Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston nimalarga kelishishmoqda?

Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston nimalarga kelishishmoqda?
Foto: Prezident Matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Moʻgʻuliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux 23-26-iyun kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻladi. Ushbu kunlar davomida Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston Prezidentlari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara oʻtkazdi.

Suhbat avvalida Moʻgʻuliston Prezidenti davlatimiz rahbariga Oʻzbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va koʻrsatilayotgan samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimiz rahbari oliy martabali mehmon va rasmiy delegatsiyaning barcha aʼzolarini dildan qutlab, Moʻgʻuliston Prezidentining ilk davlat tashrifi Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston koʻp qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi sahifa ochishini alohida taʼkidladi. Muzokaralar davomida mamlakatlar oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida oʻtgan muzokara davomida:

Shu kunlarda Toshkentda Moʻgʻuliston elchixonasining rasmiy ochilishi boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Moʻgʻuliston Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini toʻliq qoʻllab-quvvatlagan birinchi davlatlardan biri boʻlgani va tegishli bayonnomani imzolagani qayd etildi.

Foto: Prezident Matbuot xizmati

Yaqin yillarda oʻzaro savdo hajmini, eng avvalo, talab yuqori boʻlgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5-10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda hukumatlarga tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari boʻyicha qoʻshma ishchi guruh tuzish, Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini oʻzaro yengillashtirish boʻyicha takliflar kiritish topshirildi.

Davlatimiz rahbari oʻrta muddatli Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Hamkorlikning bir qator yoʻnalishlari aniqlab olindi. Bu avvalo, geologik qidiruv, xomashyo resurslarini oʻzlashtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shu jumladan, bu sohada kadrlar tayyorlashni tashkil etish.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligi va turdosh tarmoqlarda kompleks hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Bu borada Qoraqalpogʻiston, Namangan va boshqa viloyatlarda yirik chorvachilik komplekslarini tashkil etish boʻyicha aniq rejalar bor.

Bugun Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston yetakchilari ikki mamlakat biznes doiralari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Ular tomonidan yangi loyiha takliflari tayyorlangan. Toshkentda ilgʻor texnologik yechimlar asosida zamonaviy diagnostika markazini ochish, yengil sanoat, raqamlashtirish, farmatsevtika sohasidagi loyihalar shular jumlasidan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux O‘zbekiston bilan Mo‘g‘uliston o‘rtasida davlatlararo munosabatlar va hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi.

Madaniy-gumanitar aloqalar va almashinuvlarni mustahkamlashga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Eng nufuzli universitetlar oʻrtasida akademik almashinuvlarni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, grantlar asosida iqtidorli moʻgʻulistonlik talabalarni Oʻzbekistonda oʻqitishni qayta tiklash boʻyicha kelishuvga erishildi. Ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirish maqsadida Gumanitar hamkorlik dasturini tayyorlash va kelgusi yilda Toshkent va Ulan-Batorda madaniyat kunlarini oʻtkazish taklif qilindi. Mavjud vizasiz tartibni inobatga olgan holda, qoʻshma dasturlar va mahsulotlar asosida turizm almashinuvlarini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va yoshlar sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash topshirildi. Davlatimiz rahbari Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muloqotni davom ettirish uchun Moʻgʻulistonga javob tashrifi bilan kelish taklifini qabul qildi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakat o’rtasida  jami 14 ta hujjat imzolandi:

– Savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik toʻgʻrisidagi 2024-2026-yillarga moʻljallangan hukumatlararo dastur;

– Turizm sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Havo aloqasi toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Xalqaro avtomobil aloqasi toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

– Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2024-2025-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;

– Xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Qishloq xoʻjaligi vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Veterinariya va chorvachilik sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Fanlar akademiyalari oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik toʻgʻrisida bitim;

– Milliy axborot agentliklari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Savdo-sanoat palatalari oʻrtasidagi hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma;

– Qoʻshma Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish toʻgʻrisida bayonnoma;

– Toshkent va Ulan-Bator shaharlari maʼmuriyatlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim.

Oʻzbekiston va Moʻgʻuliston yetakchilari oliy darajadagi muzokaralar yakunlari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdi.

Davlatimiz rahbari Moʻgʻuliston Prezidentining ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi birinchi tashrifi Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston doʻstligini mustahkamlash va koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan oʻzaro intilishning tasdigʻi boʻlganini qayd etdi.

– Moʻgʻuliston biz uchun Osiyo mintaqasidagi anʼanaviy va ishonchli hamkordir. Oʻzbekiston-Moʻgʻuliston munosabatlari doʻstlik, oʻzaro hurmat va qoʻllab-quvvatlash tamoyillariga asoslangan boʻlib, konyunkturaga bogʻliq emas, – dedi Oʻzbekiston Prezidenti.

Dilmurod TILOVOV tayyorladi