Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Piskent tumanida och boʼrilar yurgani va kechqurun yosh bola va ayollar koʼchada yurmasligi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.
Mazkur holat yuzasidan Piskent tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, Qirqqizobod hududi togʼli hududda joylashganligi sababli, har yili qish mavsumida qor yogʼishi oqibatida yovvoyi hayvonlar, jumladan boʼrilar ham qishloqlarga kelishi kabi holatlar kuzatiladi.
Qayd etilishicha, yovvoyi hayvonlarni tutuvchi maxsus guruh hududga jalb etilgan. Hozirda boʼrilarni qidirish va ularni zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda.
Tutilgan boʼrilarni tabiiy muhitiga yaqin sharoit yaratish maqsadida hayvonot bogʼiga yuborish rejalashtirilgan.
«Maʼlumot oʼrnida, hozirgacha aholiga hech qanday zarar yetmagan»,– deyiladi xabarda.