O’zbekiston Jahon bankidan ekogrant yutgan birinchi davlat bo’ldi

O’zbekiston Jahon bankidan ekogrant yutgan birinchi davlat bo’ldi

O‘zbekiston chiqindi gazlarni kamaytirgani uchun Jahon banki to‘lovini olgan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. Energetika sektorida emissiyalarni kamaytirish bo‘yicha hukumat siyosatini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida erishgan natijalar chakki bo’lmadi sheklli, natijalar uchun O‘zbekiston Jahon bankidan to‘lov qabul qilgan dunyodagi birinchi davlat sifatida qayd etildi.

 iCRAFT loyihasi doirasida 500 ming tonnalik issiqxona gazlari emissiyasi muvaffaqiyatli kamaytirilgani natijasida Jahon bankining Transformatsion uglerod aktivlari jamg‘armasi (TCAF) O‘zbekistonga 7,5 million dollar miqdorida grant ajratdi. Ushbu natijalarni uchinchi tomon mustaqil ravishda tasdiqladi.

Yuqorida keltirilgan to‘lov O‘zbekiston hukumati va Jahon banki o‘rtasida iCRAFT loyihasi doirasida tuzilgan Qisqartirilgan emissiyalarni sotib olish shartnomasi bo‘yicha kutilayotgan bir nechta transhlarning birinchisidir.

Bitimga ko‘ra, mamlakat energetika sektorini isloh qilish natijasida emissiyalarni, mustaqil ravishda tasdiqlangan holda, qisqartirgani uchun 20 million dollargacha grant mablag‘lari yoki “uglerod moliyalarini” olishi mumkin bo‘ladi.

iCRAFT loyihasini amalga oshirish davomida O‘zbekiston 60 million tonna issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Shundan 2,5 million tonnaga yaqin issiqxona gazlari loyiha doirasida mamlakatdan xarid qilinadi. O‘zbekiston qolgan uglerod birliklarini iCRAFT loyihasini amalga oshirish jarayonida yaratilgan va sinovdan o‘tkazilgan tizim va mexanizmlar yordamida xalqaro uglerod bozorlarida sotishi mumkin bo‘ladi.