“Pulni savatga qoʻy va ketaver” – IIB xodimlari Registonga borgan sayyohdan 50 ming soʻm soʻradi.
Registonga borgan koreyalik sayyoh tarixiy joyga kirish uchun bilet qayerda sotilishini Ichki ishlar xodimlaridan soʻragan. Ular sayyohdan 50 ming soʻm soʻrab, pulni devor orqasida turgan ishlatilmayotgan chiqindi qutilari ichiga qoʻyishni aytgan. Xodimlardan biri ishdan boʻshatilgan.
Koreyalik sayyoh Park Jun Hei YouTubeʻdagi “Deno trip” kanalida Samarqandga qilgan safari haqida video joylagan. Unda sayyoh tarixiy joyga kirish uchun bilet izlab yurganda 2 nafar ichki ishlar xodimini uchratgan. Xodimlardan biri undan 5 ming dollar soʻragan. Sayyoh pul miqdorini aniqlashtirish uchun 50 ming soʻmmi deb qayta soʻragan. Xodimlar shu raqamni tasdiqlagan. “Pulni ishlatilmayotgan savat ichiga qoʻyib ketaver”, – degan ikkala xodim ham sayyohga devor orqasida turgan bir nechta yashil chiqindi qutilarini koʻrsatib. Video 2024-yilning 14-sentyabrida joylangan.
Sayyoh koʻrsatilgan joyga oʻzbek soʻmlarini qoʻyib ketgan, soʻngra koreys tilida “Ular pora oldi”, – degan.
Kun.uz holatni aniqlashtirish uchun Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbaridan maʼlumot oldi. Unga koʻra, xodimlardan biri ishdan boʻshatilgan. Ikkinchi xodim haqida maʼlumot berilmadi.