Xabaringiz bor, Oʻzbekiston avtomobil ishlab chiqarish sohasida yangi Chevrolet Onix avtomobilini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish borasida ishlar olib borilayotgandi. Oʻtgan yilning oʻzida avtosalonlarda bu avtomashina uchun toʻlovlar ham qabul qilinib, undagi navbatlar ortidan koʻp va xoʻp mash-mashalar ham yuz berishga ulgurdi. Ha, bu yurtimiz erkatoy mashina zavodi uchun ajablanarli holat boʻlmadi, har doimgidek.
Joriy yilning 15-fevral kuni Asaka shahridagi UzAuto Motors zavodida mahalliy butlovchi qismlarni ishlab chiqarishning murakkab tizimi asosida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirishning yangi bosqichi — Chevrolet Onix avtomobilini ommaviy ishlab chiqarilishda ilk partiyaning taqdimot bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Ushbu yangi modeldagi avtomobilni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishda kompaniya 5 mingdan ortiq injenerlarni jalb qilgan bo’lib, ularning bir qismi Toshkentdagi Turin politexnika universiteti bitiruvchilariga toʻgʻri kelishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Chevrolet Onix avtomobili uchun O’zbekistondagi 200 dan ortiq korxonada 1 500 dona detallarning ishlab chiqarilishi yo’lga qo’yildi. Yangi Onix Chevrolet Tracker kabi GM GEM (General Motors Global Emerging Markets) platformasida ishlab chiqarilishi amalga oshirilib, bu loyiha uchun 427,6 mln dollar miqdorida investitsiyalar kompaniyaga jalb etilgan. Korxonalarning injenerlik salohiyati va texnik jihozlanishi Chevrolet Onix avtomobilini 50 foizgacha mahalliylashtirishga imkon yaratgan.
Avtomobil nimasi bilan qimmat?
Chevrolet Onix – eng yuqori standartlarga javob beradigan zamonaviy avtomobil. Oʻzbekistonda ishlab chiqarilishidan ancha oldin mashhur boʻlgan barcha kutgan avtomobil. Yangi model yorqin dizayn, zamonaviy interyer hamda qulaylik va xavfsizlik uchun barcha zarur opsiyalarni oʻzida mujassamlashtiradi.
Avtomobillar komplektatsiyasiga qarab 2 turdagi dvigatel bilan taqdim etiladi:
- 1,2 litrli 132 ot kuchiga ega turbo dvigatel hamda 6 pog’onali avtomat uzatmalar qutisi bilan jihozlangan;
- 1,2 litrli 90 ot kuchiga ega atmosferali dvigatel 5 pog’onalik mexanik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan.
Avtomobil 10,9 soniyada 100 km/soat tezlikka erishadi, shu bilan birga aralash siklda 100 km uchun faqat 5,9 l va shahar tashqarisidagi yoʻlda 4,7 l sarflaydi.
Zamonaviy dizayn
Avtomobil zamonaviy dizayn va qulaylik bilan birga xavfsizlik boʻyicha eng ilg’or zamonaviy texnologiyalarni ham taqdim etadi. 5 oʻrindiqli ushbu sedan sayohatlar uchun xoh u oilaviy, xoh doʻstlar orasida yoki xizmat safari bilan shaylangan xodim boʻlsin umuman, barcha-barcha uchun ham birdek ideal. Chevrolet Malibu avtomobili bilan oʻxshashligi yuqori toifadagi avtomobillardan qolishmaydigan mustahkam va zamonaviy tashqi koʻrinish beradi.
Futuristik yoritish texnikasi yon atrofdagilarning e’tiborini jalb etadi. Bu hech bir avtomobil ixlosmandlarini befarq qoldirmaydi.
Kuzovdagi gorizontal chiziqlar avtomobilning zamonaviy dizayn uslubiga ega ekanligiga urg’u beradi. Ular diod optika yorugʻlik elementlari bilan birgalikda avtomobilga yorqin va taniqli koʻrinish beradi, mukammal ishlangan kunduzgi diod optikasi esa Onixni kechayu-kunduz koʻzga tashlanadigan qiladi.
Texnologik interyer
Chevrolet Onix interyeridagi chiziqlar va yorqin elementlar avtomobilning sig’imliligini ta’kidlaydi. Va kenglik hissini yaratadi, buning barchasiga avtomobilning keng platformasi orqali erishiladi.
Ergonomik asboblar paneli koʻrinishni yaxshilaydi va yengillik hissini beradi.
Displey avtomobilning yuqori texnologiyali dizaynining markaziy qismidir, intuitiv 8 dyuymli axborot-koʻngilochar tizimi esa yuqori darajadagi premium va qulay boshqarishni qoʻshadi.
Qulay va oson boshqarish
Chevrolet Onix boshqarishni qulay va zavqli qiladigan barcha detallarga ega.
4LT komplektatsiyasida bazaviy optsiyalaridan tashqari avtomobilga kalitsiz kirish smart kalit (key) va yoqish START/STOP tizimi, kruiz kontrol bilan ta’minlangan.
Shuningdek, kompaniya rahbariyati joriy yilda avtomobil ishlab chiqarish hajmini 500 ming donaga koʻtarish reja qilinayotganini aytib oʻtdi.