Yana bir unutilish yoqasidagi janr – metagramma

Yana bir unutilish yoqasidagi janr – metagramma

Hozirgi globallashuv davrida mil­liy qadriyatlarni saqlab qolish, uni yosh avlod qalbiga singdirish juda muhim masala bo‘lib qolmoqda. To‘g‘ri, bu borada bir talay tizimli ishlar olib borilib, zamonaviy uslublar shakllanmoqda. Naza­ri­mizda, Ismat Sanayevning “Topishmoq, zo‘r topishmoq” turkumiga kiruvchi asar­larida ham o‘zbek adabiyotining o‘ta nozik qirralari, inson ma’naviyatiga ta’sir ko‘rsa­tishning o‘ziga xos yo‘llari mujas­sam­lash­gan. Binobarin, “Harf almashar bittagina” deb nomlangan 2-kitobida ham inson tafak­ku­rini o‘stirib borish, aqlni charxlash, o‘quv­chi zehnini oshirib, ma’naviy zavq olishning yangi usullari ko‘rsatib berilgan.

Aslida, tashqaridan olib qaralganda, maz­kur kitob juda jo‘n ko‘rinadi. Lekin kitob sahi­falarida berilgan boshqotirmalar, topishmoq shaklidagi vazifalar o‘quvchini o‘ylashga da’vat etadi, bitta harf o‘zgarishi bilan matnda nimalar sodir bo‘lishi, ona tilimizning beqiyos imkoniyatlari namoyon bo‘ladi. Beixtiyor, ayni shu topshiriqlarni bajarishga, to‘g‘ri javobni topishga berilib ketasiz. Harflar, aniqrog‘i, tovushlar olami sizni o‘ziga mahliyo qiladi, ohanrabodek o‘ziga torta boshlaydi.

Ismat Sanayev hozirga qadar ham chop ettirgan bir qator asarlarida unutilib keta­yot­gan ayrim adabiy janrlarni qayta tiklash­ga, o‘zbek adabiyotini yangi janr va shakllar bilan boyitishga harakat qilgandi. Bu galgi janr – metagrammalar ham, o‘ylaymizki, o‘quvchini befarq qoldirmaydi, beixtiyor o‘ylashga, fikr qilishga, mushohada yuri­tish­ga undaydi. Masalan, quyidagi misralar­ga e’tibor bering-a:

Zarafshonning bo‘yida qorovuli miltiqli,

Baliq tutib yayradik, lekin go‘shti qiltiqli.

Shu o‘rinda yana bir mulohazani aytib o‘tishim joiz. Hozirgi paytda nafaqat yosh bolalar, balki katta yoshdagi kishilar ham asosiy vaqtini mobil aloqa vositasi – qo‘l telefonlari bilan o‘tkazib, o‘z umrini behuda narsalarga sarflab yubormoqda. Vaholanki, Ismat Sanayevning “Harf almashar bitta­gina” kitobida berilgan so‘z o‘yinlari inson ma’­naviy olamini o‘stirishga, o‘zini ang­lash­ga, farzand tarbiyasida juda qo‘l ke­ladi. Shunday ekan, bunday imko­niyat­lardan oqi­lo­na foydalana olishimiz ham farz, ham qarz hisoblanadi.

Ravshan JOMONOV,

O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi professori, filologiya fanlari nomzodi