Nikohlanuvchi er va xotinning nikohda boʻlgan davrida yoki nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvi nikoh shartnomasi deb hisoblanadi.
Nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olinguniga qadar ham, shuningdek nikoh davrida ham tuzilishi mumkin.
Nikoh davlat roʻyxatiga olingunga qadar tuzilgan nikoh shartnomasi nikoh davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Nikoh shartnomasi yozma shaklda tuziladi va notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Er va xotin nikoh shartnomasiga koʻra birgalikda, umumiy mulkning qonunda belgilangan (ushbu Kodeksning 23-moddasi) tartibini oʻzgartirishga, er va xotinning barcha mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoxud er va xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini oʻrnatishga haqlidir.
Nikoh shartnomasi er va xotinning mavjud mol-mulkiga nisbatan ham, boʻlgʻusi mol-mulkiga nisbatan ham tuzilishi mumkin.
Er va xotin nikoh shartnomasida oʻzaro moddiy taʼminot berish, oila xarajatlarini koʻtarish, bir-birining daromadida ishtirok etish, boshqa shaxslar bilan mulkiy shartnomalar tuzish, birgalikda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini belgilab olishga, nikohdan ajralganda er va xotindan har biriga beriladigan mulkni aniqlab olishga, shuningdek nikoh shartnomasiga er va xotinning mulkiy munosabatlariga oid boshqa qoidalar kiritishga haqli.
Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar muayyan muddat bilan cheklanishi yoki muayyan shart-sharoitning yuzaga kelishi yoxud kelmasligiga bogʻliq qilib qoʻyilishi mumkin.
Nikoh shartnomasi er-xotinning huquq layoqati yoki muomala layoqatini, ularning oʻz huquqlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilish huquqlarini cheklashni, er-xotin oʻrtasidagi shaxsiy nomulkiy munosabatlarni, er-xotinning bolalarga nisbatan boʻlgan huquq va majburiyatlarini tartibga solishni, mehnatga layoqatsiz taʼminot olishga muhtoj er yoki xotinning huquqini cheklovchi qoidalarni, er va xotindan birini oʻta noqulay holatga solib qoʻyuvchi yoxud oila toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarning normalariga zid keluvchi boshqa shartlarni nazarda tuta olmaydi.
O.Abjalov
Fuqarolik ishlari boʻyicha
Kattaqoʻrgʻon tumanlararo sudining sudyasi