«Otanga bor, onanga bor» – kafilligidan bexabar otaxon Xalq bankidan «aziyat» chekyapti

«Otanga bor, onanga bor» – kafilligidan bexabar otaxon Xalq bankidan «aziyat» chekyapti

«Otanga bor, onanga bor» — Paxtachida bankirlar mijozlarni sarson qilishyaptimi?

Bloger Otabek Artikov sahifasini ko’pchilik kuzatsa kerak. Yaqinda unda Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidan bir murojaat e’lon qilindi.

Unda tumandagi Xalq bankidan bir fuqaroning kredit rasmiylashtirgani, ammo buning oylik to’lovlari borasidagi muammolar mijozlarni ovvora-yi sarson qilayotgani vaj qilingan.

Kreditga kafil qilib tanishining otasi biriktirilgan. Qizig’i, kafilning o’zi bundan xabarsiz.

Xabar davomida keltirilishicha, 2022-yilda bexabar kafildan 5 mln 300 ming so’m pul yechib olingan. Keyinchalik yugur-yugurlar sabab bu zarar fuqaroga qoplab berilgan va boshqa bunday xatolik bo’lmasligi aytilgan.

Vaholanki, 2024-yilda otaxonning plastik kartasidan yana pul yechishgan.

Bechora fuqaro Xalq bankiga borgan, bank IIBga borishini aytgan. IIBga borsa, prokuratura xulosa berishi kerakligini aytishgan. Prokuraturaga borsa, yana IIBga yuborgan. Qarabsizki, ortada otaxon sarson va sargardon.

Bu holat yuzasidan Xalq banki matbuot xizmati quyidagicha munosabat bergan:

«Fuqaro Boboqosimova Maftuna Otaniyozovnaga 09.12.2020 yilda kredit mablag‘i ajratilgan.

Kreditni qaytarilishini ta’minlash maqsadida S.Yu hamda Uraqov Dilmurod Tursunovichlarning kafilligi olingan. Bank tomonidan 09.12.2020 yildagi №624-sonli kafillik shartnomasi tuzilgan va kafillik shartnomasi fuqaro Uraqov Dilmurod tomonidan imzolangan. Tuzilgan kafillik shartnomasidagi imzolarga shubha paydo bo‘lgan taqdirda imzoni haqiqiy yoki haqiqiy emasligi bo‘yicha fuqaro huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat qilish huquqi borligi tushuntiriladi.»

Ammo menda savol tug‘ildi.

Agar bank imzo sohtaligini bilmasa va bu ularning vakolatiga kirmasa nega 2022-yilda xalq banki tomonidan kafil deya belgilangan Uraqov Dilmurodga 5 mln 300 ming so‘m zarar qoplab berilgan?

Ushbu savolga Xalq banki matbuot xizmati:

«Kredit chiqargan odam ham, o‘sha 2022-yilda zararni to‘lab bergan odam ham ishdan bo‘shab ketgan. Ular nimaga to‘lab bergani bizga qorong‘u» – demoqda.

Artikov holat bo’yicha «nega fuqaroga 2022-yilda zarar qoplab berilgani va bunga asos nimaligi, nega yana 2 yil o’tgach bexabar kafildan qayta pul yechilgani bo’yicha savollarni o’rtaga tashlagan.

«MUHIM24.UZ» tahririyati ham bu holatga jim qarab turmaslik maqsadida, avvalo, Xalq banki mutasaddilaridan aniq javob qaytarishlarini hamda Paxtachi tumani IIB va tuman Prokuraturasidan holatni o’rganib, munosabat berishlarini so’rab qoladi.

Shuningdek, agar bu holatga Adliya bo’limi ham aralashib, fuqaroning huquqlari ta’minlanishida ko’mak berishsa, holat tezroq yechib toparmidi?