Qayerda eshitsang “g‘at-g‘at”, o‘sha yerda – “qiyomat”

Qayerda eshitsang “g‘at-g‘at”, o‘sha yerda – “qiyomat”

…Qayerda eshitsang “g‘at-g‘at”, o‘sha yerda – “qiyomat”

(yuz yildan beri aytib-yozib-yozg‘irib kelinayotgan, ammo baloyam o‘zgarmagan muammomiz haqida)

Saodat asri. Quruqlikning qoq o‘rtasi. Mutlaq Muallim suyukli qizini yanada suyubroq alqadi. Ammo biroz had saqladi: axir, endi u tuyalarga kun bermay, sho‘xlik qilib yuradigan, shaddod qizaloq emas, balki yigirmaga to‘lgan, rasida bir hilqat edi. Qolaversa, unga o‘zi nazar solib, siylagan bir bandai risola “og‘iz solib” keldi. Qiz bersa, shunday shunqor, yuragida yoli bor yigitga beradi-da. Lekin qizini o‘zining bir bo‘lagi, deb bilgan Mutlaq Muallim uning ham joni, huzur-halovati, yuzxotiridan ko‘nglini so‘rab kelgan edi. Odaticha oshiqmay, dona-dona so‘zladi, rizo yoki norizoligini so‘radi, javobini kutdi – sukut. Yana so‘zladi, so‘radi, kutdi – sukut. Yana… – sukut.

Xiyol xavotirda arjumandining yuz-ko‘zlariga termuldi: yanoqlari loladay duv qizargan, qaroqlari masrur chaqnar, tabassumga moyil lablarini qimtibgina boshini egdi. “Sukut – alomati rizo” fahmladi Mutlaq Muallim…

1915-yil. Toshkent. Teatr tomoshasi. Tevarak tumonat odam: kim turib, kim o‘tirgan, g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir, homuza…
Sahnada yigirma besh yoshlar miyo­nasidagi, uniqqan kiyimli, rangpargina yigit, ro‘parasida o‘tirmish amakisiga arzi hol etardi: “…Zamonamizda yomon bid’at, isroflar taraqqiy topkan, uncha-muncha oqchag‘a bu vaqtda uylanmak qiyin, meni oqcham boyagi aytkanim. Sizg‘a xo‘b, xotun olaman, uylanaman desam, Fayziboy mendan zamonag‘a muvofiq oqcha olsa, ul vaqtda men qarzdor-abgor bo‘lib qolsam, ish qanday bo‘lur, hozir avf etasiz, amaki?..” (Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyav” dramasidan).

Bugunimiz. Ha, go‘zimatchi (“gazetachi” – bu va bundan keyingi barcha izohlar o‘zimizniki – Sh.B) uka, xolamning xachiriday so‘ljayib turishing­ga qaraganda, manga bir so‘roq-istog‘ing borga o‘xshaydi-a? Tovushing qayering­dan chiqyapti, o‘zi, eshitayotgan bo‘lsam, eshakmiya yeb o‘lay. Beriroq kelchi, avval. Qo‘rqma, yuqadigan pesim yo‘q. Ma, obi xudoyidan olchi. Hozirgina damlagandim. Bu havoda ichingga issiq kirib turmasa, shunaqa, tovushing burningdan tepaga chiqmay qoladi.

Ana, endi gapir. Labbay? Bugunning to‘y-hashami haqida nima deyman? Uf-f, mana shunday chirting-pirting gaplar­dan tinkalaring qurimadimi-yey? Dilbu­zardayam (TV) shu gap, “shaytonovoz”- (radio)dayam shu gap, go‘zimatlardi-ku (gazetalar) uvadasi chiqib ketdi. Ammo-lekin, joni qattiq pro‘blem ekan-da o‘ziyam.
Hay, mani odam sanab, labkangni (papkangni) qo‘ltiqlab kepsan, qulluq, uka. Gapning gartkamiga ko‘chsam, o‘zim ham shu sha’sha’dorliqlardan to‘lib, ko‘pchib, kimga yorilarimni bilmay yurgandim. Xudoyimdan aylanay, yo‘llagani shudir-da.
Endi, uka, mani bilasan, bir joyginada tinib-tinchib, bosib o‘tiradiganlar xilidanmasman. Yurt kezib, el oralashga suyagim yo‘q. Shunga, tusagan joyingdagi jir bitganlarning qilmishidan rivoyat qilishim mumkin. Hammasi tirnog‘imning yuzida.
Kulma-yey, kufrim qo‘ziydi! Nima, Toshpo‘lat tog‘am katta og‘izlik qildi-yov, deb o‘yladingmi? Vey, sanga lof urganim uchun kimsa kelib, nosqovog‘imni to‘ldirarmidi? Bo‘pti-da. Qani, piyolangni uzat-chi…

…Saodat asri. Quruqlikning qoq o‘rtasi. Mutlaq Muallim qarshisida qiziga “xaridor” bo‘lib kelmish xushsurat, zarif zaboni-yu o‘t nigohlari bilan iblisni-da hayiqtiruvchi yigitga o‘zgacha bir mehr, tahayyul ila boqib turardi:

– …Mahrga biror narsang bormi?
– Yo‘q.
– Hutamiyya sovuting qani?
– O‘zimda.
– O‘shani ber, bo‘lmasa.

Yigit sovutni olib keldi. Mutlaq Muallim uni sotishga amr etdi. Yigit bozor oraladi. Sovutni Mutlaq Muallim­ning sadoqatli some’laridan biri, 480 dirhamga sotib oldi. Va o‘sha zahotiyoq qaytib berdi – hadya, to‘yona sifatida. Yigit bir dirhamni-da sarflamay, bosh urib borgan ostonasiga keltirdi.
Mutlaq Muallim ularni muborak qo‘llari bilan olib, bir qismini xushovoz bir ixlosmandiga berdi va atir hamda shu kabi muattar narsalar sotib olishni uqtirdi. Qolganini esa boshqa bir yaqini­ga uzatarkan, kelinga kerakli narsalarni xarid qilishni tayinladi. So‘ngra some’­lar­ni chaqirib, ularni o‘z qizini haligi yovqur yigitga 400 misqol kumush mahr ila qoim sunnat va vojib farizat sharti bilan nikohlab berayotganiga guvoh qildi…

…1915 yil. Toshkent. Teatr tomosha­si. Ikkinchi parda. Sahnada, endi to‘qlik, to‘kislik manzarasi. Shinamgina meh­monxona. Quyuq-suyuq dasturxon. Biroq hali taom tortilmagan. To‘rt kishi o‘zaro qizg‘in mubohasada. Aniqrog‘i, bittasi – 35 yoshlardagi ellikboshi, ikkitasi – bo‘lajak kelinning otasi (Fayziboy) va uning yaloqxo‘ri domla-imomga so‘zini yetkazolmay qizishardi: “…Undoq isrofchi boylarni qo‘yabersangiz-chi, taqsir, hollari o‘zingizg‘a ma’lum, har kimdan qarzdor bo‘lib turub, qo‘llaridagi birovning oqchasini to‘y-tomoshag‘a isrof qilib, puldorni pulini topib berolmay, sinib, mulk ashyodan ajralub yotkanlarini ko‘rmadingizmi? Ularning to‘yini to‘y demang, oxiri aza-ku, taqsir!”
To‘rtinchi kas – Abdurahim (kuyov­ning amakisi) esa ora-chora g‘o‘ldirab qo‘yardi: “…Kamayturing. Solihni bilasiz, hech nimasi yo‘q, yetim, mundoqangi oshuqcha olaman, demang!” (Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyav” dramasidan)…

Bugunimiz. …Xo‘sh, gap boshidan uzoqqa uloqmay, shu zamonamizdag‘i ahvoldan boshlasam. Shu desang, bun­dagi to‘yxonalar teatr-u amsoli bo‘ldi-qoldi. To‘ylarini tomosha, deysan: boshiga ro‘ymoldan bo‘lak har nimarsani ilib tashlab, bet-ko‘zini pardasiz pardoz­lagan, nimgo‘jalak kelinni tomosha qilasan, uning qabatida qo‘nqaygan berashk, belbog‘sizni tomosha qilasan, uying kuygur “oqsoqol”-u (araq) “obi surx”(vino)lardan otvolib, bir haftalik buzoqday dikonglayotgan yosh-yalangni tomosha qilasan, yana, damlab qolgan sigiri belabonday harsillab-lorsillagan xotin-xalaj-u ularning girdida chala cha­voqlangan xo‘rozday pitir-pitir qilayot­gan erkak bo‘lmishlarni… Hov, musul­monmisan, yig‘ishtir-yey merto‘q-serto‘q qiliqlaringni, deydigan hayvoni notiq bo‘lsa, qani-da! O‘zim bir necha karra to‘g‘ri bo‘ldim-u, jahrim orsiz­lar­ning ovo­zidan o‘tib tusholmadi. Bu zamon­ning kalo‘nkalariyam (kalonkalari ham) bir balo – gapni gapga qo‘shmaydi. Qulo­g‘ingni qarg‘a cho‘qigur, pastroq qo‘yib o‘ynasang bo‘lmaydimi? Yeb-ichganing qulog‘ingdan chiqib ketaman, deydi.
Qay bir go‘zimatda (gazetada) o‘qib edim: odam o‘takasi 1 kilo‘vattdan yuqori tovushg‘a darz ketar ekan. Biz-chi? O‘ldim deganda, 3 kilo‘vattlik kalo‘nkalar gumbur-qasirida soatlab o‘tiramiz, “o‘yin”ga tushib, shaytonlaymiz. Shu, yurak jonivorniyam joyi rastoniga tiqib chiqarkanmizda-a? Ishqilib, uka, qayerda eshitsang “g‘at-g‘at”, o‘sha yerda qo‘pti “qiyomat”, deyaver, ha.

E, bular holva, hali narx-navodan, to‘y-tomoshalarning kamida qanchaga tushishidan so‘z ochmadim. Choying bormi?..

…Saodat asri. Quruqlikning qoq o‘rtasi. To‘y kechasi Mutlaq Muallim kuyov bo‘lmishga: “…kelinga bir to‘y ham qilish kerak”, dedi. Shunda some’lardan biri: “Menda bitta qo‘chqor bor!”, dedi. Xos shogirdlardan bir guruhi biroz jo‘xori jamlab keldi. To‘yga hozirlik shunday boshlandi.

Dunyodagi eng saodatmand oilaning tuzilishi, eng baxtiyor, sayyida ayolning – Fotima onamiz (r.a) sepi, Mutlaq Muallim – Rosululloh (s.a.v) uchun sevimli bo‘l­gan nikoh to‘yining – qizlarining hazrat Ali (r.a) ila mahramlashish ziyofati: juda behasham va sokin, bir odam yelkasiga ko‘taradigan darajada oz ashyo bilan o‘tkazildi…

…1915 yil. Toshkent. Ikkinchi parda davomlayapti. O‘sha manzara-yu o‘sha mubohasa. Ellikboshi astoydil tutoqqan, ro‘parasidagi ro‘dapolarning insof-u idrokini uyg‘otish ilinjida kuyib-pishardi: “…Qizing‘izg‘a shang‘ir-shung‘ir qilub, tuya misollik tumor taqqandan nima foy­da, men bularning hammasini bilaman; besh-olti kundan so‘ng sanduqda yotadur. Alarni sanduq huzurini ko‘radur, tiying‘a arzimaydurg‘on narsalarga kuyav becho­radin ko‘b oqcha olub ko‘chadagilarg‘a osh, non berub isrof qilsangiz, yana keragi yo‘q palak-xalak, tumor-pumorlarg‘a pul isrof qilsangiz, kuyavingiz bechora qarz­dor bo‘lib qolsa, g‘am-anduhini qizingiz birga tortadur, shariatg‘a muvofiq to‘y qilsangiz, kuyavingiz beqarz bo‘lsa, qizingiz bahuzur beg‘am umrguzaronlik qiladi…” (Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyav” dramasidan).
Taassufki, ellikboshining mulohazalari o‘z-o‘zicha bo‘lib, boy boyligini oshirish xayoli bilan band, domla-imomning kallasi esa olajak sarposining salmog‘ini chamalash o‘ylaridan bo‘shamasdi…

Bugunimiz. …Xo‘sh, desang, go‘zimat­chi uka, man shu bir kunlik darang-durungning xomcho‘tini qilib edim. Ha, bu, Toshpo‘lat tog‘amning bo‘lak ishi qomapti, deb o‘ylama tag‘in. Shusizam pro‘blemalarim jo‘ja ochib yotibdi.
Munday bo‘ldi. Nosimni otib, kayfimni surib, mana shu tanchaga oyoqqinani tiqib, o‘tkan-ketkandan o‘y surib yotuvdim. Itemgan laycham akkillab qoldi. Quloq tutsam, tashqari eshikda burav, ho, kim bor, deb jekiradi. Chiqsam, bir silliqbet ishshayibroq turibdi. Salom-alik, kir-kir, ihi-pihi va hokazolardan so‘ng o‘zini tanitdi. Rivoyat qilishicha, u nevaramning nevarasining jiyanini… Hov, dedim, tomdan itarar xeshakanmiz, cho‘zilmay, gapning o‘g‘il bolasidan kel. Qissayi ko‘toh, qiz chiqarayotganmush, shunga mani urug‘ining eng ulug‘i, yurt ko‘rgan bilgich-boxabari fahmlab, shu to‘y sanoq-siyosatining tepasida tursangiz, duogo‘y-u davraboshi bo‘lsangiz, degan ilinjda qora tortib kelganmish. Galavam aynidi, voy, shu endi eslab qolgan urug‘ingayam.., deb bir changitsammi dedim-ku, xumsaning mo‘ltayib turishini ko‘rib, past tushdim. Bo‘pti, deb, qornini bo‘lmasayam, ko‘nglini to‘qlab, jo‘natdim.
Keyin-chi, desang, nimayam qilardim. Chiqib yurt kezdim, to‘yga taalluqli nimaiki bor, barini hijjalab, istifsor etdim. Qaytgach kulbamga ko‘milib, cho‘tlab chiqdim. O‘h-ho‘, o‘laman sattor, shundan kamiga ko‘nmaydi, degandayam otning kallasiday bir hisob hosil bo‘ldikim, uncha-muncha mardumni ishtonsiz qol­diradi… Kufrimni qo‘zitib, yana kulasana-yey? Undan ko‘ra, eshit, man xomcho‘­timni o‘qib beray. Aynagim qaniydi… Ha, mana ekan. Xayolchangni yig‘ishtir-da, diqqatchangni ding qil. Bundagi raqam etilmishlarni tinglab, “Lo havla…”ga tiling tutilib qolmasa, opchiqib, shu itning yoniga bog‘la mani! Choying sovib qolmadimi?.. Tuzuk…

…Saodat asri. Quruqlikning qoq o‘rtasi. Mutlaq Muallim qizini ziyorat etgani keldi. Dilbandi allanechuk xomush edi. Kuyovi ko‘rinmasdi. Mutlaq Muallim vazmin turib so‘radi: “…Amakingning o‘g‘li ko‘rinmaydi?”. Qizining gap-so‘zi-dan ayon bo‘ldiki, doka ro‘mol qurimay­roq turibdi. Arazlab, chiqib ketgan kuyovi, bir necha kundirki, masjidda yotib yuribdi.

Mutlaq Muallim o‘rnidan qo‘zg‘aldi, to‘g‘ri o‘sha masjidga bordi. Kirib qarasaki, kuyovi uxlab yotar, u yoqdan bu yoqqa ag‘nayverib, egni-boshi tuproqqa qorishgandi. Mutlaq Muallim engashib, uning kiyimlarini qoqdi. Ilashgan xas-cho‘plarni muborak qo‘llari ila olib tashladi. Yovqur yigit savqi ta’biy-la bezovtalandi. Shunda Mutlaq Muallim sokin, ammo sezilarli sasda: “Tur, ey, Abu Turob!”, dedi…
Shu-shu, uning kunyasi (laqabi) Abu Turob (ya’ni “tuproqning otasi” yoki “tuproqqa belangan banda” ma’nosida) bo‘lib qoldi. Har gal unga shunday – “Abu Turob”, deya murojaatlashganda, u o‘zgacha bir zavq tuyib, huzurlanardi…

…1915 yil. Toshkent. Teatr tomoshasi. Uchinchi parda. Miskinlik manzarasi: …So‘ldan kiradurg‘on eshik yonida daricha, sahna ostig‘a oq, eski namat solingan, to‘rda uzun, eski ko‘rpacha solug‘luq, tokchalarda piyola, eski choynak, qora qumg‘on va boshqalar…
Kuyov bo‘lmish yigit, yig‘lamoqdan beri bir alfozda tomoshachilarga qarab turardi. Hozirgina ketgan amakisi, kechagi sovchilikdan orttirib kelgan “olug‘-soluq”larni aytib, sho‘rlikni shol qilayozgandi. Yana insof qilishganmish. 500 so‘m pul, 4 botmon g‘alla va yana allambalo “mayda-chuydalar” insof bo‘lsa… O‘zi-ku, boy qo‘lida to‘rt yil mardikor ishlab, 300 so‘mcha tishining kovagida jamg‘argandi. Amakisi ishni “pishitib” kelganmish – qancha qarz so‘rasayam berib tura oladigan “saxiy” bir sudxo‘r bilan gaplashibdi. Hozir boshlab kelarmish, qancha ijara olaman desayam, xo‘b deb, ko‘naverish kerakmish…
Siniq tovushda so‘zga lafz ochdi:

“…Menga xotun olmoq bir baloyi azim bo‘ldi. Olmayin desam, amakimning ach­chig‘i boyagi, olaman desam, bir talay qarzdor bo‘lib qolsam… Rahmatli dadam­dan eshitar edimki, onangni dadasi menga bir tiyin chiqimsiz qizini nikohlab bergan edi deb. Yana bobom rahmatli madrasaga mudarris edilar, ul kishi shariatg‘a muvofiq ish qilganlarmi yoki nomuvofiq? Albatta muvofiq bo‘lsa kerak. Chunki bobom Turkistonda birinchi ulamolardan edilar. Endi bu zamonda oluq-soluq, g‘alla, yana nima balolar chiqib ketdi. Xotun olgan yigit qarzdor bo‘lmasdan uylana olmaydur.
Qanchalari yer-joylaridan ajramoqdalar. Mana, men ham o‘shalarning jumlasidan bo‘ladurg‘ang‘a o‘xshayman. Ey, Olloh, bu bid’atlarni o‘zingdan boshqa chorasini topolmaydi, o‘zing oson qil!” (Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyav” dramasidan)…

Bugunimiz. …Bul zamonamizda o‘t­kazilmish to‘yning asos xarji lo‘ttiboz­lik­larg‘a sovrilarkan, piringni arvoyi. Aytishka tilim kelishsa, odammasman. Hay, bezag-u latta-puttasini tushungan­dayman, lekin manov… to‘y qirtishi (to‘y korteji) nima bo‘ldi? Po‘tasurat (foto­su­rat) yetmaydigandek, diydiyo labhasi (videolavha) ham borakan. Uni-buni qo‘y, to‘y pluristiqasini (to‘y floristikasi – gullar bilan bezatish) tushungunimcha, alhamim olti bo‘ldi. Xo‘b, shu shop-sha­-loplar bilan bitadimi, desam, chuchva­ra­ni xom tugul, xamiri yoyilmay turib sa­na­moqchi bo‘lgan ekanman. To‘y bazmi jamshidi, badiiy qismi, deyishadimi-yey. To‘y to‘rti (torti) deydimi-yey. Kamiga kallamni beshbattar achitib, allambalo kaptar-u kapalaklar, pufag-u po‘nuslar to‘y kechasi uchiriladigan osmon fonus­lari), laxcha tomoshasi (lazer shou), sho‘mpan favvo‘rasi (shampan vinosi­ning favvora­si), ishkalad fo‘ntani (shoko­lad fontani)… Eh-he, bari quvvamda qol­g‘uncha, otim esdan chiqib ketay dedi. Bularing nima desam, maxsus g‘aroyib xizmatlar, deydi jilpanglab bittasi. Voy, shu g‘ar xizmat­la­ringni ustida uxlay, de-dim, man bir besa­vod, yalpi odam bo‘l-sam, to‘rt-po‘rtingni ochiq mozordan tu-shunamanmi? “Shap-shap”lamay, shap-toli de-da, narxidan kel, narxidan, dedim.

Ammo-lekin, xumsalarning kallakulo­yotiriga (kalkulyatoriga) qoyil, otgan nosim kallamga tepmay turib, “sharoq-shuruq” hisoblab, prosentga (foizga) chaqib ham tashlashdi. Qarab, qut-putim o‘chib ketdi: to‘y sarfining 50 prosentdan ortug‘i ziyofatg‘a, 15 protsentdan oshiq­rog‘i ko‘ngulocharg‘a (bazmning ko‘ngil­ochar dasturiga), 10 protsenti bazm­goh-ni lo‘lining uyiday qilishga (bezashga) ketarkan. Qolgan-qutgan kissa yuqlari esa kiyim-solim-u (to‘y liboslari) pardoz-andoz sharofati bilan sob bo‘larkan. To‘ydan avvalgi va keyingi “fotiha to‘y”, “nahorgi osh”, “kelin salom”, “kelin­chaqirdi”, “betochar”, “sepyoyar” singari g‘ish-g‘ishalarning sarfi yuqoridag‘i cho‘tlovdan chetda emish yana.
Tallonligim tutib, o‘zimg‘a sig‘may qaytarkanman, yo‘l ustidagi to‘yxona-yu resto‘ranlarg‘a birrov bosh suqib o‘tdim. Bachchataloqlarning aytgan narxidan kayfing uchib, iching shuvillaydi…

Ha, molingni sot, qo‘yingni sot, to‘yxona qur, resto‘ran och ekanda. Labbay? Uyam eplaganniki-da, de? Shu gapinga, ke, choynagimni siriqtirib, quyib beray…

…1915 yil. Toshkent. Teatr tomoshasi. Oxirgi parda. So‘nggi ko‘rinish. Tomosha­chilar tahlikada. Nafasi ichga tushib ketgan – bu taxlit yakun kutishmagan ko‘rinadi. Sahnada: yig‘lab-siqtayotgan boy (kelinning otasi), tashvishli qiyo­fa­dagi sudxo‘r, bir chekkada qaqqaygan domla-imom, pristuf (pristav), ellik­bo­shi… Xullas, hamma qatnashchilar qoyim bo‘lgan.

Jonhalak ellikboshi boyga, yo‘q, boy vositasi ila butun bir millatiga monolog o‘qirdi, balki:

“…Shariati mustafog‘a bo‘ysuninglar, endi ko‘zlaringizni ochinglar. Bid’at to‘y­g‘a isrof bo‘ladurg‘an oqchag‘a o‘g‘lin­gizlarni o‘qutinglar, yoki jamiyati xayriyag‘a iona qilinglar. O‘g‘ul o‘qutmak yaxshi ham farzdir, to‘yg‘a isrof qilmoq bid’atdur. Yana qiz erg‘a bermoqni og‘urlashtirga­ningizni bir katta ziyoni shulki, ba’zi yigitlarimiz 30-40 yoshgacha uylanmay yurarlar. Sababi esa xotin olmoq og‘irlashgani… Bul oqchani topolmay, noiloj bo‘lib… qanday noma’qulchiliklar qilib, nomimizni yomonlikg‘a chiqarub, butun islom olamini bulg‘atadurlar…” (Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyav” dramasidan).

Monolog muz qotgan shuurlarda aks-sado berib, qalblarga qasirg‘a solardi. Sahna o‘rtasida ikki jasad yotar, ikkovi-da jaholatdan juvonmarg ketgandi. Ustiga joynamoz tashlab qo‘yilgani – Rahima (bechora kelinchak) bo‘lsa, uning yonida, muk tushib, jon taslim qilgani esa Solih – baxtsiz kuyov edi.

Bugunimiz. …Go‘zimatchi uka, san bilishing kerak, shu yurtda nechta yetim-yesir, aqli noqis-u bandai baqusurning boshini silaydigan joy bor ekan-a?

Shularning barida qancha mehr tusab, mo‘ltaygan bor ekan, hazor-hazordir? Manga o‘xshash qo‘li qisqa, vovaylosi uzun miskin-u muhtojning adadi-chi? Nega o‘smoqchilab qoldim? Kushod-nokushod, yaqinda odamlar bir ajab to‘y ko‘ribdikim, hanuz hushlarig‘a kelolmay, ana odamlig‘, mana musulmonlig‘ deb, diydiyo qilishmakda. Internatda (inter­netda) bolalagan gap-gashtakka ko‘ra, nav bir juftlig‘ resto‘randa sha’sha’dor to‘y o‘tkazish o‘rnig‘a shahardagi meh­ri­bonlik uylaridan birida yetimbachchalar uchun dasturxon yozibdur. Piringni arvoyilar, Hotami toydan tarqaganov? Yo‘qsa, o‘zing ayt, ana shular ham tuflab tukkan oqchasidan besh-o‘n million to‘yxonag‘a, besh-o‘n million maishatg‘a, yana shunchalar kiyim-solim-u balo-battarg‘a uzatib, ovozdan Xudo qisqan otarchilarning fanoi g‘arg‘arasig‘a (fonogrammasiga) shaytonlasa bo‘l­mas­midi? Saki bedum siyoqda qilpangla­yot-gan o‘yunchi tegrasida, charvini ko‘rib qolg‘an movmushukday o‘ralashub, shataloq otg‘anda bo‘lmasmidi shular ham? “Cho‘bin ot”ig‘a (tobutga) o‘xshash miluzunlarda (limuzinlarda) ko‘cha to‘ldirub, ayuhannos solib, to‘y o‘tmish joyg‘acha jekirib kelganda bo‘lmasmidi yo?.. Sattor, o‘ylab, tagiga yetolgan bo‘lsam. San-chi, go‘zimatchi uka, shuni bir surishtir, g‘ayrimumkin narsalarni valdirag‘an bo‘lsam, piringga sol.
Aytgancha, boz bir nimani surishtir: ona sutini, har bittamiz emib, etga to‘lg‘an ona sutini sotsa bo‘ladimi? Bo‘lsa, necha puldan? Nimasiga qarab?..
Ha, ilonni ko‘rib qolmish baqaday baqrayib qolding? Bir so‘takning gapidan kep chiqdi, bu savolim.
Tunov kuni, de, uptobusda (avtobusda) bir yigit bo‘lmish bilan yonma-yon o‘tirib qoldim. O‘ziyam quloq bo‘ynig‘a osmag‘an shu choynakning qopqog‘i-yu maning nosqovog‘im qopti. Qo‘lidagi shapalog‘day aynakdan chiqayotgan mujdikag‘a “xirom” etub, bosh liqillatib borardi. Betoqat bo‘lib, gapga soldim. Ma’lumoti oliymush – kattakon bir dorilfununmi, doriljunun­dami o‘qug‘anmish. Diplomini dimlama qilib yemoqchimi, nima balo, o‘qug‘an ilmi bo‘yicha ishlamayotganmish. Qay bitta firqadami, firmadami, allambalo amalda emish.
Hay, dedim, so‘xt-sumbatingdan o‘ttuzni urib qo‘yg‘andeksan, bu yurmak-turmak bilan xotunni, bola-baqrani qanday uhda qilyapsan desam, tusingni yel olgur, hali uylanmaganman, deydi. Kufrim qo‘zidi. Vey, o‘rusning mulla­si­mi­san, dedim, ha bu san tengilar, allazamon uylanub, uch-to‘rtta churvaqani chuvillatib qo‘yibdi. Kinna kirgan bo‘lsa, ayt, dami o‘tkir domla-imomlarni bilaman, deb tursam, xumsaning javobini ko‘r: “…problema sog‘liqdamas, “soqqa”da – “ona suti”ga yig‘yatuvdim. Chut-chut yetmayapti, atak…”.
Voy, shu chut-putlagan tilchangga tersak chiqsin-da sani. Nima deganing u, deya astahidil qiziqsam, tushuntirgan bo‘ldi: “Karochchi, kelin bolaning onasini – qaynanashkamni bergan sutiga rozi qilish uchun-da. Ming ko‘ki so‘rashyapti…”
O‘bba, bachchatalog‘ey, mingta amakisi gardan tutib turg‘an ekanda desam, “ko‘ki” – Amriqo do‘llari ekan. Galavam aynigandan aynidi. Xotun bo‘lmushing, nima, gallo‘nd sigirini emib ulg‘ayibdurmi, voy, shu vasiqasi yo‘q urf-odatlaringni yig‘ishtirib lippamga uray, go‘stohlik ham evi bilanda, turey, aybaki, deya-deya uptobusdan tushib qoldim…
Qissai ko‘toh, hamma balo o‘zimiz­daga o‘xshayapti, uka. Marosimlarni musobaqag‘a aylantirub, o‘zaro dumba urishtirishga tushib ketganmiz. Nainki to‘ylar, balki ta’ziyalarimiz ham muso­baqag‘a do‘ndi, astog‘furulloh: kim ko‘p o‘kirib-jekirish, qo‘y so‘yib, osh damlash, o‘lik qo‘yilgan qabr ustig‘a toshbitik qaqqaytirush… amsolidagi musobaqa bo‘p ketdi azalar. Zamonasining zaylidanmi bu, mardumining maylidan…
Qo‘y, uka, so‘zlaybersam kufrim, tinglaybersang zahring oshg‘ani qoladi. Manga shuncha diqqat qilding, sanga Egam diqqat qilub, dodingga yetsin, Allohu akbar!

Sherbek BOBONOR o‘g‘li