1 mln dollarlik radioaktiv va zaharli qurilmalar «savdogar»lari qoʻlga tushdi

1 mln dollarlik radioaktiv va zaharli qurilmalar «savdogar»lari qoʻlga tushdi

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida  kontrabandaga qarshi kurash yoʻnalishida oʻtkazilgan tezkor tadbirlardan biri davomida viloyat hududida radioaktiv va zaharli qurilmalarni sotish bilan shugʻullanib kelayotgan shaxslar qoʻlga olindi.

Andijon viloyatida tugʻilgan, muqaddam JKning bir necha moddalari bilan  sudlangan fuqaro M.S. va andijonlik sherigi R.S. hamda Samarqand shahrida yashovchi fuqaro J.O.lar oʻzaro til biriktirgan holda jinoiy guruh tuzib, moʻmay daromad topishni rejalashtirgan.
Maʼlum boʻlishicha, fuqaro R.S. jinoiy sherigi M.S.ning taklifiga koʻra, Andijon viloyatidagi tanishidan, goʻyoki harbiy maqsadda foydalaniladigan radioaktiv va zaharli qurilmalarni Samarqand shahriga olib kelib, ishonchli xaridor topilguniga qadar Samarqand shahridagi mehmonxonalardan birida yashab kelgan.
Keyinchalik, M.S. Samarqand shahridagi tanishi J.O. orqali mazkur moslamalarni umumiy hisobda 1 million AQSH dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotishga kelishib, oldindan 200 000 AQSH dollari talab qilgan. Natijada, mazkur shaxslar ichida 1 kg “Simob” kimyoviy moddasi mavjud boʻlgan qoʻlbola usuldagi qurilmani 200 000 AQSH dollari evaziga mahalliy fuqaroga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilishi rejalashtirilib, tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.