Raqobat qo‘mitasi ma’lum qilishicha “Texnomart” MCHJ telegram kanalida joylashtirilgan “Eng zo‘r taklif” mazmunidagi mobil telefonlar reklamalarida mahsulot narxi va to‘lov shartlari bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Masalan, VIVO Y03 telefoni uchun 213 167 so‘m oylik to‘lov, HONOR X7b telefoni uchun esa 274 167 so‘m etib ko‘rsatilgan.
Qo‘mita boshqa savdo do‘konlaridagi ushbu markali mobil telefonlar narxlari solishtirganda, “Texnomart” MCHJ savdo do‘konlaridagi muddatli to‘lov narxlari nisbatan yuqoriligi kuzatilgan. Bundan tashqari, reklamada “eng”, “eng yaxshi” kabi orttiruvchi nisbatlar ishlatilgan bo‘lsa-da, bu da’volarni tasdiqlaydigan dalillar taqdim etilmagan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Texnomart” MCHJga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar talablari buzilishi bilan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima qo‘llanilgan.