Fargʻona viloyatining Rishton tumani elektr tarmoqlari korxonasida boʻlim boshligʻi lavozimida ishlovchi shaxs yakka tartibdagi tadbirkorning kulolchilikka ixtisoslashgan ustaxonasi elektr tarmogʻiga noqonuniy ulanganligi bois, unga nisbatan rasmiylashtirilgan dalolatnoma boʻyicha 2 mlrd. soʻm miqdorida jarima solinishi mumkinligini aytib, ushbu jarimani kamaytirib berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻidan 6600 AQSH dollarini pora sifatida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hamkorlikda oʻtkazilgan yana bir tezkor tadbirda esa, Margʻilon shahar Nadirmat mahalla fuqarolar yigʻinidagi hokim yordamchisi tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga Fargʻona shahar Qirguli mavzesida joylashgan 0,5 sotix boʻsh yer maydonini “Ye-auksion” platformasi orqali yutib, kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Jizzax viloyatida kuzatilgan holatda, Sharof Rashidov tumani Ichki ishlar boʻlimi Vaqtincha saqlash hibsxonasi boshligʻi hozirda ayblov eʼlon qilinib, mazkur hibsxonada saqlanayotgan shaxsga nisbatan jinoyat ishini koʻrib chiqayotgan sudya tomonidan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlanishida yordam berish evaziga 10 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻidan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur mansabdor shaxs muqaddam oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, hibsxonada saqlanayotgan ushbu fuqaroning oila-aʼzolari bilan uchrashishi hamda uyidan olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlarining kiritilishi uchun ruxsat berish evaziga 400 AQSH dolari olganligi ham maʼlum boʻldi.
Milliy Gvardiyaning Samarqand viloyati Ishtixon tumanlararo Qoʻriqlash boʻlimi xodimi mahalliy fuqaroga nisbatan ichki ishlar organlari tomonidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qism “v” bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 1,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarning barchasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.