Bosh prokuror yana 5 yilga o‘z lavozimida qoladigan bo‘ldi

Bosh prokuror yana 5 yilga o‘z lavozimida qoladigan bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimiga nomzod ma’qullandi, deb xabar bermoqda Oliy Majlis Senati Axborot xizmati.

«Ma’lumki, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 95 hamda 109-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimiga nomzod Prezident tomonidan taqdim etiladi va senatorlar tomonidan Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqiladi», – deyiladi Senat xabarida.

Senatning 53-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimiga yangi besh yillik muddatga Nig‘matulla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning nomzodi ko‘rib chiqildi hamda ma’qullandi.

Ma’lumot o’rnida, Yo’ldoshev Nig’matilla To’lqinovich 1962-yil 5-noyabrda Toshkent shahrida tavallud topgan. U O’zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan so’ng, 2016-yilning 2-8 sentyabr kunlari Prezident vazifasini vaqtincha bajarib turgan. Shundan so’ng Yo’ldoshev ushbu mas’uliyatli vazifadan bosh tortgach, Shavkat Mirziyoyev hukumat tepasiga kelgandi.

Shuningdek, u 1987-yildan 2011-yilgacha prokuratura tizimida turli lavozimlarda ishlagan. 2011-yilda O‘zbekiston Adliya vaziri lavozimiga tayinlangan va bu lavozimda 2015-yil yanvariga qadar ishlagan.

Nig‘matulla Yo‘ldoshev 2015-yil yanvarida prezident qarori bilan senator etib tayinlangan, 2015-yilning 22-yanvarida yashirin ovoz berish yo‘li bilan Senat raisi lavozimini egallagandi.

Bosh prokuror lavozimiga Yo’ldoshev 2019-yilda tayinlangan edi. U endi ikkinchi muddatga ham qayta saylandi.