“Hayotdan olgan birinchi “tarsakim” edi…” — Nogironlar jamiyatining Paxtachi tuman filiali rahbari Karomat PARMONOVA

“Hayotdan olgan birinchi “tarsakim” edi…” — Nogironlar jamiyatining Paxtachi tuman filiali rahbari Karomat PARMONOVA

O‘zbekiston nogironlar jamiyati Samarqand viloyati Paxtachi tumani filialining hududiy bo‘limi rahbari Karomat PARMONOVA bilan suhbat

Taqdir… Bu asli pesho­na­mizga yozilganimikan yoki o‘yib bitilganmikan? Agar yozilgan bo‘lsa, harqalay, “tahrir qilish” mumkin, uni, vallohi. Ba’zan achchiq, ba’zan shirin kunlarni sabr ila qarshi olar ekanmiz, bilib-bilmay noshukurlik ham qilishimiz bor gap. Afsuski, imkoniyati yetarli bo‘lmasa-da, o‘zini kuchlilar qatorida ko‘rayotgan insonga ko‘zimiz tushsa, o‘zimizcha pushaymonlik hissini tuyamiz… Bizga kim ekanligimizni, inson qo‘lidan nimalar kelishi kerakligini ko‘rsata olgan bu galgi qahramonimiz – Karomat Parmonovadir.
K. Parmonova 1987-yilda Paxtachi tumanidagi “To‘g‘olon” qishlog‘ida tug‘il­gan. Hozirda Mirzo Ulug‘bek mahalla­sida yashaydi. Taqdir taqozosi bilan qo‘l-oyoqlarida nuqson bilan tug‘ilgan, birinchi guruh nogironi. Oilada besh nafar farzandning kenjasi. Tumandagi 3-umumta’lim maktabida tahsil olgan. So‘ng Toshkent shahridagi kasb-hunar kolleji buxgalteriya yo‘nalishida o‘qigan. O‘qishni bitirgach, Toshkentda bir muddat ishlagan. Biroq o‘z yurtini qum­sayvergan K. Parmonova Samarqand shahrida, imkoniyati cheklanganlar uchun ochilgan korxonada ish yuri­tuv­chi vazifasida ishlagan. Ammo sog‘ligi sababli u yerda ham ko‘p qolmagan… Kechmishining davomini o‘z hayot hikoyasidan o‘qisak..:
– Uyda o‘tirsam ham nimadir bilan band bo‘lgim kelardi. Asta-asta tikuv­chilik sirlarini o‘rganib boshladim. So‘zana, milliy qo‘g‘irchoqlar, kashtalar tika boshladim. Hunarim shu qadar rivojlandi-ki, buning ortidan daromad qilishni yo‘lga qo‘ydim. Ko‘plab tanlovlarda ishtirok etdim…
2020-yilda turmushga chiqdim. Hozirda bir nafar farzandimiz – qizalog‘im bor. Turmush o‘rtog‘im bilan juda ham baxtli oila qurganmiz. O‘zim nogiron bo‘lsam ham turmush o‘rtog‘im sog‘lom. Shunday bo‘lsa-da u kishi hayot yo‘lini men bilan bog‘ladi. Turmush o‘rtog‘im oilada bitta o‘g‘il, uch nafar opa-singillari bor. Kelin bo‘lib tushganimda opalari opam, singillari singlimdek bo‘lib ketdi. Boshida tur­mushga chiqishga qo‘rqdim, sababi o‘zim nogiron bo‘lsam, ular bo‘lsa sog‘lom… meni qanday qabul qilishadi, deb o‘yladim… Lekin kelin bo‘lganimga to‘rt yil bo‘lgan bo‘lsa-da, biron marta menga nogiron sifatida qarashmadi. Aksincha, o‘zim salgina o‘ksinib qolsam, “…nega o‘ksinasan, axir sen nogiron emassan, ko‘nglingni cho‘ktir­ma!”, deb dalda berishadi. Qaynona va qaynotamni hayotda ko‘rmaganman. Qaynonam rus ayol bo‘lgan ekan. Shunga qaramay, o‘zbekona atmos­fe­rani yaratgan, milliylikka qiziqqan, o‘zbek ovqatlarining hammasini qila olgan. Mehmondo‘st, rahmdil inson bo‘lgan ekan… Bularni menga turmush o‘rtog‘im, opa-singillari ko‘p aytib beradi. Men ham qaynonamga o‘xshab go‘zal xotiralar bilan eslashlarini, qizimga ham yaxshi tarbiya berishni istayman.
– Hozirgi faoliyat dargohingiz, ta’bir joiz bo‘lsa, ish joyingiz haqida ham batafsil aytib o‘tsangiz?
– O‘zbekiston nogironlar jamiyati Samarqand viloyati Paxtachi tumani filialining hududiy bo‘limi rahbari vazifasida ishlab kelmoqdaman. Turmush o‘rtog‘im esa ish yurituvchi bo‘lib, yonimda yelkama-yelka ishlayapti. 2018-yildan buyon usbu jamiyatni ochishga harakat qilganman, lekin ba’zi bir sabablarga ko‘ra rasman adliya tomonidan ro‘yxatga olinmayot­gan edi. Shunday bo‘lsa ham ishlab yurardik. 2022-yil fevral oyida Jamiyatimiz adliya tomonidan ro‘yxatga olindi. Natijada rasman faoliyat yurita boshladik.

Tashkilotimizning asosiy maqsadi imkoniyati cheklanganlarga ma’naviy, huquqiy yordam qilish. Biz moddiy yordam va’da qilmaymiz, agar homiylar bo‘lib qolsa, pul so‘rab murojaat qilgan­larni ta’minlashga harakat qilamiz. Shuncha yildan beri o‘zimiz ham oylik­siz ishlab keldik. Mana, hammasi endi iziga tushib, bizga ham oylik tayin­lan­gan. Ozmi-ko‘pmi, ehtiyojmand inson­larga yordamimiz tegdi, deb o‘ylayman. Yaqinda bir murojaat bo‘ldi. Ona o‘z bolasini davolatish uchun Rossiyaga borgan, ammo kela olmagan. Biz bar­cha tegishli mutasaddilar bilan bog‘­la­nib, ularni O‘zbekistonga qaytarib kel­dik. Bundan tashqari, ishlashga layoqati bor nogironligi bo‘lgan insonlarni ish bilan ta’minladik. Biz aslida 18 yoshdan yuqori bo‘lgan­lar­ning muro­jaat­lari bilan ishlashimiz kerak hujjat bo‘yicha. Biz esa 18 yoshdan kichiklarni ham hayotga qaytarishga, bu hayotda o‘rni borligini bildirishga harakat qilib, yosh bolalarga ham yordam berib kelmoqdamiz.
– Ota-ona doim qanotlarimiz hisoblanadi. Qanotlaringiz sizni qanchalik bardoshli qildi? Irodali inson bo‘lishni qay nuqtada boshladingiz?
– Otam elektrik bo‘lgan, onam o‘qi­tuvchi. Oilamiz nogir­onligimni his qil-maganman. Oilada meni ajratishmadi. Hammamizni ota-onamiz teng ko‘rdi. Ko‘proq men bilan suhbatlar qilib, sen hech ham kamchiliklaringni o‘ylama, biz doim seni qo‘llab-quvvatlaymiz, deb yonimda turishgan. Endi esa otam rahmatli bo‘ldi, onajonim esa yonimiz­da. Ammo maktabga chiqqan paytimdan ajratishlar boshlangan. Hamma yoshligini xursandchilik ila eslab, yaxshi damlarini so‘zlasa, men­da unaqa emas. Men doim yoshlik deyilsa o‘ksinaman… Yomonlash emas-u, bir voqea hamon esimda qol­gan. Birinchi ustozim bir umrlik “xotira”­ni qoldirgan. Meni u kishi doim teng­doshlarimdan ajratib qo‘yar edi. Maktabda baho uchun qiziqib o‘qirdik. Keyin sinflarda doim tug‘ilgan kun bo‘lsa, o‘qituvchimiz besh baho qo‘yar edi. Men negadur o‘qituvchimdan qo‘rqib qolgandim. Sababi esa, tabiiy, haqoratlar, ajratishlar… 3-dekabr – Nogironlar kuni… Va men ham shu kunda tug‘ilganman. O‘qituvchim she’r yod olishga uyga topshiriq bergan edi. Men yod olgandim-u, aytib berishga qo‘rqqanman… Aytayotganimda ikki marotaba tutildim… Vaholanki, men uyda mashq qilganimda, unaqa bo‘l­magan edi. Shunda o‘qituvchimdan, yana tug‘ilgan kunimda yegan tarsakim haligacha esimdan chiqmay­di… To‘g‘ri, keyin onam, boshqa maktabga qizimni o‘tkazaman, tenggi bilan o‘qiydi, deb xafa bo‘lgan… O‘qituvchim ham uzr so‘ragan… Biroq tarsakining zarbi yuragimdan haligacha chiqmaydi…
Bilasizmi, bu voqea mening hayot­dan olgan birinchi “tarsaki”m edi… Keyinchalik ham ko‘p kamsitildim, ajratildim. Qancha yerga urishsa, shun­cha ko‘tarildim. Qo‘limdan hamma narsa kelishini isbotlashga harakat qildim. Qishloq hayotida o‘sdim. Bir qiz bola qilishi mumkin bo‘lgan hamma yumushlarni bajarardim: sigir sog‘ish, pishir-kuydirlar, tikuvchilik, uy tozalash… barcha-barchasi qo‘limdan kelardi.
– Hayot sizga ko‘proq nima deydi?
– “Kuchli bo‘l, bardoshli bo‘l. Axir, ulg‘ayding. Endi sen yig‘loqi emas, boshqalar yig‘lasa, ovutadigan ayolsan. Oilang bor, farzanding bor. Qizalog‘ing ulg‘ayyapti. U sen bilan faxrlanishi kerak. Ismingni eshitsa, g‘urur ila bosh ko‘tarishi kerak”, deydi bu hayot. Qizalog‘im Alinani Allohdan tilab oldim… Yaqinda u bir yoshni qarshi oladi. Menda borgan sari onalik mas’uliyati ham ortib borayapti. Shuning uchun ham odamlarning qarashlari, gap-so‘zlari unchalik ham olamimda muhim emas…
– Imkoniyati cheklangan insonlar sizga, sizning ishingizga suyanadi… Biroq sizchi? Suyanchig‘ingiz bormi?

– Albatta, bunday inson – turmush o‘rtog‘im, deb bemalol ayta olaman. Men bu dunyoda ulardan boshqa yoki ulardek mard erkakni ko‘rmadim. Ayolini chiroyli emasligida ayblayotgan, farzand tug‘ib bermayotgan yoki bosh­qa sabablardan ayoliga qo‘l ko‘tarib, zo‘ravonlik qilayotgan erkaklarni ko‘rib, to‘g‘risi, afsus deyman… Yoki shunday ayollar bor-ki, turmush o‘rtog‘iga bo‘y­sunmasdan, boriga qanoat qilmasdan, malomatlab, yomonlab yuradiganlarga, bir pas to‘xta, degim keladi. Axir, bu dunyoda bir-birimizga g‘animatmiz. Kichkina oilamizni yana-da mayda­lash­ning keragi yo‘q-ku. Qachon, qay payt­da yo‘qotilishimiz yoki yo‘qotishimizni bilmaymiz-ku. Turmush o‘rtog‘im shunday bir inson-ki, birovga gap qildirib qo‘ymaydi, meni. Har doim men tomon bo‘lib qo‘llaydi, qadrlaydi. Xudoyim umrini uzun qilsin. Qizimni va meni baxtimga sog‘ bo‘lsin, hamisha!..


– Armoningiz bormi?
– Armonim shuki, erimning ota-onasining xizmatini qila olmadim. Yana biri otam qizimni ko‘rmadi. Nabirasini erkalab, suya olmadi. Endi esa qolganlarning qadriga yetib, orzularning ushalishiga harakat qilayabman.
– Deylik, saboq o‘rnidadur, yosh holiga ajrashib borayotganlar haqida nima deysiz?
– Ajrim dedingiz-u, etlarim jimirlab ketdi. Bu asli juda yomon so‘z. Odam­zot qachon biladi, hamma narsani qadriga yetishni… Qiynalganda, boshi devorga urilganda, qaysidur yaqinini yo‘qotgandagina ko‘zlari ochiladi… Men bu mavzuda shuni ayta olaman-ki, faqat sabr qilish kerak. Hamma narsa sabr ortidan. Oilani ajrashish yoki ajratish uchun qurishning o‘zi bir gunoh. Mabodo farzandi bo‘lsa, uni yetim qolishi uchun ham javob beradi. Yoshlar iloji bo‘lsa shoshilmay, yaxshi umr yo‘ldoshini topsin. O‘qisin, ishlasin, intilsin. Munosibini topgach esa sabr-qanoatli bo‘lsin. Hamma urush-janjal bekorchilikdan, boqimandalikdan kelayabdi. Uyda o‘tirgan holda ham bir hunarni tutsa bo‘ladi.
Bir narsaga doim hayron qolaman, soppa-sog‘ odamlar, pul kerak, deydi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali pul so‘rab murojaatlar qiladi… Chindan qiynalgan bo‘lsa, birinchidan, qimmatbaho telefon ishlatib, kun bo‘yi internetda o‘tirmaydi. Ikkinchidan, oz-moz bo‘lsa-da harakat qilib, pul topishga o‘zida xohish bo‘lmaydi – erinadi… Hammaga ham davlat pul ajrata olmaydi, axir. Men qiynalsam ham davlatga qaram bo‘lishni xohlamayman. Sababi, avvalo, nogiron tug‘ilishimga davlatning aybi yo‘q. Bu – mening taqdirim! Keyin esa men o‘zim uchun ham yashashim kerak-ku!.. Yo‘q, men, davlatga taraf bosib, o‘zimdan “vatanparvar” yasamoqchi emasman. Shunchaki, yalqovlikni ham yoqlamasligimni aytayabman. Minnatsiz yashamoqchimisan – mehnat qil!

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Madina ERKINOVA suhbatlashdi