Zehniyat oʻzgarmasa, hammasi bekor

Zehniyat oʻzgarmasa, hammasi bekor

Bizning jamiyatda ham odamlar oʻsha eski sarqitlar, har xil ruh va diniy bir nimalarga ishonish, dinni fanatizm darajasiga chiqarib olishlar koʻpayib bormoqda.

1500-yilgacha musulmon olamidagi va umuman Osiyo qitʼasidagi yaratilgan imperiyalar faqat yerlarni fath etish bilan chegaralangan va egallangan yerlarda majburiy oʻz dini va odatlarini singdirish bilan shugʻullangan.

1500-yillardan keyin Yevropa kuchayishiga sabablardan biri “Kashf et – fath et” prinsipi edi, faqatgina fath etish va u yerda dinni tarqatish asosiy ish emas edi, ularga umuman urf-odatni tarqatish shart emas edi, ular fath etilgan joylarda kashfiyotlar uchun ilm insonlarini olib yurar edi.

Hatto, 1798-yilda Napoleon Misrni bosib olganda oʻzi bilan 165 nafar ilm insonlarini olib borgan, ular orasida zoologiya, kimyogarlar, botaniklar, geograflar bor edi. Bu ilm insonlari borib-borib butun Yevropani rivojlanishiga xizmat qildi.

Biz esa oʻsha ruhlar, ins-u jinslar degan narsalarga ishonib yuraverdik. Jugʻrofiya oʻqitish shirk deb baholab qancha odamlar toshboʻron qilinishiga nari-berisi 100-yil boʻldi. Oʻsha davrlarda ham biznikilar latta-putta, soch-soqol mavzularida soatlab murosalar, ilmiy majlislar qilishgan.

Hozir ham juda koʻpchilik universitetlarda forma, galstuk, soch-soqol, roʻmol, takya degan narsalar kun mavzusida turibdi… aslida zehniyatimiz hali ham oʻzgarmayapti menimcha…

Biz oʻqishdan asosiy maqsad nima degan savolga javobni har birimiz oʻzimizga berib koʻrishimiz kerak.

Agar oʻqishdan maqsad faqat diplom, faqat baho olish yohud qandaydir ishga kirish boʻlsa, unda oʻqish umuman kerak emas, kashfiyotchilar qoʻlida oddiy qora ishchi boʻlib qolaverasiz. Asosiy maqsad kashf etish boʻlishi kerak. Kundalik ravishda nimadir yangi narsani kashf qilib borishingiz kerak.

Bektosh HOTAMOV, «Profi» universiteti asoschisi, yurist.