“Namuna”dagi namunasizlik yohud 24 yildan beri e’tibor kutayotgan shifoxona

“Namuna”dagi namunasizlik yohud 24 yildan beri e’tibor kutayotgan shifoxona

MUHIM24.UZ‘ning tahririyatiga Andijon viloyatidan murojaat kelib tushdi. Unda Qishloq vrachlik punktining kapital ta’mirlash ishlari masalasi ko’tarilmoqda.

Murojaatchining ta’kidlashicha, viloyatning Paxtaobod tumani «Yangiobod» mahallasidagi sobiq «Namuna» QVPda 24 yildan buyon ta’mirlash ishlari amalga oshirilmagan. Bino 2000-yili foydalanishga topshirilgan, hozirda Madaniyat bo’limi sifatida faoliyat olib borarmish.

Qishloqning bu shifoxonasi 3 yarim ming nafardan oshiq aholiga xizmat qiladi. «Namuna» QVP 2024-yil boshida rekonstruksiya dasturiga tushgan. Ammo ishlar oxiriga yetkazilmagan.

«Prezidentimizning Andijonga tashriflari oldidan Qahramon Quranboyev bizning QVPga kelgan. Biz undan 3 yarim mingdan oshiq aholiga xizmat qiladigan shifo maskanimizni ta’mirlanishida ko’mak berish masalasini so’raganmiz. Quranboyev esa haqiqatdan ham bu binoning ahvoli ta’mirga muhtojligini, bunda ko’mak berishini aytgandi va Prezident tashrifida bu masalani aytgandi. Mablag’ ajratildi, afsuski, u QVPgacha yetib kelmadi sheklli…», deydi – fuqaro H.Jo’rayeva o’z murojaatida.

 

Shuningdek, murojaatchi binoning tom qismidan «chakki o’tayotgani»ni, devorlari yorilib ketganini yozadi. Uning aytishicha, bu masala bir necha bor televideniyada ham olib chiqilgan, Sog’liqni saqlash vazirligi va boshqa shu kabi tashkilotlarga ham yozma murojaatlar bo’lgan. Ammo foyda bermagan.

 

«Shifoxonada bemorlarning davolanishi, shifokorlarning muolaja o’tkazishida bu kamchiliklar muammo tug’dirmoqda. Biz bu masalada e’tibor qaratilishini so’rab qolamiz», – deydi murojaatchi.

MUHIM24.UZ sayti bu masalada Andijon viloyati Paxtaobod tumani hokimligi, viloyat Sog’liqni saqlash boshqarmasidan vaziyatni o’rganib, munosabat berishlarini so’rab qoladi.