Tayloqda 6 yoshli o‘gay o‘g‘lini kaltaklagan erkak ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi

Tayloqda 6 yoshli o‘gay o‘g‘lini kaltaklagan erkak ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida 6 yoshli o‘gay o‘g‘lini kaltaklagan erkak ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi. Bu haqda bolalar ombudsmani xabar berdi.

Aniqlanishicha, 23-iyun kuni 1988-yilda tug‘ilgan erkak Sh.N. o‘zi bilan birga 2024-yildan sha’riy nikohda bo‘lgan T.D.ning 2017-yilda tug‘ilgan 6 yashar o‘g‘il — E.O.ni yashash xonadoni hovlisida kamar bilan kaltaklagan.

Holat yuzasidan 24-iyun kuni tergovga qadar tekshiruv boshlandi. Voyaga yetmagan bolada tan jarohatlari aniqlanib, hozirda unga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Bu borada sud tibbiyot ekspertizasi tayinlangan.

Shuningdek, erkak Toyloq tumani tibbiyot birlashmasi tibbiy ko‘rigidan o‘tkazilganda, uning ruhiyatida o‘zgarishlar borligi aniqlanib, Samarqand viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yotqizildi va uning holati yuzasidan sud-psixiatrik ekspertiza tayinlandi.

Hozirda holat yuzasidan Toyloq tumani IIB huzuridagi TB tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib bormoqda.