O’zbekistonda drondan foydalanishga jazo yengillashtiriladi

O’zbekistonda drondan foydalanishga jazo yengillashtiriladi

Shavkat Mirziyoyev “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagicha jazolanadi:

BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (8 mln 500 ming so‘mdan 17 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;

  • 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari;
  • 3-yilgacha ozodlikni cheklash;
  • 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:

  • Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini musodara qilib, BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 400 ming so‘mdan 6 mln 800 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, maʼmuriy javobgarlikdan ozod qilinadi. Ilgari bu norma mavjud emas edi.

Bunda, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun avval maʼmuriy keyin jinoyat javobgarlik belgilandi. Avval to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilangan edi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.