MAHALLIY, SURXONDARYO //MUHIM24: Surxondaryoda pora bilan ushlangan hokim yordamchisiga axloq tuzatish jazosi berildi. U fuqaroga 33 mln so‘mlik imtiyozli kreditdan ikki marta olib berishni va’da qilgan.
Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida fuqaroga imtiyozli kredit olib berish evaziga pul talab qilgan hokim yordamchisiga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda «Zamon» dasturida xabar qilindi.
Ma’lum qilinishicha, tumandagi Yakkaterak MFYda ishlagan hokim yordamchisi fuqaroga 33 mln so‘mlik imtiyozli kreditdan ikki marta (jami 66 mln so‘m) olib berishni va’da qilgan.
Buning evaziga undan 4,5 mln so‘m olgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tezkor tadbir davomida hokim yordamchisi tumandagi ma’muriy binolardan birida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan sud ishi JIB Qiziriq tumani sudida ko‘rib chiqildi.
Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi JKning 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan aybli deb topilib, unga JKning 45-moddasiga qo‘llanilib, 2 yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, oylik ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolingan holda, 2 yil muddatga axloq tuzatish jazosi tayinlandi.