Gaz zapravkalar hafta oxirigacha 24 soatlik ish rejimiga o‘tishadi

Gaz zapravkalar hafta oxirigacha 24 soatlik ish rejimiga o‘tishadi

Avvalroq,O‘zbekistondagi gaz “zapravka”lar faoliyatiga ayrim cheklovlar kiritilgandi. Endilikda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatdagi havo harorati iliy boshlashi fonida “zapravka”lar 24 soatlik ish rejimiga qaytayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayevning ma’lum qilishicha, mamlakatdagi “zapravka”larning 100 foizi 24 soatlik ish rejimiga o‘tgani haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Lekin mutaxassislarning tekshiruvlari, gaz bosimi bilan bog‘liq holat va Gidrometeorologiya agentligining ob-havo to‘g‘risidagi xulosasidan so‘ng, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari to‘liq ishlay boshlashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 8 dekabr kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining ish soatlariga cheklovlar o’rnatilgan edi. Energetika vazirligi respublikadagi barcha metan “zapravka”lari soat 6:00 dan soat 15:00 ga qadar ishlashini xabar qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, 12 dekabrdan mamlakatga sovuq ob-havo massasi kirib kelgani sababli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari faqat soat 06:00 dan 12:00 gacha ishlay boshladi. 13 dekabr kuni esa Toshkent shahri hamda Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi “metan zapravka”lar faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritildi. Ushbu hududlardagi 1179 ta “zapravka”dan 547 tasi ishlayotgani ma’lum qilindi. Oradan ikki kun o‘tib, kecha, 15 dekabrda qo‘shimcha cheklovlar yumshatildi.