Samarqandda suv omborida yoriqlar paydo boʻlgani haqidagi xabar yolg’on bo’lib chiqdi

Samarqanddagi suv omborida yoriqlar paydo boʻlgani haqidagi yolgʻon video tarqatgan fuqarolar jazolandi.

Ular jamoat tartibiga hamda xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborotni tarqatganlikda ayblanib sud qilindi.

Joriy yilning 13-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Ishtixon tuman sudida MJtKning 2022-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda gumon qilingan J.H. va M.P.ga oid ish koʻrib chiqildi.

Aniqlanishicha, J.H. joriy yilning 10-yanvar kuni “Oqdaryo” suv omborining janubiy-gʻarbiy qismi qirgʻogʻida suv ombori ishchi xodimlari tomonidan joriy taʼmirlash ishlarini olib borilayotganligini oʻzining telefon apparatiga video tasvirga olib, unda “Mana Ishtixon tumani suv omborida suv toshib ketishiga oz qoldi, suv omboram ketay dedi” deb, 2025-yil 10-yanvar kuni soat 19:00 atrofida M.P. bilan birgalikda ushbu jamoat tartibiga hamda xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborotni, yaʼni video tasvirini ijtimoiy tarmoqlar orqali turli guruh va kanallarga joylashtirib tarqatishganligi aniqlanib, ularga nisbatan MJtKning 202-2-moddasi 2-moddasida koʻrsatilgan huquqbuzarlik yuzasidan bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

J.H. va M.P.larning mazkur huquqbuzarlikni sodir etishganlikdagi ayblari oʻzlarining sud majlisidagi koʻrsatuvlari, dalolatnoma, tushuntirish xatlari hamda ishda toʻplangan boshqa obyektiv dalillar yigʻindisi bilan toʻliq oʻz tasdigʻini topgan.

Sud hukmiga koʻra, J.H. va M.P.lar MJtKning 2022-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va ularga nisbatan BHMning 20 baravari miqdorida yaʼni 7 500 000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.