«Nima shu yoqqa ketadir» — Qodiriyga «Urishtirma»

«Nima shu yoqqa ketadir» — Qodiriyga «Urishtirma»

Joriy yilda «MUSHTUM» jurnali oʻzining 100 yillik yubileyini nishonlamoqda. Fursatdan foydalanib, «PAXTACHI» gazetasi tahririyati jamoasi jurnal ijodkorlari va jamoasini bayram bilan tabriklab qoladi.

Avval «MUSHTUM»dan parcha:

NIMA QAYOQQA KETADIR?

– Ishchining topqoni xoʻjayinning xaltasiga ketadi.
– Savdogarning topqoni oʻgʻul toʻyiga ketadi.
– Toshkand koʻnchilarining topqoni qishliq toʻkma bilan yozliq gapga ketadi.
– Qimorbozning topqoni gartkam bilan toʻrtta oshiqqa ketadi.
– Bedanabozning topqoni tariqqa ketadi.
– Muridning topqoni eshonga ketadi.
– Eshonning topqoni sakkizta xotungʻa ketadi.
– Xotunlarning topqonlari issiq-sovuqchi domlagʻa ketadi.
– Boybachchaning topqoni “turkvino” bilan barishnaxonlargʻa ketadi.
– Yoshlarning topqonlari upa-elik bilan oʻsma-surmalarga ketadi.
– Eski shahar ispolkoʻmining topqoni har xil yuqori shefstvolarga ketadi.
– Baladiya boʻlimining topqoni xizmatchilarining maoshiga ketadi.
– Vaqf shoʻrosining topqoni idorasini bejash uchun qip-qizil gilamlarga ketadi.
– Otning topqoni eshakka ketadi.
– Boʻrining topqoni  tulkiga ketadi.
– “Mushtum”ning topqoni turkistonliklarning tumshugʻiga ketadi.
– Ushbularni oʻqugʻon kishining dami damboligʻa ketadi.
– Bizning topqonimiz achchigʻ-tiziqqa ketadi! – deb:

Mulla JULQUNBOY yozdilar.

“MUSHTUM”: Yozgʻonlaringizning hammasi ham havogʻa ketadur! – deb biz ham muhrimizni bosdiq.

(“Mushtum” jurnali. 1923-yil, 3-son)

==================

Yangi va zamonaviy:

NIMA SHU YOQQA KETADIR:

(mulla Julqunboygʻa «urishtirma»)

– ishsizning topqoni Aholi banliqqa koʻmaklashuv markazigʻa ketadi;
– Aholi bandliqqa koʻmaklashuv markazining topqoni quruq vaʼdabozliq va hisobotgʻa ketadi;
– yoʻlovchining topqoni yoʻlkiragʻa ketadi;
– kirakashning topqoni «zapravka»gʻa ketadi;
– «zapravka»chining topqoni 80 benzingʻa «kondinsot» qoʻshub, «91» qilib pullashgʻa ketadi;
– mullallarning topqoni fuqaroni faqat va faqat shukur qildirishgʻa ketadi;
– «noshukur» fuqaro ersa odamday yashamak istab, Rossiyagʻa ketadi;
– bunday fuqaroning oʻgʻullarining topqoni aroqxoʻrliqqa ketadi;
– qizlarining topqoni internet otligʻ ochiq mozor… uzr, ochiq bozordin er izlamoqqa ketadi;
– ondin er topilmasa, Turkiya yo Dubaygʻa ketadi;
– oʻqitgʻuvchilarimiz topqoni XTBning shiftgʻa qarab toʻqugʻon va aslida bir itga ham nokerak boʻlgʻon hujjatlarni toʻldirishgʻa ketadi;
– duxturlarimiz topqoni kasal mardumni banan misoli archimoqqa ketadi;
– muxbirlarimiz topqonichi… shularni koʻrub-kuyub-yonub-yozub… balo ham isloh topmagʻach, orttirgʻan asab xastaliqlaridin davolanishgʻa ketadi (vijdoni borlarining, albatta!)…

(…davom ettirmak istagʻanlar, bosh ustigʻa!)

© mulla Julqunboygʻa uvaysiyona murid Jantoqboy yoz(gʻir)di.

P.S: Tahririyatda ijodkor ilhomi va koʻrgan-kechirgan atrofimizdagi voqealar asosida yozilgan HAQIQAT.