Tibbiy sug’urta mexanizmlari endi tumanda ham joriy etiladi

Tibbiy sug’urta mexanizmlari endi tumanda ham joriy etiladi

Tibbiyotda aholi uchun yana bir qulaylik: Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari tumanda joriy etilmoqda

Foto: «Baomoi.com

Yaqinda O‘zbekiston Respub­­li­kasi Prezidentining “Davlat tib­biy sug‘urta me­xanizmlarini jo­riy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘ri­si­da”gi 311-qarorining mazmun-mohiyatini tushuntirish va ijrosini ta’minlash yuzasidan Paxtachi tumanining madaniyat binosida yig‘ilish o‘tkazildi.


Yig‘ilishni tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i U. Suvanov, tuman hokimi o‘rinbosari A. Qo‘ldoshev, Birlashmaning DTS bo‘yicha koordinatori N. Egamber­diyevalar olib borishdi.

Unda, shuningdek, tumandagi 59 ta mahalla raislari, xotin-qizlari, ijtimoiy xodimlar va oilaviy poliklinika, oilaviy shi­fokorlik punkti mudirlari ishtirok etishdi. Avval, Paxtachi tuman tibbiyot birlash­masi boshlig‘i U. Suvanov yig‘ilishni ochib, kun tartibidagi masala va yig‘ilish ishtirokchilari bilan tanishtirdi.

Tuman aholisiga ko‘rsatilayotgan bir­lam­chi tibbiy sanitariya yordamining sa­maradorligini oshirish, aholining ehtiyoj­mand qatlamlariga malakali tibbiy yor­dam ko‘rsatishni manzilli va maqsadli ta’minlashda birinchi navbatda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar bo‘yicha to‘xtaldi. So‘ngra so‘z birlashmaning Davlat tibbiy sug‘urtasi bo‘yicha mas’ul koordi­na­tori N. Egamberdiyevaga berildi va mam­lakatimiz rahbarining yuqoridagi qarori yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Mazkur taqdimotda qarorning maz­mun-mohiyati tushuntirildi.

Unga ko‘ra, davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida bepul tib­biy xizmatlar ko‘rsatish va dori vosita­la­rini taqdim etish – Davlat budjetiga to‘la­na­yotgan soliqlar hisobidan amalga oshi­ri­ladi. Bunda aholidan davlat tibbiy su­g‘ur­tasi uchun qo‘shimcha to‘lov undiril­maydi, deyiladi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqich­ma-bosqich joriy etiladi:

   

davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafo­latlangan hajmlari tasdiqlanadi va ushbu paketga kiritilgan tibbiy xizmatlar va dori vositalari Davlat tibbiy sug‘urtasi jam­g‘armasi mablag‘lari hisobidan taqdim etiladi;

kafolatlangan paketga kiritilgan tib­biy xizmatlardan bepul foydalanish uchun aholi oilaviy shifokorga yoki tib­biyot brigadasiga murojaat qilish talab etiladi. Bunda oilaviy shifokor davolash va tashxislash standartlariga muvofiq tor soha shifokorlariga, zarur hollarda shifo­xonaga elektron yo‘llanma beradi hamda bemor mazkur yo‘llanma asosida tor so­ha shifokori tomonidan ko‘rikdan o‘tka­zi­la­di va yoki shifoxonaga yotqiziladi. Ush­bu tartibga rioya etilmagan hollarda tibbiy xizmatlar pullik asosda ko‘rsatiladi;

shifokor rasmiylashtirgan elektron resept asosida dori vositalari kafolat­lan­gan paket doirasida bemorlarga dori­xonalar tomonidan bepul beriladi va dori­xo­nalarning tegishli sarf-xarajatlari Jam­g‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

tibbiyot tashkilotlari faoliyatidagi jara­yonlarni o‘z ichiga oluvchi boshqa axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qili­nadigan “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi yaratiladi va ishga tushi­riladi;

kafolatlangan paketga kiritilgan tib­biy xizmatlar ko‘rsatilishiga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb etiladi;

tuman, viloyat va respublika shifo­xo­nalarida tibbiy yordam ko‘rsatishda ka­sal­likning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tasdiqlanadi va amaliyotga joriy etiladi;

imtiyozli toifadagi shaxslar shifokor ko‘rsatmasiga binoan axborot tizimi or­qa­li shakllantiriladigan yo‘llanma asosida res­publika darajasidagi tibbiyot muas­sa­salarida Davlat budjeti mablag‘lari hiso­bidan bepul davolanadi.

Davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish bo‘yicha tibbiyot xodimlari mahalla faol­lari bilan hamkorlikda aholiga tushun­tirish, ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshi­rish­lari lozim ekanligi ko‘rsatib o‘tildi. Yig‘ilish so‘nggida ishtirokchilar tomo­nidan berilgan savollarga bir­lashma boshlig‘i U. Suvanov va koordinator N. Egamberdiyevalar qo­niqarli javoblar berishdi hamda ish­tirokchilarga Davlat tibbiy sug‘urtasi bo‘yicha bukletlar tar­qatildi.

Madina ERKINOVA, «MUHIM24.UZ»