Joriy yilning 1-mart kuni soat taxminan, 13:00 larda Toshkent viloyati, Zangiota tumani, “Bogʻishamol” MFYdagi 4-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida xizmat vazifasini bajarayotgan Milliy gvardiya xodimi va 20 yoshli yigit o’rtasida janjal yuzaga keladi. Bu haqida Milliy gvardiya matbuot xizmati xabar berdi.
Holat quyidagicha yuzaga kelgan.
Milliy gvardiya xodimi yuqori sinf oʻquvchilarining maktabni orqa taraf hovlisida oʻzaro janjallashayotganini koʻrib qolib holatni bartaraf etish jarayoni vaqtida mahallaning profilaktika inspektori ham yetib kelib Milliy gvardiya xodimi bilan birgalikda oʻquvchilarni tinchlantirishga kirishishida, ushbu maktabning 10-sinf oʻquvchisi M.B ning chaqiruvi bilan tashqaridan yetib kelgan akasi hamda uning ikkita sheriklari esa xodimlarning ogohlantirishiga qaramasdan janjalga aralashib ketishadi. Taraflarning xatti-harakatlarini va qarshiliklarini toʻxtatish chorasini koʻrgan Milliy gvardiya xodimiga shu joyda tan jarohati yetkaziladi.
Shundan soʻng, maktabdagi tashvish tugmasi orqali Qoʻriqlash tezkor guruhi chaqiriladi. Zudlik bilan yetib kelgan Qoʻriqlash tezkor guruhi tomonidan holat toʻliq bartaraf etiladi. Milliy gvardiya xodimining xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik qilganlar esa qoʻlga olinib, tuman ichki ishlar boʻlimiga topshiriladi.
Dastlabki surishtiruv ishlari davomida tashqaridan maktab hududiga kirib, janjalga aralashgan va xodimlarga faol qarshilik koʻrsatgan fuqaro ushbu maktabning 10-sinf oʻquvchisi M.B ning akasi, Toshkent viloyati Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli I.Boqiyev ekanligi maʼlum boʻlgan.
Hozirda, mazkur holat boʻyicha Zangiota tuman prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʻrsatish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va fuqaro I.Boqiyev JPKning 221-moddasi asosida ushlanib, unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal qilinmoqda.
Shuningdek, voqea yuzasidan jinoyatga aloqador boʻlgan boshqa shaxslarni aniqlash borasida ham tergov harakatlari davom ettirilmoqda.