Kecha, 16 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Davlat rahbarlari o‘zaro savdoni ko‘paytirish, yetakchi korxonalarning sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, qo‘shma Loyihalar ofisi doirasida ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratgani aytilmoqda.
Shu ma’noda, “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro ko‘rgazmasi va O‘zbekiston-Rossiya hududlar forumini o‘tkazish muhimligi ta’kidlangan.
Ikki davlat yetakchilari madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari yuzasidan ham fikr almashib, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqqan.
Kreml esa ushbu suhbat tafsilotlariga ko‘p to‘xtalmagan. Putin Matbuot xizmati O‘zbekiston rahbari bilan muloqotni “Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga oid qator masalalar ko‘ril chiqildi” deb izohlagan.