Foto: daryo.uz
O‘zbekiston Oliy sudi axborot xizmati rahbari Aziz Abidov mamlakat sudlari aksariyat xorijiy mamlakatlar sudlariga nisbatan ancha ochiq va kirib-chiqish qulay ekanini aytdi. Bu borada u Parkent tumanida Oliy sud, AOKA, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamda USAID hamkorligida bo‘lib o‘tayotgan “Ommaviy axborot vositalarida sudlar faoliyatini yoritish: qonun talabi va masʼuliyatli yondashuv” mavzusidagi seminar-treningda gapirgan.
“Ochiq va yopiq sudlar haqida gap ketganda bir jumlani ishlataman: men yuz foiz masʼuliyat bilan aytamanki, O‘zbekiston sudlari boshqa xorijiy davlatlar sudlariga nisbatan taqqoslaganda ulardan sal ochiqroq”, dedi Oliy sud raisining matbuot kotibi.
U seminarda OAV vakillari bilan muloqot qilar ekan, dam olishga yoki biror bir ish bilan xorijga chiqayotgan jurnalistlarga o‘sha davlatning sudlarida bo‘lib, kirib-chiqish va sudlarni yoritish borasida qiziqib ko‘rishni tavsiya qildi.
“Sizlardan bitta iltimos, agar xorijga ish bilan yoki dam olishga borsangiz, sudlari bilan qiziqib, kirib-chiqish qandayligini biling. Keyin qaytib kelgach, gapirib berasiz”, deydi u.
Masʼulning taʼkidlashicha, O‘zbekiston sudlarining ochiqligi boshqa davlat sudlarining ochiqligidan ancha ustun.
Aziz Abidovning eslatishicha, O‘zbekistondagi barcha sudlar ochiq. Faqatgina davlat siri va jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlargina yopiq tarzda ko‘riladi.
Eslatib o’tamiz, O’zbekiston o’tgan yili World Justice Project (WJP) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan Qonun ustuvorligi indeksining yillik reytingida O‘zbekiston 142 davlat orasida 78-o‘rinni egallagandi.