Ijtimoiy tarmoqlarda darsda o’quvchini urayotgan pedagog aks etgan video keskin muhokamalarga sabab bo’layotgan edi. Ma’lum bo’lishicha voqea Toshkent sharhi Chilonzor tumanidagi 188-sonli umumta’lim maktabida sodir bo’lgan. Ushbu holat yuzasidan 2012-yilda tug’ilgano’quvchining onasi Bolalar ombudsmaniga murojaat qilgan. 23-sentyabr kuni mazkur maktabning 6 «V» sinfida rus tili fani darsi vaqtida o‘qituvchi R.O. va uning o‘g’li E.G. o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelganligi, o‘qituvchi bolaning qulog‘idan cho‘zib, qo‘pol harakatlar bilan o‘tirgan partasidan bolani doska oldiga olib chiqqanligi, yuziga tarsaki urib va yoqasidan bo’g’ib, bolani boshini bir necha bor doskaga urganligini bildirgan.
Sinf rahbari bu zo’ravonlikdan xabardor bo’lgan, ammo vaziyatni o’rganmasdan bolani o’zini aybdor qilib qo’ya qolgan. Bolalar ombudsmanining IIV va MMTV ga so’rovi asosida mazkur holat o’rganilmoqda. Hozirda Chilonzor tumani IIB tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda.
Vaziyat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan munosabatda keltirilishicha, o‘qituvchi sinov muddati bilan maktabga ishga taklif qilingan, lekin u mazkur maktabga ishga qabul qilinganligiga oid buyruq rasman hali chiqmagan bo‘lib, yuqoridagi voqea uning dastlabki ish kunida sodir bo‘lgan.