foto: Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining rasmiy Telegram-kanalidan
Elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Unda Respublikamizning to’rt hududi haqida so’z yuritilgan. Ulardan birinchisi Departamentning Andijon tuman boʻlimi tomonidan tuman ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.s.” MCHJ masʼul shaxslari “Baxt” MFY hududidagi davolash va sogʻlomlashtirish binosining elektr hisoblagichi koʻrsatkichini sunʼiy ravishda toʻxtatib qoʻyish orqali 654,6 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Ikkinchi qoidabuzilish holati esa ming afsuski, Paxtachi tumanida sodir etilgan. Departamentning Paxtachi tumani boʻlimi tomonidan GTF tuman filiali xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro X.X. “Jahonobod” MFYda joylashgan xonadonida yashirin sex tashkil etib, 1 dona tosh quritishga moʻljallangan qoʻlbola usulda tayyorlangan gaz yondirgich ishlatib, 260,5 ming kub tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Xuddi shunday uchinchi holat, Departamentning Guliston shahar boʻlimi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.N.” MCHJ rahbari X.N. qolipli non ishlab chiqarish sexidagi elektr hisoblash uskunasining plombasini oʻzboshimchalik bilan buzganligi hamda savdo doʻkonida nazorat muhrisiz elektr hisoblagich ishlatib, 332,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Departamentning Gʻuzor tuman boʻlimi tomonidan ETK xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi masʼul shaxslari boshqarma negizida qolipli beton gʻisht ishlab chiqarish sexi tashkil etib, ETK bilan shartnoma tuzmasdan umumiy foydalanishdagi tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulanib, 105,5 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Ushbu qonunbuzilish holatlari oqibatida, davlat va jamiyat manfaatlariga jami 789 mln soʻm zarar yetkazilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 185-2-moddasi (elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.