Yerni xazina deb bilganlar

Yerni xazina deb bilganlar

Azaldan tomorqasidan unumli foydalangan, tadbirkorlik bilan ish yuritgan kishilar boshqalardan yaxshiroq yashagan: durustgina uy-joy qurishgan, yaxshi kiyinib, yaxshi yeb-ichishgan, to‘ylar qilishgan. Buning uchun esa ular erinchoqlikka berilmaganlar, vaqtning har bir daqiqasidan unumli foydalanishgan. Ayrimlar katta tomorqasi bo‘lsada, atigi bir marta ekin ekishgan bo‘lsa, ishning ko‘zini bilganlar bir tomorqaning o‘zidan ikki-uch marta hosil olishgan.

Biz bu galgi maqolamiz qahramonini boshqalardan surishtirib topdik. Avvaliga gazetaga maqola chiqishiga ancha monelik qildi. “El qatori issiqxona qurib ishlab yuribmiz”, dedi kamtarlik bilan. Ko‘p urinishlarimizdan so‘ng o‘zi suratga tushmaslik sharti bilan intervyu berishga rozi bo‘ldi.

“Quvondiq” mahallasida yashovchi Abdujalil Rasulovlar oilasiga mehnatsevarlik bobosidan o‘tgan. Usta dehqon bo‘lgan Rasul bobo kolxoz ishidan ortib tomorqasida qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetishtirgan. To‘g‘ri, u paytlari issiqxonalar deyarli yo‘q edi. Lekin, ekinlarni 15 kun, bir oy ilgari ekib ham yaxshi daromad olish mumkin bo‘lgan. Otasi Abdumurod aka maktabda o‘qituvchi, direktor, hatto, yirik kolxozda partkom sekretari, rais bo‘lib ishlagan bo‘lsada, qo‘lidan ketmon tushmagan. O‘zi ham Navoiy viloyat ichki ishlar boshqarmasida ishlasada, bo‘sh paytlar tomorqasida ertanchi ekinlar yetishtirishga astoydil ko‘maklashgan.

Bu oiladagi, ishdagi tartib, orastalikni ko‘rib havas qilmay bo‘lmaydi. O‘zining hovlisidagi 2 ta 21×9 metrlik, 1 ta 7×16 metrlik issiqxonaga bodringning “Isvidana” navi, o‘g‘li Dostonning tomorqasidagi 22×35 metrlik, 8 sotixlik yana bir issiqxonada “Prada” navli, jami 6,5 mingta ekin ko‘zni quvontiradigan hosilga kirgan. Ayrim tuplarida 50-60 tagacha hosil nishonalarini sanash mumkin. Urug‘lar yerga 15-yanvarda ekilgan bo‘lsa, 28-mart kuni birinchi 26 kilogramm hosilning har bir kilosini 25 ming so‘mdan sotishdi. Bugunga kelib issiqxonalardan haftasiga kamida 3 marta 600-650 kilogrammgacha hosil yig‘ishtirib olinyapti. Yoki bo‘lmasa kunora yetilgani yig‘ishtirib olinyapti.

… Ana, issiqxonadagi bodringni hikoyamiz qahramonining turmush o‘rtog‘i Sobira Beknazarova bilan kelini Mahliyo peshma-pesh terib, 30 kilodan qilib yelim qoplarga joylayapti. O‘g‘li Doston esa hosilni “Damas”iga yuklayapti. Doston deyarli har kuni mashinasida yuk bilan uyidan 150 kilometr olisdagi Samarqand shahriga qatnaydi. Shahardagi katta bozorda ko‘tarasiga sotib qaytadi. Bir so‘z bilan aytganda, tomorqani xazina deb bilganlar ichki bozorni to‘ldirish uchun o‘zlarining kuch va g‘ayratlarini ayashmayapti.

Izzatulla NORQUVVATOV.