fotodizayn: muhim24.uz
«Qabriston hikoyalari» — TURKUMIDAN
Qishloqda o`sganman. Uyim qabristonning shundoq ro`parasida. Qabriston va uyim orasini zaxkash yer va tomorqa ajratib turadi. Yaqinda bir odam qabriston yonida o`sganimni eshitib, hikoya aytib qoldi. Taniqli yozuvchi, jurnalist kishi. U yonidagi qishloq qabristonidan o`ziga qabr qazdirib qo`yibdi. Ba’zan-ba’zan o`z qabriga kirib yotarkan. Hech orom ololmaydigan qalbi qabrga kirganida, orom olarkan… Hamletning, meni bir yong`oq ichiga qamab qo`ying, o`zimni o`shanda baxtli sezaman, degani shu bo`lsa kerak…
Zaxkashdan keyin tomorqa bor edi. Tomorqaning yonidan qishloqning katta arig`i o`tgandi. Har doim ham suv kelmasdi. Kichkinaligimizda suv bo`lgan paytlari o’zimizni suvga urardik. Biz ulg`ayib ketgach, u ariqda cho`miladigan bolalar qolmadi. Bir kelincha keldi. U kirlarni yuvib-yuvib, keyin toza suvda chayish uchun ariq boshiga olib chiqadigan bo`ldi. Oqayotgan suvda chaymasa, kir ochilmasmish. Qishloq xotinlarining og`zida duv-duv gap bo`ldi. Bizning qishloqda bunday odat yo`q edi. Ariq boshida gilam yuvish mumkin, katta yo`l boshidagida emas, shunda ham, tomorqasining ichidan o`tgan ariq boshida yuvilardi. Kelincha bizning odatlarni bilmasdi. Qishloq odamlari, xotinlari odatlanmagan ishlarni qilishi uni odamlarning og`ziga tushirdi. Yana bir yutum suvday chiroyli edi. Surxon tomonlardan deyishardi. Birov borib bu qizni olib kelmagan to`y-tomosha qilib. Surxon, Qashqadaryo taraflardan har oy erga chiqmagan yosh qizlarni mashinaga bosib olib kelish urfga kirgan, qizlarga hali uylanmagan yigitlarning rasmi ko`rsatiladi, ota-onasiga esa “qiz haqqi” uchun kuyov tomonidan beriladigan pul va’da qilinadi. Pulni kuyov o`sha qizni ko`rib, “xohlasagina” keyin beradi.
Har xil qizlar kelgan qishlog`imizga, novcha, to`lacha, ozg`in, oppoq, qoracha. Hozir o`rnini topib o`rnashib ketganlari – “katta xotin”. Onam aytmoqchi, ro`zg`orda eridan ham o`zib, “kalla-valla” aytib yurishdi. Lekin birortasi bo`z yigitga tegmagan. “Kuyov” jonivorlar hammasi xotin qo`ygan, xotini o`lgan, ajrashgan yo xotinidan bilan chiqisholmay qolib, bir ro`zg`orga ikkita ayol qilmoqchi erkaklar edi. Faqat bitta qizchagina qattiq yig`lagan deyishadi – qizchaga o`g`ilning rasmini ko`rsatib, olib kelingan, asli otaga mo`ljallangan bo`lgan. “Boshqa erkak edi-ku rasmda?!”, deb yig`labdi. Boshqa hech qanday e’tiroz bildirmabdi. Oraqaga qaytib ketolmaydi-ku, axir. 18 yosh qiz 60 ga kirgan kishiga uzatildi. Boshida hamma qizga achindi. Ammo bir-ikki yil ichida hayot asliga tushib ketdi. Eri ziqna, qo`pol, boylik qilib, qishloqda hammadan o`zaman derdi, burni ko`tarilgan bir odam edi. Qiz ham erining qabatidan kirdi. Yosh farqi unitildi, mol boqishdi, qo`sha-qo`sha mashinalar olishdi, dang`illama uy qurishdi, 25 yoshli juvon ham eri kabi burnini ko`tarib olgan. O`zini haqiqiy kayvoniday tutadi.
Qo`shni kelinchaga qaytsak, u qayerga kelayotganini bilgan, kimga tegishini ham. Norozi bo`lmagan. Eri – Beshim, bo`z yigit bo`lmasa ham, to`yidan 6 oy o`tar-o`tmas ajrashgan, fe’li yumshoq, birovga ozori tegmaydigan odam edi. Beshim yaqinda uylanib, ajrashgan bo`lsa ham, yoshi allaqachon 30 dan oshib ketgandi. Beshimni uylantirishga 80 ni qoralagan ota-onasida pul yo`q edi. Kelin tushirishga uy ham. Beshimni “egiz qo`zi” derdi momom. Egiz qo`zi degani – birovdan ajralolmaydigan odam, birov bilan egiz, yotsa yotadi, o`tirsa o`tiradi, tursa turadi degani. Beshim akasi – Egamberdi bilan egiz qo`zi edi. Akasi bilan traktor haydar, ikkalasi bitta traktorning ichida yer suradi, qishda tirkamaga cho`ldan saksovul yuklab kelib, qishloqdagilarga sotadi. Lekin ro`zg`or tebratdigan pul topishmaydi. Shunga Beshim hech uylanolmadi. Ikki xonasi bor hovlining birida Beshim, chol-kampir, otasiz tug`ilgan jiyani, ikkinchi uyda akasi xotini va ikki bolasi bilan yashardi. Oxiri chol-kampirning Egamberdining zahar xotini – kelin bilan urishaverib, yerning tagidan bo`lsa ham, pul topib, alohida uy solib ko`chib chiqishga ko`ndirdi. Ko`ndirdi deganim juda yumshoq so`z. Qir-pichoq janjallardan hamma to`yib ketdi. Oxir qutulay dedi. Lekin Beshimni uylantirishga pul yo`q edi. Beshimni uylantirish harakatiga tushilganini eshitgan qishloqning qo`li uzun boshqa bir boboyi Shokir buvaning oldiga kelgan. “Mening qizimni ol, to`yni o`zim qilaman”, degan. Qizi kasalvand bo`lgani uchun uzoq payt davolangan, endi esa yoshi o`tib, “o`tirib qolgan” qiz sanalardi. To`y o`tdi. Yaxshigina dabdaba bilan. Yangi kelinchakdan atir sepilgan paxta olib chiqdim men ham. Anchaga hidi kelib tursin uchun yostig`imning tagida saqlab yurdim. Ammo kelinchak ko`p turmadi. Hamma hayron bo`ldi. Qaynona kelindan rozi edi, chaqqon-chaqqon xizmatini qilib yuruvdi. Birdan ketib qoldi. Keyinroq gap chiqdi: “…ayb kuyovda!”, degan. Beshimni duxtirga olib borgan qizning otasi, duxtir qaytargan. Ko`ch-ko`ronini yig`ishtirib, qizini oldi-ketdi. Qizining umrini beunum o`tkazishni istamadi. Darrov boshqa bir xotin qo`yganni topib uzatib yubordi. Beshim so`ppayib qolaverdi. Lekin unga so`ppayib qolganining farqi yo`q edi. Akadan ajralmasa bo`ldi unga, derdi momom. Keyin Beshimga o`sha Surxon qizini keltirib berishdi. Qizning qalini uchun hemiri ham berisha olmagan. O`zlari nonga zor edi. Qiz bechora yig`lb-siqtab rozi bo`lgan. Uning ota-onasi qiz oraqasidan keladigan pulga bir kun bo`lsin qozon qaynatmagan bo`lsa ham, bitta tekin tomoq kamaydi. Shuni o`ylab, rozi bo`lgan. Beshim o`sha-o`sha edi. Kelincha ham unga xotinlik qilolmasligini bilib bo`lgan, ammo “ketaman” demadi. Bir yil yashadi. Beshim odam bo`lmadi. Akasi dalaga chiqsa, ergashib dalaga chiqdi, o`tin tashisa, o`tin tashidi. Topadigan pul o`rtada bo`lsa ham, yanganing qo`liga tushardi. Yanga bersa yeydi, bermasa, och-nahor yuraveradi. Tez orada chol – otasi o`ldi. Kelib turgan pul – pensiya qirqildi. Yanga kelinchani haydayman deb qat’iy qaror qildi – bolalari o`sib boryapti, nimaga kerak bitta ortiqcha tekintomoq. Kelincha oyoq tirab turib oldi: nima bo`lsa bo`lsin, palak yozaman, tinib-tinchib ketaman shu yerda, hech bo`lmaganda bola asrab olamiz…
Ammo Beshimga buning qizig`i yo`q edi. U sutga chayilgandek yoshgina xotini bor-yo`qligiga ham, bu gulday qiz butun orzu-umidini unga bog`laganiga ham parvo qilmasdi. Kelincha buni bilsa ham, umid qilaverdi. Yangadan qancha haqorat eshitmasin, jon-jonidan o`tgani boshqa narsa edi. Bir kun uyg`onib qarashsa, kelincha ketib qolibdi. Qayerga ketganini hech kim surishtirib o`tirmadi. Ariq boshiga chiqib, birov kir chaymasdi endi, xolos.
Yanga qaynonani ham haydadi. Lekin kampirning boradigan joyi yo`q edi. Yo`l boshida, o`tirib-o`tirib qaytib kelardi. Biznikiga chiqib, ovqat yerdi. Afsuski, bizning oilada kimsa suymadi kampirni, rangi sovuq bir balo, momom “bunga hali kelinidan kelayotgani kam, onasini qafasga qamab, ochlikdan o`ldirgan, bir piyola suv ber deb yalinganda, boshiga piyola otgan, onasining yolg`iz bolasi edida, kuni shunga qolgan”, deb javrardi. Kampir har kuni “tezroq o`larman, qabristonga eltib, ko’mib kelarsizlar” deb bolalarini va o`zini qarg`ab-qarg`ab o`lib ketdi.
Yanga mard chiqdi, er va qaynuka topadigan pulga qarab qolmadi, o`zi qishloqning sutxo`rlaridan pul olib mol qildi, ko`paytirdi, qarzini uzdi, qaynona-qaynotaning lan’atlangan uyi va ikki xonali – bir xonasiga sigirlar bog`lanadigan, bir xonasida pol ham yotqizilmagan tuproqqa palos tashlangan, bolalari kichikligida bir chekkasiga siyib-chichib katta bo`lgan uyini ko`rgisi kelmay qoldi. Alohida uy soldi, ayvon, mehmonxona bolalariga yotoq qurdi. Yanga davangir edi, yerning yuragini sug`urib olardi. Mol boqdi, fermerlarga ishchi bo`ldi, bolalarini repititorga berdi. Oxiri ikki bolasiyam o`qishga kirib ketdi.
Bolalari yangi yil ta’tiliga kelgandi. Men ham singlim bilan qishloqqa kelgandim. Tog`amnikidagi ziyofatdan chiqib, uyga qaytaman desam, tog`am unamadi, “shahar emas senga, o`zing yurgani”. Kuldim, lekin tog`amning ra’yini kesmadim. “Mast-alast ko`pda, – dedi tog`am, – bayram kunlari”. Uyga yaqinlashib qolganimizda, qichqiriq eshitdik. Yo`lda kimdir uvillardi. “Ko`rding, – dedi tog’am, – Beshim yana mast, qichqirib yuribdi.” “Haa”, dedim. Lekin undan qo`rqmasdim. Istasam ham, bolaligim odamalaridan qo`rqolmayman. Aksincha, bolaligimda tunda mana shu qabriston oldidan o`tishdan qo`qardim – “…ortimdan birorta o`lik keladi”, deb. Hozir bu qo`rquv ham yo`q. Momom shu yerda, yana ona tomondan amakim. Beshimning ota-onasi, ko`rgan-bilgan, tanigan ko`p odamlarim… Lekin o`ylab qoldim – Unsin kabi kechqurun yura olarmidim ichkarida, qabrlar boshida – vahima bossa kerak, baribir.
Tillaniso