Hozir zamon shiddatli tez rivojlanuvchan bo’lib, odamlar ham avvalgiga qaraganda anchayin o’z ishi bilan ko’proq band bo’lishi ortgan. Shu sababli ota-onalar kichik yoshdagi bolalarini bog’chalarga berishi odatiy holga aylangan. Albatta, bu bolaning ko’pchilik tengqurlari bilan muloqotda bo’lib, “odamyovvoyi” tabiatlilikdan saqlaydi. Yoshiga mos bilim va ko’nikmalarni egallaydi va maktabga borganida qiynalmasdan o’zlashtira oladi. Ammo ko’pincha ba’zi bolakaylarning bog’chaga bormaslik uchun xarxasha qilayotganligiga guvoh bo’lamiz. Yoki yana ba’zi bolalar bog’chadagi sharoitlarga, bolalar orasiga uzoq vaqt ko’nikolmaslik holatlarini ham uchratib turamiz. Shu sababli ham bugungi maqolada ayni shu jarayon xususida so’z yuritishga harakat qilmoqchimiz.
Xo’sh, bolajonlarning bog’chalarga ko’nikib ketishlari uchun nimalarga e’tibor qaratishimiz kerak?
Bolaning bolalar bog’chasi sharoitlariga moslashishi doim ham osongina va og’riqsiz tarzda o’tmasligi bor gap. Buni ko’pincha yangi tug’ilgan chaqaloqlarning yangi olam tarziga qarshi ochiq yoki yopiq tarzda norozilik bildirgan holda yig’lashlariga ham o’xshatish mumkin. Xuddi shu holat kabi jajji bolakaylar ham ko’pchilik orasidagi jamoaviy muloqotni o’rnatishda qo’rquv va qiyinchiliklarga duch keladi, shuningdek, kunning yangi, qat’iy rejasini qabul qila olmaydi.
Shunisi ham bor gapki, bugun ko’pchilik ota-onalar farzandlari bilan ularning bolalik davridagi yuz beradigan bu kabi jarayonlarga nisbatan kamroq tashvishlanadilar va buni oddiygina bolalikdagi injiqlik ornida qabul qilishadi, xolos. Bugun biz bolaning bog’chalarda va u yerda bolajonlar orasidagi moslashuvchanligiga qancha vaqt kerakligini va qanday qilib bolalar bog’chasiga moslashuvi rivojlanishi mumkinligi haqida ko’rib chiqamiz.
Mutaxassislarning fikricha, bolalardagi injiqlik, odamyovvoyi tabiatning shakllanishida ko’pincha oiladagi muhit, uni ko’pchilik davrasidan doimiy saqlash yoki ajratish, faqat ota-ona yoki oila a’zolarini ko’rib ulg’ayish kabi holatlar ham ta’sir qilar ekan. Demak, bu borada birinchi usul uni bog’chaga qiziqtirsh uchun o’z tengqurlari davrasida ko’proq bo’lishiga e’tibor berish. Uni boshlanish bir-ikki hafta qat’iiy tartib qoidalarga to’liq ko’mib tashlamasdan, avvaliga tarbiyachi bolakayni guruhda erkin qo’yishi ham ijobiy natija beradi. Sababi kuzatuvlar shuni ko’rsatadiki, ba’zi bolalarning muhidga moslashishiga bir-ikki hafta, ba’zilariga esa bir-ikki oy ham vaqt ketishi mumkin. Bunda bola avvaliga guruhdoshlariga moslashadi. U bu yerdagilarni o’z oilasi kabi qabul qila boshlaydi.
Yana bir tomoni ham bor. Moslashuv jarayoniga bolaning bog’chadagi dastlabki kunlarida qanday taassurot olishi bilan ham o’zgaradi. Bunda jarayon, asosan, g’amxo’rlik va guruhdagi umumiy muhitga ham bog’liq bo’ladi. Shuning uchun, ota-onalarga tarbiyachi bilan tanishish va o’sha bolalar bog’chasiga tashrif buyuradigan boshqa bolalarning onalari va otalari bilan muloqot qilish tavsiya etiladi. Bolalarni anaokuluga moslashtirish oson kechdi, ota-ona birinchi kunlarda bir necha soat davomida bolani yangi sharoitda tark etishi kerak. Bolalar bog’chasiga birinchi marta tashrif buyurishning eng yaxshi vaqti – bolalar tashqarida o’yin bilan band bo’layotgan mahalda kelishdir. Asta-sekin, bolalarning bolalar bog’chasiga sarf etadigan soatlari ko’paytirilishi kerak. Bu jarayon jajji chaqaloqlarni ham bog’chaga qiziqtirishda qo’l keladi.
Bolaning tezroq moslashishida yana bir e’tiborli va qo’l keladigan jihatlaridan biri uni bog’chaga kelishdagi boshlang’ich davrida o’ziga tanish bo’lgan narsalar bilan kelishi. Bunda bola bog’chasiga moslashish tezroq bo’ladi. Buning uchun ota-onalar farzandiga uning sevimli o’yinchoqlarini bolalar bog’chasiga olib kelishlariga ruxsat berishlari kerak bo’ladi. Masalan, qaysidir bolaning sevimli o’yinchog’i bu uning “Jeep mashinasi”, vertalyoti, yoki multifilm qahramonlari o’yinchoqlari bo’lishi mumkin.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bolaning moslashuv jarayonida bog’chadagi muhit ham katta rol o’ynaydi. Bolaning bolalar bog’chasiga yomon moslashuvining asosiy belgilari: bezovtalanish, bolalar bog’chasiga borishni istamaslik, bog’chani yomon ko’rib qolishi kabi holatlardir. Bunday holatda, ota-onalar uning tarbiyachisi yoki bog’cha ma’muriyati bilan muammoni hal qilishlari kerak. Avvalo, siz bolalar bog’chasida bolangizga yaxshi munosabatda bo’lishingizga ishonch hosil qilishingiz kerak. Yana bir tomoni ota-onalar bola bilan uyda ko’proq vaqt o’tkazish, u bilan muloqot qilish va bolalar bog’chasi haqida unga juda ijobiy gapirish kerak. Agar bolangizning vaqtida bolalar bog’chasiga yomon adaptatsiya qilish muammosini hal qilishni boshlamasangiz, e’tiborsizlik qilsangiz, u bolalarga qo’shilishda qiynaladi. Bunda ba’zi holatlarda bolaning asabiy bo’lib qolishi, stressga tushib qolishiga ham olib keladi.
Bolalar bog‘chasiga moslashuv jarayonida ularga qanday yordam berish mumkin?
Farzandingizni bolalar bog‘chasiga berar ekansiz, bu u uchun muhim va zarur ekanligiga ishoning. Bolalar ota-onasining kayfiyatini yaxshigina o‘qiy oladi. Agar siz bolalar bog‘chasining zaruratiga o‘zingiz ishonmasangiz va asabiylashsangiz, farzandingiz ham asabiylasha boshlaydi. Sizning u bilan bog‘cha haqidagi suhbatlaringiz ham bu holda ishonchli chiqmaydi.
O‘z tarbiyachilaringizga ishoning. Farzandingiz uning tarbiyachisi bilan qanday munosabatda bo‘layotganingizni va uni qanday odam sifatida qabul qilayotganingizni kuzatib turishini unutmang. Bog‘chada hammasi yaxshi bo‘lishiga ishoning va uni ham ishontirishga harakat qiling. To‘g‘ri, ba’zan turli hodisalar ham yuz berib turadi. Biroq shuni yodda tutingki, bolalar bog‘chasidagi tarbiyachilar ham biz kabi tirik insonlar, onalardir. Ular bolani och qoldirish, yig‘latish yoki sovuqda qoldirishni sira istamaydi. Ko‘pchilik psixologlar bola bilan bog‘chaga uning sevimli o‘yinchog‘ini berib yuborishni maslahat beradi. Bu borada yuqorida ham so’z yuritdik. Shuningdek, bolalar bog‘chadagi biror buyumni ham sevimli o‘yinchoqqa aylantirishi mumkin. Masalan, har tong akvariumdagi baliqchalar bilan salomlashish. Yana bog‘cha uchun ataylab chiroyli ko‘ylak, kostyum va oyoq kiyimlar xarid qilishni istashlari mumkin.
Moslashuv jarayonini iloji boricha sekin yo‘lga qo‘ying. Bog‘chaga borishni qisqa vaqtli guruhlarga qatnashdan boshlash ideal vaziyat hisoblanadi. Dastlab farzandingizni bog‘chada bir necha soatga qoldiring. Bola bog‘chaga ishtiyoq bilan borayotganligini payqaganingizdan so‘ng, uni kunduzgi uyquga qoldiring.
Ertalab bolani bog‘chaga olib borganda, sezdirmasdan g‘oyib bo‘lishga harakat qilmang. Ketish oldidan albatta, uni quchoqlab, xayrlashing. Uni qachon olib ketish uchun kelishingizni aniq ayting (sayrdan so‘ng, tushlik yoki uyqudan turgandan keyin). Agar bola xafa bo‘lsa, uni bog‘chada hamma kutib qolganligini, usiz o‘rtoqlari va tarbiyachisi zerikayotganligini tushuntiring va yana yuqoridagi gap, bolaga bog’cha haqida doim yaxshi gapiring.
«Pora berish»ning hech bir shaklidan foydalanmang! O‘zini yaxshi tutganligi evaziga multfilm tomosha qilishga ruxsat berish, sovg‘a yoki shokolad olib berish kabi usullar vaqt o‘tishi bilan sizga qarshi ishlay boshlaydi. Bola tez vaqt ichida sizni boshqarishni o‘rganib oladi va istagan narsasini o‘zini yaxshi tutish yoki injiqlik qilish orqali qo‘lga kirita boshlaydi. Ha, bu kabi holatlar ko’pchilik ota-onalarning boshlariga tushib turishi aniq.?!
Farzandingiz bilan kun qanday o‘tganligi haqida albatta, suhbatlashing. Uyga qaytayotib va uyda kun qanday o‘tganligini muhokama qiling. Bolangizning bog‘chaga borayotganligidan faxrlanishingizni bildiring. Birgalikda buvi, buvasi yoki do‘stlaringizga qo‘ng‘iroq qilib, quvonchli hodisa haqida so‘zlab bering. Agar farzandingizning bolalar bog‘chasiga moslashib ketishi juda qiyin kechsa, uning tarbiyachisi yoki bolalar psixologi bilan bu borada maslahatlashing.
Yuqoridagi tavsiyalarimiz siz va farzandingiz hamda bog’cha va tarbiyachilar o’rtasidagi qiyinchilikni yumshatishida foyda beradi. Bu bir hudud yoki bitta bog’cha, birgina Bolani kuzatish orqali kelib chiqqan gaplar emas, bu ko’pgina kuzatishlar va tajribalilarning tajribalaridan kelib chiqqan xulasalaridir.
Marjona NORBEKOVA,
O’zbekiston-Finlandiya Pedagogika instituti talabasi tayyorladi.