Qochib ketgan tergovchi hamon topilmadimi?

Qochib ketgan tergovchi hamon topilmadimi?

Yunusobod tumani prokuraturasining tergovchisi (Sh.Sh.) 40.000 AQSH dollari porani olish jarayonida voqea joyidan qochib ketgandi.

Bosh prokuratura ushbu shaxsni qidirish ishlari olib borilayotganini bildirgan.

Boshqa soha va tizimlardagi poraxoʻrlik haqida maʼlumotlar ochiq-oydin berilayotgan bir vaqtda qochib ketgan bu tergovchining ushlangan-ushlanmagani haqida haligacha biror maʼlumot yoʻq.

Ushbu holat yuzasidan Rasul Kusherbayev fikr bildirar ekan, «Porashunoslik boʻyicha ekspertlarning bildirishicha, tergovchilarning “stavkasi” odatda 5-10 ming dollari atrofida boʻlib, 40 ming dollar teparoqdagilarni “stavkasi” deyishmoqda. Bu bir fikr» deydi Kusherbayev.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrida prokuratura katta tergovchisiga qidiruv e’lon qilindi. U fuqarodan jinoyat ishini hal qilib berish evaziga 40 ming dollar olib, qochib ketgandi. 7-oktabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda tergovchi kelishilgan 40 ming dollarni olib, jinoiy ta’qibdan qutulish maqsadida noma’lum tomonga yashiringan. Pul ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan, deya tushintirgan Bosh prokuratura.

Holat yuzasidan Sh. Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandi (Juda ko‘p miqdorda pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayblanuvchiga nisbatan sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanib, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.