Ijtimoiy tarmoqlarda ayol o‘z farzandini qiynab, o‘ldirmoqchi bo‘lgani aks etgan video tarqaldi. Videodan ayol xorijdagi turmush o‘rtog‘i bilan videoqo‘ng‘iroq orqali gaplashgani va unga jahl qilib, alamini bolasidan olganini ko‘rish mumkin. Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB Matbuot kotibi Jahongir Sagdullayev munosabat bildirdi.
Ma’lum qo‘lishicha, voqea samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on shahrida sodir bo‘lgan. “Nurafshon” mahallasida yashovchi 1992 yilda tug‘ilgan F.M.(ayol), ayni damda chet elda bo‘lgan turmush o‘rtog‘i (qonuniy nikohdan o‘tmagan) bilan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida, eriga jahl qilib, voyaga yetmagan farzandiga nisbatan jismoniy kuch ishlatib qiynagan.
Voyaga yetmagan farzandiga nisbatan jismoniy kuch ishlatib qiynagan ayolga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a” bandi hamda 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.
Bildirilishicha, hozirda bolaning sog‘ligi va ahvoli yaxshi, mutaxassislar nazoratiga olingan.