ratmaganmidi (5-qism, 42-daqiqasida)?.. To‘g‘ri, “Malla” g‘irromlik qildi – lafz qilganidek ikki-uch kishi bo‘lib emas, butun to‘dasini pistirmaga qo‘yib, kutib oldi. Ukasi Maratni majruh qilib qo‘yish xavfi boisidan kechirim so‘rattirdi. Va bularning bari uchun “Malla”ni o‘n qayta otib tashlansa ham arzir. AMMO… nega unda Vladimir “Malla”ga to‘pponcha to‘g‘rilab… o‘zidan kechirim so‘rattirmoqchi bo‘ldi – shundoqqina ortidagi stullarning birida abgor-u badnom o‘tirgan Ayguldan emas (5-qismning 50-daqi-qasida)..?..!.. Chindanam u xo‘rlangan qizning qasosini oldimi yo o‘zining alamini?..
Hazrat Ali (r.a) muhorabalarning birida dushman bilan uzoq olishadi. Oxiri, uning qilichini urib tushiradi va endi ko‘ksiga zulfiqorini sanchayotganda, dushmani yotgan joyida u zotning muborak yuzlariga tupurib yuboradi. Shunda hazrat Ali (r.a) qurolini tushirib, yuzlarini artgancha, indamay ketaveradi. Taajjublangan dushman, ey, Ali, meni o‘ldirish uchun qancha jang qilding, nega endi tirik tashlab ketayabsan, deb so‘rasa, Abu Turob (payg‘ambarimiz alayhissalom ul zotni shunday chaqirganlar): “…seni Alloh roziligi uchun o‘ldirmoqchi edim, lekin yuzimga tupurganingdan so‘ng qilich sanchganimda – o‘zim uchun o‘ldirgan bo‘lib qolardim!”, deya javob bergan ekanlar. Hamda bu javobdan mutaassir bo‘lgan o‘sha mardum islomga ixlosi oshib, musulmon bo‘ladi, o‘shandayoq… Ana shunday, Vova, mardlik – yotganni tepkilamaslikkina emas, balki yotganni jahling chiqqani uchungina o‘ldirishdan o‘zingni tiya olmog‘ing hamdur!..
Endi kinoning nozik ishtirokchilariga, ya’ni ayol-qizlarga ham qisqacha to‘xtalsak. Ko‘chalarda xuddiki “qahramon”dek kun o‘tkazayotgan o‘smirlarni o‘ylayverib-o‘ylayverib, ularning yaqinlari, eng avvalo, ayollar ado bo‘lishadi, birin-ketin: “Yeralash”ning mehribon buvisini (Lidiya Il’yina ijrosida) nevarasi-ni ko‘rsatish uchun shifoxonaga, aslan MORG-ga chaqirishganida, hech nimadan bexabar, sho‘rlik buvi, qorniyam ochib ketgandir Mishamning, deb, bankada sho‘rva isitib boradi… Va qorong‘ida, militsioner yetovida, bankadagi sho‘rvani qo‘ltiqlabgina, kirib ketadi o‘likxonaga… (3-qism).
“Palto”ning onasi Sveta Mixaylova (Velina Luk’yanova ijrosida), yolg‘iz boshi bilan ikki farzandini – 14 yoshli o‘g‘li Andrey va besh yashar qizalog‘i Yulyani boqayotgan beva. U farzandlarini qo‘lidan kelgunicha parvarish qilib, o‘qitayotgandi. Ayniqsa, o‘g‘lidan umidlari katta edi: uni musiqa maktabiga bergandi – haydaldi, Suvorov nomidagi Qozon harbiylar tayyorlash oliygohiga olib bordi – suhbatdayoq quvildi, “yaxshi do‘stlar” topganidan quvongandi – o‘g‘ri-kissavurlar bo‘lib chiqdi bari… Oqibatda aqldan ozib, manzili ruhiy kasallar shifoxonasi bo‘ldi, bechora ayolning!..
Uning kichkina qizalog‘i Yulya (Varvara Kuprina ijrosida), sariq sochli, “quyoshcha”ga o‘xshaydi. U hali beg‘ubor, muzqaymoqdan ham quvonchi dunyolarga sig‘may ketadigan go‘dak edi. Akasining ishlaridan xabari yo‘q, onasining esa ahvolidan. Uni onasi ahyon-ahyonda ko‘chalarda ham unitib qoldirdi. Akasi qamalganidan so‘ng esa uni Voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘limi xodimasi vasiylikka oldi. Zotan, u arzir edi, baxtli bolalikka!..
Natasha… Shifokor qiz… Kino tugayotgani-da, loaqal shu qizning baxtli yakuniga umid qiladi, kishi. Afsuski, uning hayotidayam katta burilish bo‘ldi… Juda katta… U ishongan, sevgan va kurashgan edi ham… Hayotida birinchi marta aldash zavqini ham totgandi, muhabbatiga yetishish yo‘lida (8-qism)…
Endigi qizaloq haqida yozish aychayin og‘ir – Aygul… U norasida edi. U ham farzand edi. Ajoyib skripka chalardi. Ko‘zlarida hali nafosat, qalbida esa bahor gullardi. U shunchaki ishondi. Oxirgi onlarda ham ishondi… Kutdi… Ammo uni zo‘rlashdi. So‘ngra undan hazar qilib, davralardan quvib solishdi. Shu holidayam uni degani uchun Maratniyam ayab o‘tirishmadi. Quvg‘in qilishdi, ikkoviniyam. Isnod tinimsiz ta’qib etardi uni. Darslardayam oxirigacha o‘tirolmay, vaqtliroq qayta-digan bo‘ldi uyiga. Shunday barvaqt maktabdan qaytgan kunlarining birida onasi ovqat qo‘ydi oldiga, zarda bilan. Yegisi kelmayotganini aytdi. Onasi esa aynan o‘sha zardasi bilan ovqatni oborib, unitazga bo‘shatib keldi. Va Aygul shartta o‘rnidan turib, balkonga o‘tdi. Pardalarni surib, derazani ochdi. Raxda turib, avval pastga, keyin ro‘parasiga – kameraga qaradi… Beshinchi qavatda edi, uylari… Derazadan o‘zini tashlayotganida, barchasidan xalos bo‘lishni istardi, go‘yo… Na otasi, na onasi, na yaqinlari uning qo‘lidan tutib qola olmadi (6-qism)…
Kino urishlar bilan boshlandi. Urishlar bilan tugadi. Qurbonlar esa oddiy, juda oddiy – bolalar bo‘ldi!.. Ko‘zga yosh keladigan sahnalari, ayanchli joylari talaygina. Afsuski, bunaqa joylarini hozirgi o‘smirlar “ko‘rishmayabdi”… Shunchaki, “ur-sur” sahnalaridan “maza” qilishmoqda…
“Yigit so‘zi” kinosida deyarli o‘smir yoshdagi bolalar ishtirok etgan. Kinodan asil maqsad ham shu o‘zi – o‘smirlarning bu yo‘li davom etmasliklari, oxirgi nuqtada kimlarnidir yo‘qotishi va o‘z umrlarini zoye ketkazishi-ga qaratilgan. Ammo hozirda kinoni ko‘rgan yoshlar uni umuman boshqacha qabul qilishyapti, ya’ni o‘zlaridan “yigitlar”ni yasab olib, ko‘chalarida guruhlar tashkil qilishga tushib ketishgan. Kinoning noto‘g‘ri talqini sababli kino ham tanqidlarga qoldi: Tataristonda mahalliy noroziliklar sababli hukumat bu kinoni Qozon shahrida suratga olishlariga ruxsat bermadi – noiloj kinoni Rossiyaning Yaroslavl shahrida olishdi; qismlari ommaga taqdim etila boshlangach, Rossiyaning ayrim deputatlari, mutasaddilari ham filmni federatsiyada qo‘ymasliklarini talab qilishga tushishdi; endilikda qo‘shni Qozog‘is-ton hudududa ham uni ko‘rish ta’qiqlandi…
Bizda esa…
Har ijtimoiy tarmoqdan kino haqidagi “izoh”larni o‘qirkanmiz, xuddiki, och qoringa yemak yegandek, o‘smirlar fikrlari ham telba-teskari bo‘lib yotganini ko‘ramiz. Shuncha ibratli kadrlari qolib, ota-onalarning bezori bolasiga qarata aytgan qancha tarbiyasini to‘g‘rilashga oid so‘zlari qolib, bir-birini “chushpan”, deb haqoratlashnigina o‘rganvolishgani yanayam hayratlanarli. Ularni kuzatib turib, kino davomida yangragan neki haqorat, so‘kish, jargon so‘zlar bo‘lsa, “lug‘at”lariga boricha ko‘chib o‘tganini ko‘rish mumkin. Lekin, aniqki, mana bu so‘zlarni kim, kimga, nima uchun va nechchinchi qismining qaysi daqiqalarida aytganini eslay olishmaydi: “…Men o‘ttiz yil halol ishladim. Butun umr ishladim!.. Sen esa… Nimaga, a? Keyinchalik yuzimni yerga qaratishing uchunmi?!.. Nima, men… o‘g‘rini otasimanmi?!.. Yo‘q, tushuntir, nimaga men bezorini otasi bo‘ldim?!.. Nima, seni yedirmadimmi, kiyintirmadimmi seni?.. Kimdan kam qildim? O‘yinchog‘ing yo‘qmidi? Pul bermadimmi? Yoki yeyishga ovqating yo‘qmidi?.. Onang yuragini ushlab o‘tiribdi!.. Men… direktorni xonasida yarim kun tiz cho‘kib o‘tirdim – ustingdan ariza yozmasligini so‘rab!.. Senga yana nima yetishmaydi?.. Odamlarning oldida yuzing yerga qaramasligini xohlayman, o‘g‘lim!.. Qayerda adashdim?.. Mazza qilib, voleybol o‘ynardik. Esingdami, Peonerlar lagerida qolishni xohlamaganingda, borib seni olib ketgandim. Ilmiy tekshirish stansiyasiga borgandik. Oyoqkiyimingni tushirib qo‘yganding, qidirib suvda suzganmiz… Qayerda qoqildim ekan? Qaysi gunohim uchun bular?..” (3-qism, 35-41-daqiqalar – o‘qituvchisining telpagini olib qochgan Maratga otasining deganlari).
Darhaqiqat, uylarida osig‘liq birgina qandil narxi 200 rubl bo‘lgan, to‘kis hayotda, ziyoli, halol oilada tug‘ilib-o‘sgan Marat, Vladimir, Iskender…lar nimaga muhtoj ediki, pana-pastqamda o‘tganning o‘rog‘iga, ketganning ketmoniga yopishadi?.. Bundan chiqadiki, u davrlarda, ya’nikim o‘tgan asrning 80-90-yil-larida podsovet mamlakatlar jamiyatida erkaklar, shartli ravishda, to‘rt toifaga ajratilgan:
- “Yigit”lar – faqat o‘z qoidalari bilan yashovchi, muayyan bir to‘dalarga bo‘linib, ma’lum bir hududlarga “ega” chiqqan, birgina o‘zlarini “odam” hisoblovchilar;
- “Chushpan”lar – birorta to‘daga mansub bo‘lmagan yoxud qachonlardir quvilgan, qo‘l berib salomlashishgayam, gapini eshitishgayam noloyiq bo‘lganlar;
- “Xit”lar – “yigit”larning doimiy muxolifo-ti, “yigit so‘zi” qarshisiga hadeb qonun so‘zini qo‘yaverib, “odamday yashash”ga bermovchi organ xodimlari;
- Otalar…
Shularning birinchisi “Yigitlar” – ko‘chalarning tojsiz “qirol”lari, nafaqat shu ko‘chalarda yashovchi aholiga, borki jumhuriyatga boshog‘riq bo‘lishgan. “Tojdor”liklarining tasdig‘i sifatida hududlaridan ulovda o‘tuvchi shafyorlardan “tovon puli” olishgan, tadbirkorlardan esa “cho‘tal puli” undirishgan… Va ularga qarshi hamma zamon-u makonlarda ham qattiq kurash borgan. Jumladan, asrimizda ham bardavom kelayotir. O‘tgan 2023-yil adog‘ida Toshkentda, Farg‘onada bir sidra ko‘chalarni bunday uyushgan to‘dalardan “tozalash” ishlari kechdi: “Baxti Tashkentskiy”sidan tortib, “Salimboy”igacha oborib tiqishdi.
“O‘zini “ko‘cha” deb ataydigan jinoiy guruhlar bo‘ladimi, korrupsiyaga berilgan mansabdor shaxslar bo‘ladimi, kim qonunga bepisand qarab, davlat va jamiyatga zarar yetkazadigan bo‘lsa, biz bunga hech qachon jim qarab turolmaymiz.
Ko‘chalarimiz, mahallarimiz, hayotimiz tom ma’noda tinch va toza, jinoyatdan xoli bo‘lishi kerak.
Yangi O‘zbekistonda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar bo‘lishi shart. Va albatta, shunday bo‘ladi”, dedi prezident, o‘sha kunlarda.
Har qanday kino yoki boshqa bironta voqeani ko‘rish bu butun olamga jar solib, o‘z-o‘zidan unga “o‘xshatma” yasab olish kerak, degani emas! Har bir inson o‘z qarashlari bilan ulg‘ayishi, fikrlashi, so‘z yuritmog‘i darkor.
“Yigit so‘zi” – jinoiy guruhbozlik qanday oqibatlarga olib borishini yaqin o‘tmishdagi hujjatli misollar, hayotiy qismatlar vositasida ko‘rsatib berish uchun ishlangan bir filmki, to‘g‘ri idrok etish zarur buni. Taassufki, uni ko‘rayotgan o‘spirinlarimiz boz bir karra “Stokxolm sindromi”ga – talonchini yoqdirib qolish “kasali”ga giriftor bo‘lishmoqda. Buni – “medianing kuchi”, deyishyapti, tarmoq faollari. Qisman, ha. Biroq, bizningcha, bu – san’atning, so‘zning, mahorat va ijroning mushtarak bir ta’siri!
1936-yili AQSHda Margaret Mitchellning bosh qahramoni Skarlett ismli ayol bo‘lgan “Shamollarda qolgan hislarim” kitobi chop etiladi. Asar uch yilgina vaqt mobaynida 48 qayta nashr etiladi, qo‘shma shtatlarda. “Bestseller”likda Tolstoyning “Urush va tinchlik”iga tenglashadi. Bir oqshom yozuvchining eshigi shoshilinch taqqillaydi. Margaret chiqib qarasa, mast-alast yigit-qizlar to‘planib turishibdi, ostonada:
–…uzr, xonim, bir masala ustida tortishib qolgandik. Shunga sizdan aniq bir javobni bi-lish uchun keldik. Aytingchi, Skarlettning bo-lasi… Red Badlerdanmi yo boshqasidanmi?..
Asablari chatnab, eshikni qarsillatib yopgan adiba, keyinchalik, intervyu berayotib, shu voqeani eslaydi va aytadiki: “…Skarlett – yengiltabiat ayol! Afsuski, kitobxonlar uni o‘ta ideallashtirib yuborishdi…”.
“Shaytanat”ni eslang yoki… Dastlab kitobi yozilib, keyinroq kinosi ishlangan yillari yurtimizda Asadbek, Elchin ismli chaqaloqlar ko‘paymagan edimi?! Rahmatli yozuvchimiz Tohir Malik ham bir suhbatida: “…Asadbekni yoqdirib qoldi odamlar, negadir. Axir, u – salbiy obraz-ku!”, deydi. Eslayman, o‘sha yillari hattoki bir hamsoyamiz endigina yorug‘ dunyoni ko‘rgan o‘g‘liga Hosil deb ism qo‘ygandi. Chaqaloq qiynalib, ko‘p aziyat tortavergach, o‘zgartirishgandi ismini…
“Yigit so‘zi”dagi yigitchalarni bag‘ritosh deb bo‘lmaydi, albatta. Yaxshi fazilatlari ham yo‘q emas, ularning. Inchinun, Andreyning onasiga telpak opkelib berishgani (o‘g‘rilab bo‘lsayam), yo‘qolib qolgan jajji Yulyani tarqalib qidirishgani va topib kelishgani, Mishaning momosi MORGda bor ovozi bilan baqirib yuborganda, lablarini mah-hkam qimtib, unsiz yig‘lashgani, va’da berdimi – bajarishlari, sotqinlikdan nafratlanishlari, onalarni muqaddas bilishlari va avaylashlari, harchand mushtumzo‘r bo‘lishsa-da otalaridan hayiqishlari… tahsinga loyiq!.. Faqat, baribir, taqdirlari ayanch barchasining. E-eng “omon qolgani” ham – 24 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan yo bedarak yo‘qolgan. Boshqalarini esa… uylarigacha bostirib kirishib, bolalariniyam qo‘shib otib ketishgacha borishgan (6-qismning 16-daqiqasida arxiv hujjatlari bo‘yicha filmdagi o‘smirlarning prototiplari hayoti qanday yakun topgani birma-bir ko‘rsatiladi… Shunchaki, daxshatli!..).
Indallo, “Yigit so‘zi” bu faqat yelkada magnitafon, unda vadavang kuylayotgan, go‘ring nurga to‘lgur Yuriy Shatunov, diskoteka, qizlar, birgalashib video ko‘rish, o‘zaro hazillashib-xoxolashish… emas! “Yigit so‘zi” – hayotdan bevaqt, izsiz, nom-nishonsiz, sharafsiz, roziliklarsiz… o‘chib ketish, degani!..
Madina ERKINOVA