Komil Allamjonov unga suiqasd uyushtirishda ishtirok etganlarga sud hukmi o‘qilganidan so‘ng voqea bo‘yicha Telegram kanalida post qoldirdi.
«Katta oyim rahmatlik har doim duo qilganlarida, o‘t balosidan, suv balosidan, quruq tuhmatdan Allohning o‘zi asrasin derdilar. O‘tgan 5 oy ichida o‘zimdan o‘tgani faqat o‘zimga, oilamga, eng yaqinlarimga ayon. Haqiqat egilganda egilib, bukilgandayam ikki bukilib baribir sinmadi, u baribir yuzaga chiqdi. Yuzaga chiqadi ham», — deya yozdi u.
«Allohga ming shukur. Bandasidan qochganlar Yaratgandan qocholmaydi. Hali oldinda qiladigan ishlar, yana ko‘p sinovli kunlar bor. Ilohim bularning hammasidan yorug‘ yuz bilan o‘tish nasib qilsin! Alloh hammamizning omadimizni bersin», — deya postini tugatgan Allamjonov.
Eslatib o‘tamiz, 26 oktyabrga o‘tar kechasi Qibray tumanida temir yo‘l kesishmasi yaqinida ikki noma’lum shaxs Komil Allamjonov o‘tirgan Range Rover rusumli avtomobilga bir necha marta o‘q uzgan va voqea joyidan qochib ketgan. Haydovchi va sobiq amaldor jarohat olmagan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97 (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) hamda 248 (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.