Yangiyo’lda 5ta bolani mashina urib ketdi

Yangiyo’lda 5ta bolani mashina urib ketdi

Yangiyo‘lda 5 ta bolani bosib ketib, ikki nafarining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchi axloq tuzatish jazosini oldi. 2024 yil 21 iyun kuni soat 20:30 larda M-34 “Toshkent-Dushanbe” yo‘lining Yangiyo‘l tumani Jambul mahallasi hududida o‘tgan qismida Cobalt mashinasini boshqarib ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan hamda yo‘lning marza qismida turgan 5 nafar voyaga yetmagan yigit-qizlarni urib yuborgan. YTH oqibatida 18 yoshli O.Z. va 17 yoshli A.Z. Yangiyo‘l shahar markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Qolganlar esa og‘ir tan jarohati olgan.

Hukmda Rustamjon Mirzaxatamov YTH sodir etishda “Yo‘l-harakati qoidalari”ning 5 ta bandini qo‘pol ravishda buzgani, jumladan, tezlik cheklovlariga amal qilmagani qayd etilgan.

Rustamjon Mirzaxatamov sudda o‘z aybiga iqrorlik bildirgan hamda yo‘l-harakati qoidalariga rioya qilmaganini tan olgan. U jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplab berganini, bo‘lib o‘tgan holatdan chin ko‘ngildan pushaymondaligini aytib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.

Sudda jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari, jumladan, vafot etgan ikki bolaning yaqinlari sudlanuvchi ulardan uzr so‘raganini, yetkazilgan zararni qoplab berganini ma’lum qilgan va unga nisbatan da’volari yo‘qligini aytgan.

Sud hukmi bilan Rustamjon Mirzaxatamov Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish, har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Rustamjon Mirzaxatamovga nisbatan qo‘llangan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u darhol sud zalida qamoqdan ozod etilgan.