Talabalar, ta’lim krediti olishdagi yangi o’zgarishlardan xabardormisiz?

Talabalar, ta’lim krediti olishdagi yangi o’zgarishlardan xabardormisiz?

Taʼlim krediti olish — bu talabalar uchun har doim qiziq mavzu bo’lib kelgan. Xo’sh, bu borada qonunchilikdagi yangi o’zgarishlardan xabardormisiz?

Endi siz ta’lim krediti olish uchun arizalarni my.gov.uz orqali topshirish imkoniga ega bo’lasiz. Bu borada “Oliy va professional taʼlim tashkilotlari talabalari va oʻquvchilariga byudjet mablagʻlari hisobidan taʼlim kreditini ajratish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF-82-son, 27.05.2024-y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, kelayotgan 2024-2025 oʻquv yilidan oliy va professional taʼlim tashkilotlarining talaba va oʻquvchilariga taʼlim kreditlari quyidagilarni nazarda tutgan holda ajratiladi:

🔹oliy va professional taʼlim tashkilotlarida tahsil olish uchun taʼlim krediti faqat kunduzgi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talaba va oʻquvchilarga ajratiladi;

🔹taʼlim krediti:

♦ oliy taʼlim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun toʻlov-kontrakt summasi miqdorida;

♦ oliy taʼlim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni oʻzlashtirishning oʻrtacha koʻrsatkichi “3” dan past boʻlgan taqdirda toʻlov-kontrakt summasining koʻpi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi.

Bundan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari mustasno bo’ladi.

✔️Bunda taʼlim krediti quyidagi holatlarda ajratiladi:

♦ OTM talabalari uchun – talabalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Talabalarga shartnoma asosida koʻrsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va “Oliy taʼlim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida mavjud boʻlganda;

♦ professional taʼlim tashkilotlari oʻquvchilari uchun – oʻquvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Professional taʼlim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud boʻlganda ajratiladi.

Eslatib o’tamiz, 2024-2025 oʻquv yili boshlangungacha taʼlim krediti olish uchun arizalarni  talabgorlarga “Taʼlim krediti” axborot tizimi (taʼlim-krediti.mf.uz) va YAIDXP (my.gov.uz) orqali topshirish imkoniyati yaratiladi.