O‘zbekiston jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatning huquqiy asoslarini takomillashtirmoqda. Adliya vazirligining xabar qilishicha, pirezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim normativ huquqiy hujjatlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgan.
“Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, tezkor-qidiruv tadbirlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qoʻllanilgan holda, kibermakonda va uning imkoniyatlaridan foydalanilgan holda oʻtkazilishi mumkin boʻlmoqda.
“Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, maxsus qabulxonalardagi tezkor-qidiruv faoliyati jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga barham berish va ularni fosh etish, shuningdek jinoyatlarga tayyorgarlik koʻrishga va ularni sodir etishga daxldor boʻlgan shaxslarni aniqlash, topish hamda qidirish maqsadida, qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shu bilan birga “Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunga jinoyatlarning holatlarini aniqlash, jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni aniqlash va qidirish, shuningdek jazoni oʻtashdan boʻyin tovlayotgan yoki bedarak yoʻqolgan shaxslarni qidirish maqsadida ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan bepul foydalanishga doir ichki ishlar organlarining huquqlarini aniqlashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish kiritildi.
Eslatib o’tamiz, ushbu qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.