Joriy yilning may oyida DXXning Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Xovos tumani hokimining oʻrinbosari oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish bilan shugʻullanuvchi MCHJga tegishli yerlarni hokimlik zaxirasiga olmaslik, aksincha, sugʻorish ishlariga sharoit yaratib berish hamda faoliyatiga hech kim aralashmasligini taʼminlash evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 1000 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan edi.
Hovos tumani hokimi oʻrinbosariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 4-qismi “a” bandi hamda 28,211-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Sardoba tuman sudining hukmiga muvofiq, mazkur mansabdor shaxs 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Ushbu xabar yuzasidan jamoatchilik faollari ham o‘z fikrlarini bildirishmoqda.
Jumladan, Rasul Kusherbayev ham sahifasida jarayonga baho berar ekan, hokim o‘rinbosarlari va yordamchilari pora bilan qo‘lga tushishi, ammo hokimlarning yana suvdan quruq chiqayotganiga ishora qilgan.
«Anʼana davom etmoqda: hokim oʻrinbosari va yordamchilari pora bilan qoʻlga tushgan, hokimlar esa “oppoq”.
Negadir doim hokim oʻrinbosarlari yoki yordamchilarining pora bilan qoʻlga tushaverishi hokimlar oʻzlariga kadr tanlashda qattiq adashishayotgani yoki bila turib poraxoʻr xodimlarni ishga olishayotganini koʻrsatmoqda», – deydi Kusherbayev.