Bolaning noqonuniy diniy ta’lim olishida ota-onalarga jazo kuchaytirilishi mumkin

Bolaning noqonuniy diniy ta’lim olishida ota-onalarga jazo kuchaytirilishi mumkin

O‘zbekistonda bolani noqonuniy diniy ta’lim olishga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash rejalashtirilmoqda. Qonunchilikdagi tegishli o‘zgarish ko‘zda tutilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bugun, 25 iyun kuni deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasi bilan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash, bunda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasini qo‘shimcha bandlar bilan to‘ldirish taklif etilmoqda.

Ya’ni, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bola qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilinsa, BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (3,4 million so‘mdan 5,1 million so‘mgacha) jarimaga tortiladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha (5,1 million so‘mdan 8,5 million so‘mgacha) jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosini tayinlash belgilanmoqda.

Shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan bolani qonunga xilof ravishda diniy ta’lim olish jarayoniga jalb qilishga, ya’ni bolani ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki litsenziyaga ega bo‘lmagan tashkilotlar yoxud maxsus diniy ma’lumoti bo‘lmagan va diniy tashkilotlarning O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha markaziy boshqaruv organining ruxsatisiz diniy ta’lim berayotgan shaxslar ixtiyoriga diniy ta’lim olishi uchun topshirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bolalarning ta’lim olish sohasidagi huquqlarini himoya qilish, ularning komil inson bo‘lib yetishishiga, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari qurboniga aylanishining oldini olishga xizmat qiladi.