200 mln. so’mga yaqin noqonuniy dorilar ushlandi

200 mln. so’mga yaqin noqonuniy dorilar ushlandi

Toshkent shahri Yunusobod tumanida 199 million so‘mlik dori vositalarini noqonuniy sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bu haqda habar qildi.

Departament va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 10 ming quti Levomer 500ig (levofloksatsin) antibiotikini 199 million so‘mga sotishga urinishning oldi olindi.

“Xorijda ishlab chiqarilgan dori vositalarida ularning sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlar bo‘lmagan”, — deyiladi xabarda.

Fuqaro N.K. va boshqalar M.X.ga dori vositalarini 13 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Saida Ibodullayeva, tayyorladi