1-maydan elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflari oʻzgaradi, ijtimoiy normalar kiritiladi. Shu o’rinda aholida kim qancha to’laydi, degan savol tug’iladi.
Oʻzbekistonda elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gaz narxlarini liberallashtirgan holda, ularning isteʼmoliga ijtimoiy normalar joriy etiladi. 16-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi.
Energoresurslar tariflari qariyb 5 yildan buyon – 2019-yil avgustidan beri oʻzgarmay kelayotgan edi. Oʻtgan vaqt davomida yangi tariflarni joriy etish turli sabablar bilan ortga surib kelinayotgandi.
Qaror bilan, 1-maydan boshlab maishiy isteʼmolchilar (aholi xonadonlari) uchun quyidagicha ijtimoiy (bazaviy) meʼyorlar kiritiladi:
elektr energiyasi – oyiga 200 kWhʻgacha;
tabiiy gaz (mart–oktyabr oylarida) – oyiga 100 kubometrgacha;
tabiiy gaz (noyabr–fevral oylarida) – oyiga 500 kubometrgacha.
Geografik va iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida isitish mavsumi respublikaning boshqa hududlaridan farqli ravishda oktyabr–fevral oylari deb belgilandi.
Ijtimoiy meʼyor doirasida aholiga elektr energiyasi va tabiiy gaz imtiyozli narxlarda yetkazib beriladi.
2024-yil 1-maydan kuchga kiradigan tariflar:
Elektr energiyasi
Maishiy isteʼmolchilar uchun tariflar (1 kWh uchun, oyiga):
— 200 kWhʻgacha – 450 soʻm (hozirda 295 soʻm);
— 201 kWhʻdan 1000 kWhʻgacha – 900 soʻm;
— 1001 kWhʻdan 5000 kWhʻgacha – 1350 soʻm;
— 5001 kWhʻdan 10 000 kWhʻgacha – 1575 soʻm;
— 10 001 kWhʻdan keyin – 1800 soʻm.
Ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan koʻp qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy isteʼmolchilar belgilangan tariflarning 50 foizi miqdorida toʻlashda davom etadi.
Isteʼmolchilarning I va II guruhlari (1000 soʻm) hamda yuridik shaxslar uchun (900 soʻm) 2023-yil 1-oktyabrdan kuchga kirgan tariflar 2024-yil 1-maydan keyin oʻzgarishsiz qoladi.
Tabiiy gaz
Isitish mavsumida – noyabr-fevral oylarida aholi xonadonlari uchun tabiiy gaz tariflari (1 kubometr uchun, oyiga):
— 500 kubometrgacha – 650 soʻm (hozirda 380 soʻm);
— 501 kubometrdan 2500 kubometrgacha – 1500 soʻm;
— 2501 kubometrdan 5000 kubometrgacha – 1950 soʻm;
— 5001 kubometrdan 10 000 kubometrgacha – 2275 soʻm;
— 10 001 kubometrdan keyin – 2600 soʻm.
Mart–oktyabr oylarida:
— 100 kubometrgacha – 650 soʻm;
— 101 kubometrdan 2500 kubometrgacha – 1500 soʻm;
— 2501 kubometrdan 5000 kubometrgacha – 1950 soʻm;
— 5001 kubometrdan 10 000 kubometrgacha – 2275 soʻm;
— 10 001 kubometrdan keyin – 2600 soʻm.
Suyultirilgan gaz tarifi 1 kg uchun 1600 soʻm boʻladi (hozirda 1120 soʻm).
2024-yil 1-iyundan boshlab avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor stansiyalariga tabiiy gaz 1800 soʻmdan yetkazib beriladi.