Tumanimizda 2023-yil hosili uchun fermer va dexqon xo‘jaliklari tomonidan 6 254 gektar maydonda kuzgi g‘alla ekilib parvarish qilinmoqda. Shuni ham e’tiborga olish kerakki, g‘alla maydonlarida ko’plab begona o‘tlar uchraydi va ular g‘alla hosiliga jiddiy zarar yetkazadi.
Begona o‘simliklar — odamlar ekmaydigan, ammo ekinlar orasida o‘sib, ularga zarar yetkazadigan, ma’lum bir maydonda o‘sishi maqsadga muvofiq bo‘lmagan o‘simliklar. Begona o‘simliklar madaniy o‘simliklar hosilini kamaytirib, qishloq xo`jaligiga katta zarar yetkazadi.
Bir yillik ikki pallali begona o‘tlar (jag‘-jag‘, yovvoyi sabzi, yulduzo‘t, olabuta, ituzum, bangi-devona, ismaloq, lolaqiz-g‘aldoq, raps, chumchuqtil, sho‘ra, moychechak va boshqa)ga qarshi tribenuron-metil asosli preparatlar gektariga 20 gr hisobida preparatlar qo‘llanadi. OVX va shtangali purkagich bilan sepilganda, 1 gektar maydonga 20 gramm preparat hisobida 600 litr suvga 40 gramm miqdorda qo‘shib, 2 gektar maydonda ishlov o‘tkaziladi.
Motorli qo‘l purkagichi bilan sepilganda, 10 litr suvga 0,5 gramm hisobida qo‘shib 2,5 sotix maydonga qo‘llanadi. Ko‘p yillik ikki pallali begona o‘tlar (qo‘ypechak, otquloq va boshqalar)ga qarshi fluroksipir asosli preparatlar gektariga 0,75-1,0 litr hisobida, Flumetsulam+florasulam asosli preparatlar gektariga 0,05 – 0,06 litr hisobida; tribenuron metil+tifensulfuronmetil asosli preparatlar gektariga 30 gr hisobida preparatlar qo‘llanadi. OVX va shtangali purkagich bilan sepilganda, 1 gektar maydonga 0,5 litr preparat sarfi hisobida 600 litr suvga 1 litr miqdorda qo‘shib 2 gektar maydonga qo’llash tavsiya etiladi.
Motorli qo‘l purkagichi bilan 10 litr suvga 12,5 ml hisobida qo‘shib 2,5 sotix maydonga qo‘llash kerak.
Boshoqli begona o‘tlar (yovvoyi suli)ga qarshi kurash
Klodinafop-propargil asosli preparatlar gektariga 0,3- 0,4 litr hisobida, Klodinafop, 24 foiz em.k., va boshqa singari gerbicidlar 0,15 l/ga me’yorda qo’llash tavsiya etiladi.
OVX va shtangali purkagich bilan ishlov o‘tkazilganda 1 gektar maydonga 0,4 litr preparat sarfi hisobida 600 litr suvga 0,8 litr miqdorda qo‘shib 2 gektar maydonga qo‘llash maqsadga muvofiq. Motorli qo‘l purkagichi bilan 10 litr suvga 10 ml hisobida qo‘shib, 2,5 sotix maydonga qo‘llash lozim.
Bir yillik ikki pallali va boshoqli (raygras) begona o‘tlarga qarshi kurash.
Mezosulfuron-metil, 3 foiz + yodosulfuron-metil, 0,6 foiz ta‘sirchan moddali gerbicidlarni gektarig 0,25-0,3 l/ga me’yorda qo’llash tavsiya etiladi. OVX va shtangali purkagich bilan 1 gektar maydonga 0,3 litr preparat sarfi hisobida 600 litr suvga 0,6 litr miqdorda qo‘shib 2 gektar maydonga qo‘llash tavsiya etiladi. Motorli qo‘l purkagichi bilan 10 litr suvga 7,5 ml hisobida qo‘shib 2,5 sotix maydonga qo‘llash lozim.
Kimyoviy preparatlarning ishchi eritmalarini tayyorlash uchun avvalo purkagich apparatlari bakining taxminan yarmiga qadar toza suv qo’yiladi va gidroaralashtirgich ishga tushiriladi. Oldindan tayyorlab qo‘yilgan (o‘lchab qo‘yilgan) kimyoviy preparat miqdori o‘lchov idishiga (chelakka) solinadi va unga 5-7 litr suv quyib aralashtirib birlamchi eritma tayyorlanadi va purkagich bakiga quyiladi. Shundan so‘ng kimyoviy preparat qoldig‘i yana 2-3 marotaba chayilib bak sig‘imiga quyiladi va suv bilan to‘ldiriladi.
Kimyoviy preparatlar purkash ishlarini traktor purkagichlari (OVX-600, VP-1, shtangali va boshq.) yordamida gektariga 200-300 litr ishchi eritmasi sarflab o‘tkazish maqsadga muvofiq. OVX va shtangali purkagich nakonechnigi uchi 2 mm, ikkinchi (6-7 km/soat) tezlikda, 2-2,5 ATM/bosimda 45graducli gradusli burchak ostida purkashni ta’minlash lozim. Kimyoviy preparatlarni ertalabki va kechki paytlarda ishlatish, bunda havo ochiq, harorat 14 – 20°S atrofida bo‘lishi, shamolning tezligi sekundiga 3 m dan oshmasligi kerak.
O`simliklar karantini va himoyasi inspeksiyasi Paxtachi tuman bo’limi