Uy-joylarning narxi masalasi har doim hammamizga qiziq bo’lib kelgan. Bugungi maqolamizda ayni shu masalaga to’xtalmoqchimiz.
Markaziy bankning 2024-yil birinchi choragi yakunlari bo‘yicha mamlakatimizdagi ko‘chmas mulk bozori borasida taqdim etgan sharhida narxlarning pasayishi kuzatilganini ko’rish mumkin. Bunda ikkilamchi uy-joy narxlarining o‘sishi sekinlashganini, lekin birlamchi bozorda esa yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolgani kuzatildi.
Mamlakat bo‘ylab ijara narxi +1,4 foizga oshdi. Poytaxt Toshkentda esa 9,2 foizga pasaydi. Shuningdek, Toshkentdagi yer narxi sotixiga 364 mln so‘mgacha yetgan.
Regulyator ma’lumotlariga qaraydigan bo’lsak, aksariyat hududlarda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha tuzilgan bitimlar soni ko‘paygan bo‘lsa, Toshkent shahrida o‘tgan yilga nisbatan, aksincha, kamaygan. Shuningdek, bu pasayishga qaramay, poytaxtda dinamika o‘rta muddatli darajada rivojlanmoqda.
O’tgan yanvar-mart oylarida mamlakatimizda 80,2 mingta oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan, bu 2023-yilning shu davriga (80,6 mingta) nisbatan biroz kamroq.
Bunda kamayishning eng katta qismi:
Toshkent shahrida -12 foiz;
Navoiy viloyatida -19,5 foiz;
Qoraqalpog‘istonda -12 foizni tashkil etib, o‘tgan chorakda boshlangan faollik pasayishi tendensiyasi davom etayotganini ko’rsatdi.
Toshkent shahrida o’tgan yanvar-fevral oylarida o‘sish sur’atlari 2023-yil darajasida bo‘lgan, ammo mart oyiga kelib taklif narxlari biroz pasaygan. Umuman olganda, yil davomida poytaxtda ikkilamchi uy-joylarning narxi 1 kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,98 mln so‘mdan 15,5 mln so‘mgacha yoki 41,2 foizga oshdi.
Birlamchi bozorning o‘sish sur’ati yuqoriligicha qolmoqda va poytaxtda, Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysida tezlashdi. Yillik hisobda yangi uy-joy narxlari so‘mda 39 foizga, dollarda esa 26,2 foizga oshdi.