Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabida o‘g‘il bola o‘quvchilarning ommaviy ravishda sochini olish “tadbiri” o‘tkazilgan. Ommaviy axborot vositalarida esa holat bugun, 23-fevral kuni bo‘lgani qayd etilgan.
Manbaga ko‘ra, maktab direktori Nurqobil Yusupov tashabbusi bilan maktabga sartarosh chaqirilgan hamda turli sinflardan o‘g‘il bola o‘quvchilar sport zalga yig‘ilib, sochi olingan. Jarayonni milliy gvardiya xodimlari ham kuzatib turgan.
Navoiy viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi matbuot kotibi Ramazon Kubayevning ta’kidlashicha, milliy gvardiya xodimlari maktab direktorining bu tashabbusiga qarshi bo‘lishgan.
“Biriktirilgan xodimlarimiz davomat nazorati uchun maktabga borganida ushbu holatning ustidan chiqishgan. Bu, albatta, mumkin emas. Shu sababli maktab direktoriga jarayonni to‘xtatishni hamda o‘quvchilarni darsga qaytarishni aytishgan”, deydi Ramazon Kubayev.
Oldinroq Navoiy shahridagi 6-umumta’lim maktabida o‘qituvchi bolalarning ota-onalariga videomurojaat yo‘llab, maktabga krossovka kiyib kelish mumkin emasligini aytgandi. Vazirlik esa ta’lim muassasalarida oyoq kiyim, aynan krossovka bilan bog‘liq biror bir cheklov yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Yuqoridagi holatga jamoatchilik faoli, Rasul Kusherbayev ham quyidagicha izoh bergan:
Maktab qamoqxona emas!
Navoiydagi maktabda bolalarning sochlari majburiy ommaviy olinishi “Bola huquqlari toʻgʻrisida”gi konvensiyaning buzilishi hisoblanadi.
Afsuski “Milliy gvardiya” ham maktablarga qamoqxona qiyofasini bermoqda.
Holat bo‘yicha Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.
«Maktab ma’muriyati tomonidan bunday harakatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Birinchi navbatda, bu umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining odob-ahloq qoidalariga zid. Muhimi esa, bu bolaning Konstitutsiyada kafolatlangan shaxsiy daxlsizlik huquqi hamda uning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga tahdid soladi. Mazkur harakatga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan tegishli chora ko‘rilishi zarur», — deb ta’kidladi Bolalar ombudsmani.
Endigi navbat Navoiy viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga. Boshqarma ham holatga izoh berdi.
«Ushbu holat boshqarma tomonidan nazoratga olingan. Boshqarma Navoiy shahridagi 2-umumta’lim maktabi direktori o‘g‘il bola o‘quvchilarning sochini oldirganini oqlamaydi. Pedagog xodimlar o‘quvchilarga professional darajada ta’lim va tarbiya berishi, pedagogik etikaga rioya etishi, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi lozimligi qonunchilikda ta’kidlangan.
Maktab rahbarining o‘quvchilar bilan bunday munosabatda bo‘lishi pedagogik etikaga ziddir. Ushbu holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli chora ko‘rilishi ta’minlanadi», deyiladi viloyat boshqarma bayonotida.
Elstib o’tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qarori bilan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun zamonaviy yagona maktab formasini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.
Nizomda o‘quvchining tashqi ko‘rinishiga bo‘lgan talablar keltirib o‘tilgan. Barcha ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘quv yilining boshida ushbu talablar bilan tanishtirilgan holda, o‘quv yili davomida o‘z farzandining Nizom talablariga mos ravishda umumta’lim maktablariga kelishini ta’minlashga mas’ul hisoblanadilar, deyiladi vazirlik ma’lumotida.