Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ijtimoiy shart-sharoitlarni yaxshilash masalalari koʻrib chiqildi
13-sentyabr kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva AQSH prezidentining nogironlarning xalqaro huquqlari boʻyicha maxsus maslahatchisi Sara Minakara xonim bilan uchrashdi.
Muloqot davomida nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ijtimoiy shart-sharoitlarni yaxshilash va bu boradagi ishlarni xalqaro standartlar asosida tashkil etish boʻyicha hamkorlikdagi rejalarga eʼtibor qaratildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan barcha sohalardagi islohotlar “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida tashkil etayotgani alohida taʼkidlandi. Bu boradagi ishlar S.Minakara xonim tomonidan ham eʼtirof etildi.
Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekistonda inklyuziv jamiyatini rivojlantirish va nogironligi bor shaxslarning barcha sohalardagi faolligini oshirishga doir chora-tadbirlarni muhokama qildi.
Shuningdek, nogironlikni oldindan aniqlash hamda korreksiya qilish, tibbiy modeldan inklyuziv modelga oʻtish va sifat darajasini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari koʻrib chiqildi.
Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maqbul muhitni yaratish, jamiyatda mavjud stereotiplarni bartaraf etish hamda bu borada davlat va nodavlat tashkilotlarining vazifalari xususida ham fikr almashildi.