foto: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
Open Data Watch» – ochiq ma’lumotlar va rasmiy statistika asosida faoliyat olib boruvchi xalqaro notijorat tashkilotining 2022-yil bo’yicha hisoboti e’lon qilindi. Unga ko’ra O‘zbekiston «Open Data Watch» tashkilotining «Open Data Inventory» (ODIN) Ochiq ma’lumotlar reytingida 66 ball yig‘ib, jahon bo‘yicha 40-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi. Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi. Bu reytingda mamlakatimiz o’tgan 2020-yilda 63 ball bilan 44-o‘rinda edi.
2020-2022-yillar oralig‘ida O‘zbekiston umumiy ball ma’lumotlar qamrovi (data coverage) bo‘yicha 52 dan 56 ga va ma’lumotlarning ochiqligi (data openness) bo‘yicha 72 dan 74 ballarga ko‘tarilgan. «The Open Data Inventory (ODIN)» reytingi esa mamlakatning statistik takliflari qanchalik to‘liqligini va ulardagi ma’lumotlar xalqaro ochiqlik standartiga mos kelishini baholaydi.
Reytingda O‘zbekiston o‘rni yaxshilanishiga jinoyat va odil sudlov, davlat budjeti subinditikatorlardagi sezilarli o‘sishlar sabab bo‘ldi. Хususan, davlat xaridlari jarayonlari raqamalashtirilib, onlayn platformalar orqali amalga oshirish tizimi yaratilgani, sud tizimidagi jarayonlar raqamlashtirilgani, ochiqligi ta’minlanayotgani e’tiborga olingan.
Reytingning 2022-yilgi natijalarida birinchi o‘rinni Singapur egallagan. Keyingi pog‘onalarni esa Daniya, Finlyandiya band etgan.
Mintaqa mamlakatlari hisoblangan, Qozog‘iston 48-, Qirg‘iziston 89-, Tojikiston 120-, Turkmaniston 192-o‘rinlarda qayd etilgan.