foto: sputnik nashri
Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranzit hajmini 2026-yildan boshlab avvalroq rejalashtirilgan yiliga 3 mrld kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Energetika vazirligiga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, 2026-yildan boshlab O‘zbekistonga gaz tranziti hajmini to‘rt barobarga — 11 milliard kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan.
“O‘ztransgaz” Rossiyadan gaz importini oshirish maqsadida magistral gaz quvurlarini modernizatsiya qilish dasturini amalga oshiradi. Buni amalga oshirish uchun birinchi bosqichda 2024—2030-yillarda 500 million dollar ajratish rejalashtirilgan. Shu orqali tabiiy gaz qabul qilishni kuniga 32 million kub metrgacha oshirish ko‘zda tutilgan. Loyiha xorijiy kreditlar hisobidan moliyalashtiriladi.
“Gazprom” O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan 2024-yilda o‘rta muddatli 15 yillik shartnomalar tuzadi. MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy sammitidan so‘ng Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari 26-dekabr kuni kechqurun Sankt-Peterburgda gaz sohasidagi hamkorlikni alohida muhokama qildi.
- 27-dekabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va “Gazprom” rahbari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
- 1-noyabr kuni xalqaro gaz forumida Qozog‘iston hukumati va “Gazprom” o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik bo‘yicha uzoq muddatli, 15 yilgacha mo‘ljallangan rejalarni amalga oshirish bo‘yicha strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
- 7-oktyabr kuni Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Rossiya tabiiy gazini Qozog‘iston hududi orqali “Markaziy Osiyo – Markaz” gaz quvuri orqali O‘zbekistonga tranzit qilishni boshladi. Rossiya gazi O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit yo‘l bilan kiradi, yoqilg‘ining bir qismi Qozog‘istonda qoladi.
Eslatib o’tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida “Gazprom” rahbari Aleksey Miller Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 2024-yil o‘rtalariga qadar 15 yilga gaz yetkazib berish va tranzit bo‘yicha hamkorlik majburiyatlari to‘g‘risida kelishib olishni rejalashtirayotganini aytgandi.