I. “Istehzo”dan istehzogacha kechgan “Jarayon” taassuroti
“…– Xuddi it kabi, – derkan, u so‘nggi gapini shunday bir tarzda aytdiki, go‘yo bu sharmandali hukm undan uzoqroq yashaydiganday edi…”
Nega it kabi?
Nega so‘nggi gap?
Nega undan uzoqroq?..
Jumlani o‘qirkan, kishi miyasiga ushbu savollar quyilishi tabiiy.
O‘qiganlar, aniqrog‘i, bu atrofda uni nari borsa ikki va undan ortiqroq o‘qiganlar biladiki, ushbu achchiq istehzoli satrlar, kitobxo‘rlar tilida aytganda, g‘ayritabiiy yozuvchi, hisoblangan – Kafkaga tegishli!..
21-mart… Bayram kunlari. Ushbu kunlarning birida ustozim tuman bosh kutubxonasiga taklif qilar ekan, hali bormasdanoq menda zohiran qiziqish uyg‘ona boshladi. Ustozim esa quduqni ko‘rib qolgan sahrodagi tuyadek sal oldda yo‘rtib borardi. Arablar tuyaning lo‘killab yugurishini – “istehzo”, deyisharkan. Shuningdek, ko‘p kinoya qiluvchi insonga ham: “…tuyaga o‘xshab istehzo qilavermay, odamga o‘xhsab gapir!”, deya dakki berisharkan… Yetdik, nihoyat. Kirib borar ekanmiz, men uchun “endi ochilgan”, ammo bir necha yilni qaritib qo‘ygan mo‘jazgina kutubxona hidi dimog‘imga urildi. Kichik, ammo qulay, tom ma’noda kitoblar ila hashamdor… Boriboq, tashna odam buloqni ko‘rganda qiladigan apil-tapil harakati kabi, ustozim ham kitob javonlari tomon oralab ketdi. Bu paytda men ancha yaqin bo‘lgan, lekin men shu paytgacha xabar topmaganim ushbu kitob uyini endi ko‘rib turganim-chun ich-ichimdan o‘zimni koyish bilan ovora edim. Tevarakni olazarak kuzatarkanman, ustozimning chorlovini sezganday bo‘ldim. Kitoblar terilgan javonlararo sekin borsam, birida ustoz. Qo‘lida qalinroq va anchagina men uchun odatiy bo‘lmagan yashil rangdagi kitobni ushlagancha turardi. Yaqinroq bora turib, muqovasidagi “Kafka” degan so‘zga ko‘zim tushar ekan, ustoz kitob haqida nimalardir deb, hazinlik ila tinmay so‘zlardi. Yolg‘on bo‘lmasin… hech bir so‘zini, hech bir kitob haqida aytilayotgan tavsifini fahmlay olmadim. Ko‘zim kitobda, uni tezroq qo‘limga ushlab, ichimda yonayotgan qiziqish o‘tini so‘ndirmoq maqsadida edi, xayollarim.
Ustozim kitobni tutqazarkan, behad shod edim. Qo‘llarimga oliboq, go‘yoki uni kimdir mendan tortib oladigandek, shoshib titkilay ketdim… Uni yaxshilab ko‘zdan kechirarkanman, zarhal harflar bilan yozilgan “Kafka”, “Jarayon” yoziqlari ko‘zimni quvnatar, uni tezroq boshlab, yakunlash ilinjida to‘lib-toshardim. Kitobni “rasmiylashtirish” ishlari yakunlandi. Shodon men.
Yurak-yuragimda ustozga minnatdorlik hissi, qo‘limda esa bir necha oylik orzum…
Chiqdik. Men uyim tomon oshiqardim. Uyga borguncha sabrim chidamasligini sezib, avtobus to‘xtata qoldim va borguncha kitob haqida qisqacha tanishib ketdim. Bu kun men, miyam uchun yangi adabiyot janrini kashf qilgan kunim edi.
Uyga borib, xontaxta yoniga cho‘kdim. Dastlab mutolaani boshlaganimda, kitobni yopib qo‘ygim kelar, ortiq uni davom ettirishga sabrim yo‘qligini seza boshladim. Kitob yarmiga kelgan, miyamda esa tasavvurdan o‘zga hech narsani sezmasdim. Tasavvur men uchun anchagina oddiy narsa edi, o‘sha dam.
Xullas, yarimlab qolgan kitobni to‘xtata olmadim. Sababi esa shu yergacha kelgan, ortda biroz qalinlashib qolgan varaqlari edi, vaqtim edi. Yana boray desang – qiziqishing yo‘q, orqaga qaytmoq – axmoqona holat… Keyingi sahifalarda nimadir chiqar degan ilinj-la davom etmoqni ma’qul ko‘rdim.
Bora-bora fikrim o‘zgardi. Bu tabiiy edi, albatta. Bu Kafka bo‘ladi-yu, bu “Jarayon” bo‘ladi-yu, o‘zgarmasinmi derdim, xayolotimda. O‘shanda afsuslanmadim, bil’aks kitobni shunchaki yopib qo‘ymaganim uchun o‘zimdan mamnun edim… “Hazm” tobora qiyinlashib borar, bir satrni bir necha qayta hijjalardim.
Ramzlarga to‘la asarni tushunishdan murakkabroq biror narsa yo‘q. Ayniqsa, u Kafka bo‘lsa. Uning mahorati shundaki, o‘quvchini asarni qayta-qayta o‘qishga majbur qiladi. Qahramonlar qanchalik g‘ayritabiiy bo‘lsa, asar shuncha tabiiylasha boradi. Kafka qo‘llaydigan paradoks ham shunda, balki unga bo‘lgan hurmatim boisi ham.
Romanni o‘qib cheklangan, ammo tasavvur doiramdan anchagina kengroq xulosalarga keldim. Ularni sirtdan kimgadir tasvirlab berolmasam-da, asar haqidagi bepoyon taassurotimni qisqacha bildira olaman, deb faraz qildim. Mavhumlik to‘la bo‘lgan ramziy asar haqida o‘zimcha nimadir qoralashni boshlar ekanman, bu asarni yozishda Kafkada qanday niyat borligi miyamni o‘rtayverar edi. Ko‘pgina mujmal fiklardan keyin bu romanni, umuman Kafka asarlarini varaqqa to‘kiluv deb bildim.
Kafkada ham shu hol yuz bergan. Aslida, u asar yozmagan.
O‘zining ojizligini, alamlarini, qo‘rquvlarini… to‘kib solgan. Kafka bu dunyodan qo‘rqardi. Bu dunyo tartiboti qay yo‘sinda ishlashini tushunmasdi, shu bois mavhumlik qarshisida dahshatga tushardi.
Bu dahshatni, ayniqsa, “Jarayon”da bor bo‘yicha ko‘rish mumkin. Qahramon – aybdor. Nega aybdorligini bilmaydi. Bilgani shuki, u aybdor. Har qanaqasiga qaramasin, unga ayb to‘nkayotgan tizim oldida ojizligicha qolaveradi. O‘sha tizim qanday ishlayotganini tushunmaydi. O‘sha tizim oldida dahshatga tushadi.
Eng alamlisi va achinarlisi, u taslim bo‘ladi. Ilojsiz, bir qancha behuda harakatlardan so‘ng yengiladi. U bu tizim oldida o‘zini mutlaqo layoqatsiz, yaroqsiz his qiladi. O‘zining hech ishga yaramaydigan odam ekanligini eshilib, to‘lg‘onib so‘zlaydi. Umuman olganda, u barcha kitoblarida ojizliklari va qo‘rquvlari haqida yozadi.
To‘g‘rirog‘i, to‘kiladi. Nazdimda, qattiqqo‘l bo‘lgan otasiga aytolmagan gaplarini, ichidagi alam, qisman nafrat tuyg‘ularini “Jarayon” birla “Otamga xat” deb nomlab yozadi.
Jarayon oson o‘qiladigan roman emas. O‘qish murakkab, tushunish uchun mehnat qilish kerak bo‘ladi. Tahlil uchun esa vaqt lozim. Mutolaaga kirishar ekanman, chalg‘ishim, diqqatsizligim butun boshli varaqlarni qayta o‘qishga majbur qilardi. Jumla tuzilishi, tasvirlar yondashuvi boshqa qaysidir yozuvchi uslubini eslatmadi, menga.
Umuman olganda, “Jarayon”ni bir tush sifatida tushunishim mumkin, degan fikr shakllandi. Chunki Yozef K. – asar bosh qahramoni – to‘xtab qolgan vaqtning harakatlanish, ya’ni jarayonga qayta aylanishini uzoq kutadi. O‘zining hibsga olinish sababini tushunib yetmagan, asar qahramoni nafaqat tush va hush oralig‘ida yashaydi, balki qarshisidagi savollarga javobni ham hayotdan emas, tushlaridan izlaydi.
Nihoyat, topadi…
Mutolaadan so‘ng amin bo‘ldimki, Frans Kafka murakkab uslubga ega yozuvchi sifatida yuqorida aytganimdek tush va hush oralig‘idagi yagona haqiqatni – jarayonni, ortiqcha bo‘yoqlarsiz, adolat tarozisida dunyoga keltirgan.
Asarning e’tiborga molik jihati ham shunda deb o‘ylayman.
Kafka – bir muncha vazmin odam. U o‘zligining chuqur qa’riga tushib ketib, bu halokatli chog‘dan chiqolmay qiynaladiganlarga, to‘g‘ri, davo emas, biroq darddosh bo‘lishni uddalaydi. Uning g‘ayritabiiyligi, asarlarining esa o‘zgacha rakursi tushungan odamga, u yurgan ko‘chalardan oralab ko‘rgan har qanday kishini o‘ziga maftun etadi. Kafkadan boshqa kimnidir topish qiyin masala. Topishni qo‘ya turing, avvalo qidirib ko‘rish ham mantiqsizlik hisoblanadi. O‘ylanaman. Fikr qilaman. Ich-ichimdan o‘pirilib kelayotgan, aslida javobi o‘zimda bo‘lgan savollarga “yechim” qidiraman. Kafka dardi… Bu dardga bir qancha baxtlanib yozilgan yoziqlarni alishmagan bo‘lardim. Ota bilan farzand o‘rtasidagi o‘zaro izg‘irinlik. Otadan olingan saboqlar masalasida Kafka hech qachon to‘lqinlanib bir satr yoza olmaganligi, uning qiziqishiga nisbatan doim mavjud bo‘lgan qarshi kayfiyat, bosgan har qadami, qilgan har bir xatti-harakati-yu, norozilik had bilmasligi…ni his etasan, kishi. Kafkaning tinimsiz o‘z erkinligini qo‘lga kiritishga bo‘lgan alohida ishtiyoqini tuyasan yana. Bola uchun bunga o‘xshash tasavvurlarda yashash oson kechmaydi. Kimga bo‘lishidan qat’i nazar nafrat qaror topadi, alamzadalik shakllanadi. Umuman olib, hozirgi zamon nigohi bilan qaraganda, qolaversa, Kafka zamonida, balki hozirgi normal tarbiya usullari bilan solishtirganda ham bunaqa tamoyil bola ruhiyati uchun salbiy tomondan boshqa ta’sir o‘tkazmaydi. Bu masalada kilometrlab tavsiyalar, isbot-dalillar bilan ko‘rsatmalar yozish, fikr bildirish mumkin. Shunchaki tarbiyalovchilar ota-onaning farzandlar oldida ma’suliyati katta deganda, ularni yedirib-ichirish, qornini to‘ydirib kiyintirish, birini ulg‘aytirib, ma’nan sog‘lom va salohiyatli qilib yetishtirmasliklaridan oldin ikkinchisini dunyoga keltirib, tarbiyasiga bee’tibor bo‘lgan holda “ukasini akasi, singlisini opasi katta qilib oladi” yoki “Bir dumalab, katta bo‘lib ketadi” qabilida, ongsizlarcha fikr yuritib ish tutishmasa, juftlanishdan oldin hech qursa ma’naviyati sog‘lom farzand ulg‘aytirishni o‘ylab, uquv, farzand tarbiyasi, qisman psixologiya va eng avvalo ona va ota kimligi haqidagi asl tushunchalarni anglab yetishsa, qalbi dardga limmo-lim bo‘lgan, xayol puchmoqlari nafrat mag‘izlari ila to‘lgan insonlar – kafkalar yetishib chiqmagan bo‘lardi…
DAVOMI BOR…
SEVINCH ELMURODOVA