Insoniyat onggi o‘sgani sari uning ehtiyoji ham ortib boraveradi yoki aksincha, ortiq ehtiyoj sezmay qo‘yadi, hech narsaga. Deylik, tabiiy resurslarga bo‘lgan ehtiyojni endi inkor etib bo‘lmas. Bugun yurtimizda elektr-energetikasiga bo‘lgan talab ham ishlab chiqarish hajmiga ko‘ra bir necha barobar ortdi. Uning qimmatlashishi, yetkazib berishdagi muammolar esa albatta, oddiy aholini qiymanasdan qo‘ymaydi. Ayniqsa, har qish mavsumi xalqimizda bu boradagi sanoqsiz savollar javobsiz qolaveradi. Va oqibat, o‘sha-o‘sha, tang vaziyat hal etilmasdan, yanada kattalashaveradi…
Yaqinda Paxtachi tumani aholisidan eng ko‘p so‘raladigan savollarga javob qaytarish maqsadida tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbari bilan suhbat uyushtirdik. Unda muammolar va so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar, tizimdagi hal etish qiyin bo‘lgan masalalar, olib borilayotgan islohotlar xususida so‘z bordi.
Savollarimizga Paxtachi tuman Elektr tarmoqlari korxonasi rahbari Umrzoq Xoliqulov javob qaytardi.
– Tumanimiz elektr tarmoqlaridagi bugungi vaziyatdan qanchalik xabardorsiz?
– Bugun tumanimizda barcha aholi va korxonalar elektr bilan to‘liq ta’minlab olingan. Endi, bilamizki, bugun qish mavsumida barchada yuzaga keladigan ta’minotdagi uzilishlar bizda ham kuzatilyapti. Bunda bizdagi tarmoq ham aziyat chekayotgani rost gap. Buni esa asosiy sabablari sifatida aholining elektr tarmoqlaridan, uning iste’molidan tartibsiz va me’yoridan ortiq tarzda foydalanishi natijasi, deb aytolaman. Buning natijasida tizimda ortiqcha zo‘riqish hosil bo‘ladi. Keyin esa bu tizimni nazorat qiluvchi xodimlar vaqti-vaqti bilan va navbatiga qarab uzib turishga majbur bo‘ladi. Sababi zo‘riqish bo‘lganda, agar e’tibor qaratilib turilmasa, avariya holati yuzaga kelib, butun O‘zbekistonga ta’sir qiladigan katta muammoga olib kelishi mumkin. Shuning oldini olish uchun ham hozirda shunday amalyotda ishlashga majbur bo‘linmoqda.
– Umuman olganda, Paxtachida elektr ta’minotining nechta liniyasi bor?
– Tumanimizga kirib keladigan liniya ikkita 110 kilovattlik tarmoq hisobiga to‘g‘ri keladi. Bular esa o‘z navbatida 35 kilovattlik liniyalarga bo‘linib, “Qurilish”, “Bahor”, “Ziyovuddin” liniyalariga tarqaladi. Ulardan esa 12 kilovattlik liniyalarga bo‘linadi va aholiga yetkaziladi.
– Bilamizki, qish kelishi bilan “svet” ko‘p o‘chadi. Yakuniga yetgan faslda ham bunga guvoh bo‘ldik. Ayni vaqtda ham elektr energiyasidan uzilishlar yetarlicha. Bunda aholining murojaatlarini tinglab borish uchun bizda ham dispetcherlik xizmati yo‘lga qo‘yilganmi?
– Albatta, bor. Ular 24 soat mobaynida ishlashadi. Bundan tashqari, tuman hokimligida tashkil etilgan qish mavsumiga tayyorgarlik shtabida ham bizning korxona xodimlari biriktirildi. Ular ham shu tartibda aholi murojaatlariga javob qaytarib, keragini yetkazib turishdi.
– Ammo aynan shu dispetcherlik xizmati borasida aholidan ko‘plab e’tirozlar keladi. “Qo‘ng‘iroq qilib tusholmaymiz, kimdir eshitadimi bizni ham, o‘zi?”, kabi savollarni berishadi..?
– Shunisi aniqki, bizdagi dispetcherlar faoliyati hech qachon uzib qo‘yilmasdan, aholiga doimiy xizmat qiladi. Shaxsan o‘zim ham dispetcherga bog‘lanish uchun uning “damashniy”siga telefon qilaman. To‘g‘ri, ba’zi hollarda bog‘lanish qiyin bo‘ladi. Buning sababi esa tarmoqqa juda ko‘p va bir xil vaqtda bo‘ladigan qo‘ng‘iroqlardir. Keyin yana bir narsani ham aytib o‘tmoqchiman. “Bu dispetcherlar oxirigacha gaplashib o‘tirmasdan ham aloqani uzishadi”, degan e’tirozlar o‘zimga ham bir necha bor keladi. Bu holatda esa shuni aytishim zarurki, dispetcherga ketma-ket bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlar vaqtida u bir murojaatchi bilan ko‘p vaqt ham gaplashib turolmaydi. Murojaatchidan muammosini eshitadi, yuzaga kelgan vaziyatni aytadi va u bilan aloqani uzib, keyingi murojaatchini qabul qilishga majbur bo‘ladi. Shu sababli bu borada ham bizni to‘g‘ri tushunishlarini so‘rardim, aholimizdan.
– Mavsumda aholi tomonidan bir oyda qancha murojaat kelib tushadi?
– Ha, murojaatlar juda ko‘p. Buni tan olishimiz kerak. Ba’zi hollardagi ikki kunda tushgan murojaatlarini hisoblasak, taxminan 150-200 tagachani tashkil etadi. Ularning asosiylari tarmoqdagi o‘chishlar, yuzaga kelgan avariyalar kabi hollarga to‘g‘ri keladi.
– Tumanimiz iste’molchilarining qish va yoz fasllaridagi iste’molida qandaydir farq bormi?
– Qish va yozdagi elektr iste’molida farq yo‘q desak ham bo‘ladi. Sababi qishda ko‘proq aholi iste’mol qilsa, yozda esa ekin yerlarini sug‘orish uchun nasos tizimlari ko‘p iste’mol qiladi. Aholi ham sovutish moslamalaridan foydalanadi. Bu esa yoz ham, qish ham iste’molga, tizimga yengillik bermaydi, doimiy zo‘riqishda ishlashga majbur degani.
Shuni hisobga olib aytishim mumkinki, hozirgi kunda elekr iste’molimiz bir oyda o‘rtacha 15-16 million kilovattga yetadi. Shunda bir yilda 200 million kilovattga yaqin, degan hisob hosil bo‘ladi.
Shu o‘rinda hurmatli tumandoshlarimizdan imkon qadar elektrni tejab ishlatishlarini so‘raymiz!
– Paxtachida ham aholiga yetkazib berish uchun zarur simyog‘ochlar anchayin eskirgan. Bizdagi transformatorlar va o‘tkazgich kabellar taxminan 70-yillarga to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, bu borada tumanda nima ishlar qilinyapti?
– Bilasiz, oxirgi yillarda aholi soni ortishi, infratuzilma, zavod-fabrikalarning rivojlanishi va ko‘payishi hisobiga yangi tarmoqlar ham qilindi. Bugunga kelib tumanda 21 ta transformator punkti, 415 ta temir-beton ustunlar yangilandi va kapital ta’mirlanib o‘rnatildi. Elektr kabellarida esa qo‘shimcha 9.55 kilometrga yaqin tarmoq tortildi. O‘tgan 2023-yil mobaynida ham bu ishlar izchil olib borilib, 20 ta transformator punkti, 831 ta temir-beton ustunlari o‘rnatildi. 21 kilometrdan oshiq zamonaviy va bardoshli “SIP-2” elektr kabellari tortildi. Bular tizimda amalga oshirilgan ishlarimiz. Nasib bo‘lsa, bu yilda ham bunday ishlar yana oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu jarayonlar ham o‘zimizning tuman, respublikadan ajratilgan mablag‘lar va homiylar hisobiga to‘g‘ri keladi. Albatta, tumandagi tarmoqlarning eskirgani rost. Ammo buni birdaniga to‘liq yangilash juda katta xarajat talab qiladi. Ammo, ta’kidlaganimdek, bu jarayonning yildan-yilga hajmi oshmoqda. Yaqin yillarda yaxshi natijalar kutyapmiz.
– Tizimni yaxshilash, aholini uzluksiz elektr bilan ta’minlash maqsadidagi davlatimiz bo‘ylab olib borilayotgan quyosh panellari, shamol stansiyalari kabi muqobil energiya stansiyalarining yangi barpo etilayotgani haqida xabarlar berib boriladi. Bu kabi islohotlar tumanda ham amalga oshirilishiga nima deysiz? Hech bu borada bizdagi cho‘l hududda ham shunga o‘xshash stansiyalar qurishga takliflar berildimi?
– Quyosh panellari borasida bizda ham ancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, tashkilotlarning ehtiyoji uchun ularda panellar o‘rnatilayapti. Bu esa tizimga qisman bo‘lsada yengillik olib kelganday ham. Ammo boshqa tomondan aytadigan bo‘lsam, bu jarayonlarga bizning elektr tarmoqlari korxonamiz aralasha olmaydi. Sababi panellarni o‘rnatish, ularning sifatiga javobgarlik to‘liq xususiy sektorlar, ya’ni tadbirkor qo‘liga topshirilgan. Bu ishlarni amalga oshirish uchun katta mablag‘ zarur. U esa tadbirkorda bor. Shuning uchun biz bunga aralashmaymiz. Tumanda ham quyosh panellari stansiyasini barpo qilish bo‘yicha takliflarni halicha ijobiy deyolmayman. Berilmoqda, ammo bu o‘z-o‘zidan quriladigan narsa emas. Tavakkal qilib bo‘lmaydi. Chunki quyosh nuridan ham o‘z qoidasi bilan elektr olinadi. Bizda bu yangilik. Xatoliklar qilingani va ular dars bo‘lganligi uchun ham bu jarayon ham to‘liq xususiylashgan va chet davlat investitsiyasi asosida qilinadi. Ammo niyatlarimiz ham yo‘q emas…
Oddiy xalqning har qishni loaqal elektr uzilishlarsiz o‘tkazib olish niyatichi, niyatligicha o‘taveradimi? Nega bayramlarda butun mamlakatda kunlab o‘chmaydigan “svet” – boshqa kunlarda doimiy yoniq turishga “yetmay qoladi”? O‘sha muqobil quvvat manbai bo‘lmish quyosh panellarini uyiga o‘rnata olishgan taqdirda ham (eng arzoni 20 million so‘mdan ortiq!) uning doimiy ishlab turishiga elektr energiyasi zarur ekan baribir… Nima sababdan o‘sha quyosh panellarini faqat xorijdan (aniqrog‘i, Xitoydan) opkelishga majburmiz? Nima, o‘zimizda ham, milliy mahsulot o‘laroq ishlab chiqarilsa bo‘lmaydimi? Nimadir yetishmaydimi, buning uchun bizda? Monopoliyami bu ham yoki?.. Bu kabi savollarimizga tayin bir javoblar ololmasligimiz aniq bo‘lgani uchun ham bo‘g‘zimizga qadalgancha qolaverdi yana!.. Mana, yana bir qishdan ham chiqib oldik. Xayriyat!.. Va bo‘ldi, keyingi qishgacha “omon-omon, yaxshi zamon” davom etaveradi… Ha, energiya sohasi mutasaddilaridan xalq ishonchini endi ham yo‘qotmasligini so‘rab qolamiz.
Jamolbek SALOMOV tayyorladi.